Klaster korxonasi 1 milliard 250 million so‘m qarzni ixtiyoriy to‘ladi

Majburiy ijro byurosi Kattaqo‘rg‘on tumani bo‘limi ish yurituvida Kattaqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudining qarzdor "Kattakurgan cluster" mas’luiyati cheklangan jamiyatidan undiruvchi "Hududiy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati foydasiga 1 214 211 431,2 ming so‘m asosiy qarz, 12 584 921,9 ming so‘m penya, 34 ming so‘m pochta xarajatlari hamda 25 962,2 ming so‘m davlat boji undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari kelib tushgan.

Ushbu hujjat bo‘yicha shu kuniyoq O‘zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 23-moddasiga asosan ijro ishi qo‘zg‘atilib, qarzdorga talablarni ixtiyoriy bajarish uchun 15 kunlik muddat belgilangan.

Ijro harakatlari davomida yuqoridagi qonunning 87-moddasiga asosan “MIB-portal” dasturi orqali qarzdorning nomida rasmiylashtirilgan mol-mulklarni aniqlash maqsadida mutasaddi tashkilotlarga so‘rovnomalar yuborilgan. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, qarzdorning egaligida undiruvga qaratilishi mumkin bo‘lgan mulklari va boshqa daromadlari hamda barcha hisob raqamlariga band solingan.

Natijada "Kattakurgan cluster" MChJ 4 kun ichida elektr ta’minoti korxonasi foydasiga jami 1 milliard 252 million so‘mdan ziyod qarz to‘lovlarini amalga oshirib, MIBga to‘lov hujjatlarini taqdim etdi.

Jasurbek Rahmonov, MIBning Kattaqo‘rg‘on tumani bo‘limi davlat ijrochisi.