Ko‘chada niqobsiz, mast-alast, baqir-chaqir qilib yurgan fuqarolar qamoqqa olindi

Karantin qoidalariga qat’iy amal qilish har bir fuqaroning burchi. Bunda fuqarolar nafaqat o‘z sog‘lig‘ini asraydi, balki keng tarqalayotgan koronavirus infeksiyasini jilovlashga hissa qo‘shadi.

Kecha, 19 aprel kuni soat 19:00 da Samarqand shahri, Forobiy ko‘chasida karantin qoidalariga rioya etmasdan, niqobsiz, mast holatda yurgan fuqaro M.T.ga Samarqand shahar IIO FMB xodimlari niqobsiz yurganiga aniqlik kiritmoqchi bo‘lganlarida ularning qonuniy talablarini bajarmasdan, baqir-chaqir qilib qarshilik ko‘rsatgan.

Yana bir fuqaro A.J. esa Samarqand shahar, Chuquryo‘l ko‘chasida joriy yilning 17 aprel kuni soat 15:30 da maqsadsiz, mast holatda, niqobsiz, jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimasdan, ko‘chada baqir-chaqir qilib, odamlar tinchligini buzgan holda yurganligi aniqlanib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Samarqand shahar ma’muriy sudi tomonidan huquqbuzar A.J.ga O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 54-moddasi 1-qismi, 183-moddasi va 194-moddasi 1- qismi bilan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi, huquqbuzar M.T.ga O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 54-moddasi 1-qismi, 195-moddasi va 194-moddasi 1- qismi bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Orif PARDAYeV,

Samarqand shahar ma’muriy sudi raisi.