Ko‘chat ekish ishlari boshlanmagan bir qator tumanlar hokimlariga qat’iy ogohlantirish beriladi: ro‘yxatda Samarqanddan ham ikkita tuman bor
“Bir hafta oldin o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha barcha masalalar tuman darajasida birma-bir tushuntirib berilgan edi” deyiladi Prezident matbuot kotibi xabarida.
“Mutasaddilar loyihani amalga oshirishda qo‘shib yozish, raqamlarni bo‘rttirib ko‘rsatish, ishlarni pala-partish bajarishga yo‘l qo‘ymaslik haqida qat’iy ogohlantirildi.
Bugungi kunga qadar Qoraqalpog‘iston, Namangan, Toshkent viloyati va Toshkent shahri ishga faol kirishgani, lekin Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida daraxt ekish reja ko‘rsatkichlaridan ancha ortda qolayotgani ta’kidlandi.
Shu bilan birga Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Tomdi, Do‘stlik, Arnasoy, Forish, Yangiariq, Sherobod, Termiz, Muzrabot, G‘uzor, Kitob tumanlarida ko‘chat ekish ishlari haligacha boshlanmagan. Ushbu tuman hokimlariga qat’iy ogohlantirish beriladigan bo‘ldi”.