Ko‘chmas mulk uchun ijara shartnomasi: Soliq organlarida qulay, oson va tez amalga oshadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25 maydagi « Nizolarning oldini olishga qaratilgan institut sifatida notariat tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2019 yil 1 yanvardan boshlab ijara shartnomalarini soliq organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibi o‘rnatildi va ko‘chmas mulkni ijaraga berish shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash talabi bekor qilindi.

Davlat soliq qo‘mitasining qaroriga muvofiq “Ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibi” ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra, ijaraga beruvchi va ijaraga oluvchi o‘rtasida ikki tomonlama shartnoma tuzilishi va u soliq organlarida hisobga qo‘yilishi lozim.

Shartnomani hisobga qo‘yish uchun soliq organlari tomonidan hech qanday haq olinmaydi.

Hisobga qo‘yish ikkita usulda amalga oshiriladi.

  1. Davlat soliq qo‘mitasining my.soliq.uz elektron soliq xizmatlari portalidagi soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga joylashtirilgan “Ijara shartnomalarini hisobga olish” interaktiv xizmati orqali yoki,
  2. jismoniy shaxsning doimiy yashash, yuridik shaxsning davlat ro‘yxatidan o‘tgan joyidagi soliq inspeksiyasiga tashrif buyurgan holda.

2019 yil 1 yanvardan boshlab fuqarolarga va tadbirkorlik sub’yektlariga qulaylik yaratish maqsadida Davlat soliq qo‘mitasining my.soliq.uz portalida “Ijara shartnomalarini hisobga olish” interaktiv xizmati joriy qilindi.

Buning uchun ijaraga beruvchida elektron raqamli imzo (ERI) bo‘lishi va xizmatni tanlab, hisobga qo‘yish bo‘yicha so‘rovnomani to‘ldirib, unga o‘zining pasporti hamda ijara shartnomasining elektron nusxasini biriktirib “Jo‘natish” tugmasini bosishi kifoya.

E’tiborlisi, xizmatga ERI orqali kirilganligi uchun so‘rovnomaning ijaraga beruvchiga tegishli bandlari avtomatik tarzda to‘ldiriladi.

 

Ijara shartnomasi hisobga qo‘yilgandan keyin, ijaraga beruvchiga shartnoma hisobga qo‘yilganligi to‘g‘risida Bildirishnoma va joriy yil uchun hisoblangan daromad solig‘ini to‘lash bo‘yicha to‘lov xabarnomasi taqdim etiladi.

Natijada, ko‘chmas mulkni ijraga berishdan olingan daromadlar bo‘yicha dastlabki deklaratsiyani taqdim etish talab etilmaydi.

Davlat soliq qo‘mitasi jamoatchilik

bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi.