Kofirqal’a yodgorligi e’tibordan chetda emasmi?

Kofirqal’a shaharchasi Darg‘om kanalining chap qirg‘og‘ida, Afrosiyobning janubiy tomonida, Samarqand shahridan 18 kilometr olisda joylashgan. Qadimiy shaharning umumiy maydoni 16 gektar bo‘lib, ark, shahriston va raboddan iborat.

Ark kvadrat shaklida bo‘lib, balandligi 25 metrni tashkil etgan. Shahriston ham to‘rtburchak shaklida bo‘lib tomonlari 360 metrdan. Rabodning katta qismi hozirda ekin maydoniga aylantirilganligi uchun uning aniq hajmi noma’lum. Ushbu yodgorlikda 1991 yildan buyon dastlab Ya.G‘ulomov nomidagi Arxeologiya institutining arxeologik otryadi, so‘ngra O‘zbekiston-Italiya xalqaro qo‘shma ekspeditsiyasi, hozir esa O‘zbekiston-Yaponiya xalqaro qo‘shma ekspeditsiyasi olimlari hamkorlikda qazishma olib bormoqda.

Qariyb o‘n yildan ortiq vaqt mobaynida Arkning ichidan ayvon, hashamatli zal, hukmdor o‘tirishiga mo‘ljallangan taxtxona va boshqa inshootlar o‘rganildi. Qazishmalar jarayonida Arkning ichi nihoyatda boy va rang-barang yog‘och o‘ymakorligi bilan bezatilgani ma’lum bo‘ldi. Ularda inson shakllari bilan birga har xil o‘simliklar va nafis geometrik naqshlar ham ishlangan.

Kofirqal’a Arkining birinchi qurilish davrini qazish paytida juda ko‘plab noyob osori-atiqalar qo‘lga kiritildi, - deydi Samarqand arxeologiya instituti ilmiy xodimi Navro‘z Alimov. - Shulardan biri loydan yasalgan bulla, ya’ni hukmdor yoki amaldor muhrining loydagi nusxasidir. Qofirqal’adan topilgan bullalarda odamlar tasviri, hayvonlar va qushlar tasviri, tamg‘a yoki har xil geometrik tasvirlar tushirilgan. Odam boshi tasvirlangan bullalarda yozuv bitilgan bo‘lib, tasvir anchayin aniq ifodalangan. Ushbu bullalarni tahlil qilgan olimlarning fikricha, bu tasvirlarda hukmdor, vazir va yirik amaldorlarning qiyofasi aks ettirilgan.

VII-VIII asrlarda Samarqand Sug‘dida yashagan ajdodlarimiz dunyoning turli tomonlaridagi hukmdorlar bilan elchilik, siyosiy, madaniy va iqtisodiy aloqalar olib borgan. Pokistondagi Peshovar shahrida o‘tkazilgan arxeologik qazishmalar jarayonida bir noyob bulla topilgan edi. Fransuz arxeologlari ushbu bulla aynan Samarqanddan, Kofirqal’adan jo‘natilgan, degan xulosaga kelgan.

Kofirqal’adan topilgan yog‘och panno – Sug‘d san’atining noyob namunasi hisoblanadi. Panno ikkita keng va qalin taxtani temir mixlar bilan o‘zaro birlashtirishdan hosil bo‘lgan. Pannoning sirtida har xil liboslarda, qo‘llariga turli xil asboblar, buyumlar va sovg‘a-salomlar  ushlab olgan yuzlab odamlarning shakllari o‘yib ishlangan. Ushbu kompozitsiyaning asosiy syujeti – ma’budaga sig‘inish, sovg‘a-salomlar ehson qilish sahnasidan iboratdir. Tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, Kofirqal’a arki VIII asrning boshlarida yoqib yuborilgan. Shu tariqa juda boy va rang-barang devoriy suratlar, yog‘och o‘ymakorligi bilan bezatilgan saroy, dunyoning turli tomonlaridan olib kelingan noyob hujjatlar, yozishmalar yo‘qolgan. Kofirqal’a VIII asrning boshlarigacha Samarqand hukmdorlarining shunchaki oddiy qarorgohi bo‘lmay, balki bu yerda alohida umumdavlat ahamiyatiga molik tantanalar, marosimlar, bayramlar hamda qabullar o‘tkaziladigan muhim maskan bo‘lgan.

Yaqinda yurtimizga kelgan Italiya prezidenti Samarqandda ham bo‘ldi, - deydi N.Alimov. - Ushbu tashrif davomida Registonda ko‘rgazma tashkil etildi. Ko‘rgazmada Kofirqal’adan topilgan noyob tarixiy buyumlar ham o‘rin oldi. Bular martabali mehmonning e’tiborini tortib, Italiya va O‘zbekiston arxeologlari olib borayotgan qazishma ishlarini qo‘llab-quvvatlashini va kelajakda, albatta, ushbu qadimiy arkka borish maqsadi borligini bildirdi. Bugun ko‘pchilik xorijliklarning ham e’tiborini tortayotgan ushbu yodgorlikni alohida saqlash, uni ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirish va shu orqali ilk o‘rta asrlardagi Samarqand hukmdorlari saroyining asl holatini sayyohlarga namoyish qilish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Shu o‘rinda bir narsani alohida ta’kidlash lozim. Qadimiy shaharning shahriston qismida ham yaponiyalik arxeologlar bilan qazishma ishlar olib borildi. Ammo ushbu qazishmalarni qishning yog‘in-sochinli kunlarida himoyalash uchun qazilgan hududlardagi tarixiy topilmalarning ustini yopish, hech bo‘lmaganda vaqtinchalik ayvonlar qurilishi lozim. Aks holda qazilgan hududlardagi ochiq qolgan joylarda ming yillardan buyon saqlangan qadimiy devorlar va tarixiy ashyolar asl holatini va tarixiy ahamiyatini yo‘qotishi mumkin.

Sulaymon Mardiyev,

Baxtiyor Mustanov (foto).