Ko‘kgumbaz tajribasi o‘rganildi

Jomboy tumanidagi Ko‘kgumbaz mahallasida “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimotiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Mazkur mahalla misolida tuman prokurori boshchiligidagi ikkinchi sektor hududida aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlami, “daftar”larda ro‘yxatda turgan, bandligi ta’minlanmagan fuqarolar bilan ishlash borasida olib borilayotgan ishlar tahil qilindi.

Tuman hokimi Q.Sobirov, Respublika Bosh prokurori o‘rinbosari Sh.Aminov va Samarqand viloyati prokuraturasi mas’ullari mahallada sektor tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Ikkinchi sektor hududidagi mahallalarda 2370 nafar fuqaro ijtimoiy daftarlarga kiritilgan. O‘rganish va xatlov jarayonlarida ularning 1120 nafarining bandligi ta’minlanmagani va ular ishlash istagida ekanligini bildirgan. Shundan kelib chiqib, 35-umumta’lim maktabining qo‘shimcha binosida kasb-hunarga o‘rgatish maskani tashkil etilgan. Bu yerda oshpazlik, qandolatchilik, tikuvchilik, ayollar sartaroshligi, duradgorlik yo‘nalishlarida ayollar va yoshlar saboq olishmoqda.

– Muassasamizda 63 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan, shuningdek, 34 nafar yoshlar kasb-hunarga o‘rgatilmoqda, – deydi markaz direktori o‘rinbosari G.Ahmedova. – Bu yerda kasb-hunar o‘rganayotgan shaxslar kelgusida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, o‘zini o‘zi band qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Seminar doirasida turli madaniy dasturlar, ijtimoiy aksiyalar o‘tkazildi. Mahalla aholisi uchun tibbiy ko‘rik, bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etildi.

Davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida bunyod etilgan zamonaviy mahalla markazi ko‘kgambazliklar uchun chinakam sovg‘a bo‘ldi. Ikki qavatli binoda maishiy xizmat ko‘rsatish va savdo shoxobchalari ham tashkil etilgan.

G‘.Hasanov,

O.Odilov (foto).