Kollejni o‘qib tugatganlar qayerda ishlaydi?

Viloyat oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi tomonidan tarmoqda amalga oshirilayotgan ishlar hamda texnikumlar faoliyati bilan tanishtirish maqsadida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu va boshqa savollarga javob topildi.

Bugungi kunda viloyatda 73 ta professional ta’lim muassasalari faoliyat yuritib kelmoqda. Bular 37 ta kasb-hunar maktablari, 14 ta kollej va 22 ta texnikumlardir. Bu ta’lim muassasalarida 162 ta kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha jami 48 ming 706 nafar o‘quvchiga 3 181 nafar pedagog va ta’lim ustalari kasb-hunar sirlarini o‘rgatib kelyapti. 

- Kollejlar o‘rnida tashkil etilgan professional ta’lim muassasalarining har bir bitiruvchisining bandligi ta’minlanishiga alohida e’tibor qaratilyapti, - deydi viloyat oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Alisher Norboyev. – Ayrim bitiruvchilar ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ishlayotgan korxonalarda amaliyot o‘tash jarayonidayoq ishga joylashyapti. Ayrimlari esa texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlab, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha oliy o‘quv yurtlariga suhbat asosida o‘qishga qabul qilinyapti. Ahamiyatlisi, ular o‘qishni ikkinchi bosqichdan davom ettiryapti.

Professional ta’lim muassasalarining 19 ming 69 nafar o‘quvchisi 3079 ta korxona va tashkilotlarga nomma-nom, manzilli biriktirilib, ular bilan ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik shartnomalari imzolangan. 

Viloyatdagi 15 ta professional ta’lim muassasasi bilan 16 ta yirik ish beruvchi korxona va tashkilotlar o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. 

4 ta jamoat salomatligi texnikumlarida 2023 yilning aprel oyidan boshlab nemis tiliga o‘qitish kurslari tashkil etilgan. Bugungi kunda nemis tili kurslarida jami 78 nafar talaba tahsil olib kelmoqda. 

2022-2023 o‘quv yilida 19 ming 385 nafar bitiruvchidan 17 ming 87 nafarining bandligi ta’minlangan. 1584 nafar bitiruvchi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan. 

536 ta ish beruvchi korxona va professional ta’lim muassasasi o‘rtasida shartnomalar tuzilib, 2249 nafar dual ta’lim bo‘yicha o‘quvchilar va korxona (tashkilot) o‘rtasida shartnomalar rasmiylashtirilgan bo‘lib, 1341 nafar o‘quvchi korxona va tashkilotlarda ham kasb-hunar o‘rganib, ham ish haqi oladi. 

Matbuot anjumanidan keyin ishtirokchilar Samarqand turizm va madaniy meros texnikumi faoliyati bilan tanishdi.