Konchilar jurnalistlar huzurida bo‘lishdi
27 iyun – “Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni” munosabati bilan “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli Janubiy kon boshqarmasining ijodkor konchilari ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahrigada bo‘lishdi.
Safarni dastlab Go‘ri Amir maqbarasidan boshlashgan Janubiy kon boshqarmasi konchilari Samarqand gavhari - Registon maydonida ham bo‘lishdi.
- Registonda ko‘p bo‘lganman, - deydi laborant Durdona Norjigitova. - Bugun hamkasblarim bilan birga ushbu maskanni yana ziyorat qilish baxtiga muyassar bo‘lganimdan bag‘oyat xursandman. O‘zimni go‘yoki ertaklar olamiga tushib qolgandek his etyapman.
Konchilar shundan so‘ng viloyat hokimligining “Zarafshon” gazetasi tahririyatiga tashrif buyurishdi.
O‘zbekistonning otaxon nashri - “Zarafshon” gazetasi tahririyati bosh muharriri Farmon Toshev o‘z tahririyati misolida obuna hamda gazetani chiqarish jarayonlaridagi yutuq va qiyinchiliklar, har bir xodimga yuklatilgan vazifa va mas’uliyat haqida gapirdi.
- Adabiyot va publitsistikaga bolaligimidan ixlosmandman, - dedi 4-gidrometallurgiya zavodi elektromexanigi G‘ayrat Ravshanov. – Shuning uchun ham boshqa gazetalar singari “Zarafshon”ni ham muntazam o‘qib boraman. To‘g‘risi, gazetaning navbatdagi sonini tayyorlanish jarayoni, jurnalistlarning axborot to‘plashdek kundalik yumushlari, musahhih va muharrirlarning mas’uliyatli ishlari hamda fotomuxbir va gazeta sahifalovchisining yumushlarini bevosita ko‘zatishga guvoh bo‘laman, deb o‘ylamagandim. Bugun bularning barchasiga guvoh bo‘ldim.
Uchrashuv nihoyasida tahririyat ijodkorlari tomonidan konchilarga badiiy kitoblar to‘plami sovg‘a qilindi. Shundan so‘ng, Janubiy kon boshqarmasi xodimlari viloyat teleradiokompaniyasida bo‘lishdi. U yerda yaratilgan imkoniyatlar va zamonaviy tele-radion uskunalari, tasvirga olish, montaj va ovoz yozish ishlari bilan tanishishdi. Telejurnalistlar va konchilar o‘rtasidagi ijodiy hamkorlikning istiqboli, davr jurnalistlar oldiga qo‘yayotgan vazifalar masalalarida o‘zaro fikr almashdilar.
Dildora ATABAYeVA,
JKB axborot va ma’naviya-ma’rifat
guruh rahbari.