Konditsioner ostida doimiy o‘tirish kasallik keltirib chiqaradimi?

Konditsionerlar havoning kirishi va chiqishini ta’minlaydigan ventilyasiyasi bor xona va binolarga o‘rnatish uchun mo‘ljallangan. Bunday sharoitda ularning inson salomatligiga salbiy ta’siri kam bo‘ladi.

Bino yoki xonada ventilyasiya mavjud bo‘lmasa, konditsioner xona havosini bir necha marotaba qayta-qayta sovutadi va quritadi. Havo kislorod bilan to‘yinmaydi. Bu esa salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Konditsionerli xonada muntazam o‘tirib ishlaydigan xodimlar ust kiyimlariga ham e’tibor berishlari kerak. Ularning kiyimlari tabiiy matodan, o‘ziga namlikni yengil singdira oladigan bo‘lgani ma’qul.

Ko‘pchilik konditsionerlarda havoni tozalab beruvchi biofiltrlar o‘rnatilgan. Ularni har 3 oyda yangilanib turish kerak.

Unutmang, konditsionerda nafas tizimi infeksiyalarini ko‘zg‘atuvchi mikroorganizmlar to‘planib qolishi mumkin. Havo namlanishi va namlik darajasining pasayishiga vazifasini bajaruvchi havoni namlantiradigan uskuna qo‘yish lozim.

Oddiy maishiy konditsionerni vaqti-vaqti bilan (ayniqsa, qish mavsumida uzoq ishlatilmay yotganidan keyin) tozalash kerak. Unda to‘plangan changlar tozalagich (filtr)larga o‘tirib qoladi va shu holda ishlatiladigan bo‘lsa, xonaga changli havo tarqatadi. Bu esa har xil kasalliklar keltirib chiqaradigan bakteriyalar ko‘payishi uchun sharoit yaratadi.

Konditsionerda xavfli bakteriyalar, viruslar, chang kanalari va allergenlar mavjud. Allergiya, nafas siqish kasali borlar changli havodan nafas olsa, ahvoli yomonlashib qolishi mumkin.

Og‘ir pnevmoniya kasalligining keltirib chiqaradigan mikroblar ham turli sovutish vositalarini "yaxshi ko‘radi". Shunday ekan, konditsioner zararsiz ishlashi uchun uning tozaligiga ham e’tibor bering. Har uch haftada changyutgich yordamida konditsionerni tozalang yoki suvda yuvib turing. Shu kabi tavsiyalarga amal qilgandagina u sizning salomatligingizga ziyon yetkazmaydi.

Bu haqda tibbiyot fanlari nomzodi E’zozbek Rizayev ma’lumot berdi.