Ko‘ngillilar Rossiyada vafot etgan ayolning bolalariga 5 ming dollar yig‘ib berishdi

Bundan biroz avval Rossiyada yurak xuruji tufayli vafot etgan tojikistonlik Gulbegim Rahimovaning yetim qolgan bolalariga savobtalab ko‘ngillilar Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali 5 ming dollar mablag‘ yig‘ib berishdi.

Rahimovaning ikkita bolasi tom ma’noda yetim bo‘lib qolishdi. Ularning otasi avvalroq vafot etgan edi.

Hozir ularni bobosi va buvisi tarbiyalamoqda. Ammo Tojikiston sharoitida qariyalarga ikkita bolani boqish oson emas.

Ko‘ngillilar yig‘ilgan mablag‘ni kecha, 24 mayda bolalarning bobosiga topshirishdi.

Shuningdek, ushbu ish ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinishi ortidan savobtalab insonlar bolalarning bobosiga bolalar uchun uy qurib berish taklifi bilan ham chiqishdi.