"Ko‘nglimga orzular solgan qishlog‘im"
Shoir Ravshan Fayz ko‘p umr ko‘rmagan bo‘lsa-da, she’rlari bilan minglab qalblarni zabt etgan.
U 1959 yil 1 yanvarda Qo‘shrabot tumanidagi Qo‘ralos qishlog‘ida tug‘ilgan. 1986 yilda ToshDUning o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.
Shoirning «Uxlayotgan odam», «Tashrif», «Kel, ey ko‘nglim», «Men shamolni tutvoldim» she’riy to‘plamlari nashr etilgan.
1995 yil 30 avgustda Toshkent shahrida avtohalokat tufayli vafot etgan.
***
Qishloq sog‘inchi
Ey ota yurt, ey tug‘ishgan el,
Men bir o‘smir, men bitta gulni,
Orzu-havas degan tanti el
Qay bir bahor bag‘ringdan yuldi.
So‘ng taqdirga rahmatlar aytib,
O‘shal yuksak orzumga yetdim:
Tinim bilmas devona, daydi
Shamollarga aylanib ketdim.
Ulangandim yuragim bilan
Asli sening jonu jismingga.
Endi yana bu dunyo bir kam –
Orzuyim yo‘q, armonim mingta!
Endi tunlar yuragim og‘rir,
Sog‘inaman seni, qishlog‘im,
Dashtlaringni eslayman og‘ir,
Qoyalarga urilgan chog‘im.
Turib-turib keladi ko‘rgim,
Sen-chi, sen ham sado bergin, hoy.
Bilinarmi hali ham o‘rnim,
Og‘riydimi men yulingan joy?!
* * *
Ko‘nglimga orzular solgan qishlog‘im,
Olis-olislarda qolgan qishlog‘im.
Kelib qolarmi, deb har sahar, har shom
Ko‘zlari yo‘limda tolgan qishlog‘im.
Mening maqsadimdan ko‘nglim ko‘p to‘qdir,
Armon nishoniga tegmagan o‘kdir.
Orzuning izmida hamon hayotim,
Lekin bu yo‘llarning adog‘i yo‘qdir.
Aytgil, selmasmidi men tanlagan yo‘l,
Sayrga elmasmidi men tanlagan yo‘l.
Olis-olislarda ovoradurman,
Borsa-kelmasmidi men tanlagan yo‘l.
Ko‘zlari yo‘limda tolgan qishlog‘im…
* * *
Men yaxshi ko‘ryapman sizni tobora.
Tobora ko‘zimdan yitmoqda tuman,
Qarangiz, qisqarib boryapti ora,
Orada to‘siq yo‘q endi umuman.
Men yaxshi ko‘ryapman sizni kun sayin,
Kun sayin yaqindir diydoringiz, yor.
Yo‘llar ko‘p ravondir, havo ham mayin,
Mayin so‘nmoqdadir kosagul, alyor.
Men yaxshi ko‘ryapman sizni shunchalik,
Shunchalik muhimdir endi zor, dodim:
Xudoyim, ishqilib salomu alik
Umricha bo‘lsa bas, qolgan hayotim.
Men yaxshi ko‘ryapman sizni tobora…