Ko‘niya - Mavlaviylar shahri

“Shabi Arus” festivali tufayli Mavlaviylik tariqati asoschisi bo‘lgan pir va shoir, buyuk faylasuf Jaloliddin Rumiy qabrini ziyorat qilib, u zot yotgan shaharni tomosha qildik.

Quyida safar taassurotlari bilan tanishasiz.

Ko‘niya insoniyat taraqqiyoti beshigi sifatida tarixda muhim o‘rin tutgan qadimiy shahar. Ko‘niya haqidagi ilk bitiklar eramizdan avvalgi yettinchi ming yillikka oiddir. Demak Ko‘niyaning yoshi 9 ming yildan ortiq ekan. U Injilda Iso alayhissalomning shogirdlaridan biri Pavel qo‘nim topgan Ikonion shahri sifatida tilga olinadi.

1076 yilda Sulton Sulaymon Ko‘niyani saljuqiylar mamlakatining poytaxti, deb e’lon qiladi va shahar 1277 yilgacha Eron va Iroqni ham o‘zida jam qilgan saljuqiylar imperiyasining bosh shahri bo‘lib turadi. 200 yil davomida madaniyat markazi bo‘lgan bu shaharga din ulamolari, shariat peshvolari, fan va san’at nomoyandalari, hunarmandlar daryodek oqib kelgan. Ko‘niyada dunyoga mashhur olim va shoirlar Umar Hayyom, Sadriddin Ko‘nyaviy, Sulton ul orifin nomini olgan ulamo Bahovuddin Valad va Vavlaviya tariqati asoschisi Jaloliddin Rumiydek zotlar yashagan va ijod qilgan.

Rumiyning o‘g‘liga yuborgan nomasida shunday deyiladi: “Qara, Ko‘niyada amirlar, amaldorlar va soliqchilarga tegishli necha minglab uylar, qasrlar va saroylar bor. Savdogarlar va soliq yig‘uvchilarning uylari hunarmandlarning uylaridan baland, amirlarning uylari esa savdogarlarning uylaridan baland. Masjidlarning gumbazlari va sultonlarning saroylari boshqa barcha uylardan baland bo‘lgani kabi”.

Usmoniylar imperiyasi davrida Ko‘niya o‘zining mahobatini va shon-shavkatini saqlab qoldi. Dunyoning barcha darvishlariga poytaxt, mavlaviylar markazi bo‘lgan bu shaharga asrlar davomida ziyoratchilar oqib kelgan. Bu salkam ming yil davom etdi...

1925 yilda Turkiya prezidenti Mustafo Kamol Otaturk sultonlikni bekor qilib, so‘fiylar tariqatini, mavlaviylar faoliyatini ham cheklab qo‘ydi. Ayrim dong taratgan so‘fiylar qabri muzeyga aylantirildi. Jumladan, Rumiy hazratning maqbarasi ham 1927 yildan muzey, deb e’lon qilinib, barcha uchun ochib qo‘yildi.

Bugungi kunga kelib, Mavlono muzeyi Ko‘niyaning diqqatga sazovor joyigina emas, balki shaharning ramzi hamdir. Bugun barcha dinlarni barobar ko‘rgan, insonlarni yolg‘iz Allohning bandasi degan, din, mazhab ajratmagan Mavlono Jaloliddin Rumiyning qabrini ziyorat qilish uchun dunyoning turli mamlakatlaridan sayyohlar, ziyoratchilar yog‘ilib kelishmoqda.

1957 yildan xalqaro sayyohlarni ko‘proq jalb etish maqsadida faoliyati cheklab qo‘yilgan mavlaviylar, ya’ni islomiy qo‘shiqlarga raqs tushuvchi darveshlarning jamiyati qadimiy madaniyatni tiklash jamiyati shaklida qayta tashkil etildi. Bugun ana shu maftunkor raqsni tomosha qilish uchun ham sayyohlar Ko‘niyaga kelishadi.

Bugun ham Ko‘niya Turkiya davlatining diniy markazi hisoblanadi. Shaharda har yili an’anaviy Rumiyxonlik festivali o‘tkaziladi. Bu tadbirda Rumiy g‘azallari o‘qiladi, uning she’rlari bilan aytiladigan qo‘shiqlar kuylanadi, ilohiy qo‘shiqlar ohangida o‘nlab darvishlar raqsi samo‘ni ijro qilishadi. Soatlab bir joyda aylanib, raqsga tushadigan bu darveshlarni suratga olib, tasvirga olib charchashmaydi...

2007 yil buyuk mutasavvufning 800 yilligi nishonlandi va YuNESKO 2007 yilni Mavlono yili deb e’lon qildi. Shu yilgi Rumiyxonlik tadbirlarida bizning ham taniqli hofizimiz Sherali Jo‘rayev ishtirok etgan.

 Olovuddin tepaligi

Ko‘niyaga eng avval kelgan odamlar o‘rnashgan bu tepalik shaharning markazi hisoblanadi. Bu tepalikda Olovuddin Kayqubod masjidi va biz tarix va adabiyot kitoblarida o‘qigan saljuqiy hukmdorlardan Qilich Arslon, G‘iyosiddin Kayxusrav, Kaykovus, Kayqubod va boshqalar dafn etilgan maqbara bor.

Shamsiddin Tabriziy masjidi

Ko‘niya markazidagi Shamsiy bog‘ida Mavlono Rumiyning ustozi bo‘lgan, uning shoir sifatida shakllanishida juda katta o‘rin tutgan shayx Shamsiddin Tabriziy masjidi va uning ichida shayxning maqbarasi mavjud. Masjidga kirganimizda Shamsiddin Tabriziy qabrini ziyorat qiluvchilar ham oz emasligiga amin bo‘ldik.

Bu majmua qachon barpo qilingani ma’lum emas. Ammo u 1510 yilda ta’mirlangan va kengaytirilgan ekan.

Masjid tashqaridan qaraganda unchalik katta ko‘rinmaydi va e’tiborni ham tortmaydi. Ammo Shamsiddin Tabriziyning qabri juda hashamatli qilib jihozlangan.

Salimiya masjidi

Mavlono maqbarasi yonida qad ko‘targan va Usmoniylar me’morchiligining eng go‘zal namunalaridan biri bo‘lgan bu masjidning qurilishi Sulton Salim hukmronlik qilgan paytda, 1558 yilda boshlangan va 1587 yilda bitkazilgan. Bugungi kunda ham Salimiya masjidi aslidek saqlangan va jome’ masjidi sifatida faoliyat yuritmoqda.

Iplikchi masjidi

Bu masjid shunisi bilan diqqatga sazovorki, u saljuqiylar tomonidan bunyod etilgan eng dastlabki masjid bo‘lib, 1202 yilda qurilgan. Ko‘niyaga kelgan Jaloliddin Rumiyning otasi Bahouddin Valad eng avval ana shu masjidning hujrasiga tushgan, deyishadi. Masjid bugungi kunda ham asl holida musulmonlarga xizmat qilmoqda.

Aziziya masjidi

Bu go‘zal obida 1671-1676 yillarda Usmoniy sulton Muhammad IVning hisobchisi Mustafo Poshaning buyurtmasiga binoan barpo qilingan. Masjid savdo-sotiq qaynagan shahar markazida joylashgani uchun bugungi kunda ham u namozxonlar bilan gavjum. Masjidni boshqa yuzlab masjidlardan ajratib turadigan jihati uning bo‘rtma naqshli go‘zal minoralaridir.

Sadriddin Ko‘niyaviy masjidi

Masjid 1274 yilda o‘sha vaqtning eng buyuk shariat peshvolaridan biri bo‘lgan muhaddis Sadriddin Ko‘niyaviy sharafiga qurilgan. Uning maqbarasi ham shu yerda va u usti ochiq yagona maqbaradir.

Sadriddin Ko‘niyaviy 1207 yilda Malatiya shahrida tug‘ilib, 1274 yilda Ko‘niyada vafot etgan. Hadislarni yangicha sharhlagan ulamo Mavlononing tengdoshi bo‘lgan va ularning o‘rtasida katta do‘stlik, muhabbat va chuqur hurmat bo‘lgan.

Tovus bobo maqbarasi

Olovuddin Kayqubod zamonida Ko‘niyada yashab vafot etgan shayx Tovus Muhammad Al-Hindiyning maqbarasi Merama hududida joylashgan. G‘isht va toshlardan tiklangan oddiy usuldagi maqbara gumbaz bilan nihoya topgan.

Otashboz Yusuf Vali maqbarasi

Sakkiz qirrali, naqshli toshlardan barpo qilingan bu maqbara saljuqiylar zamonining eng klassik uslubida ishlangan. Maqbara o‘sha yili vafot etgan Vali uchun 1285 yilda qurilgan.

Yusuf Vali Ko‘niyaga Bahouddin Valad bilan birga kelgan va Mavlono Rumiyning tarbiyasi bilan shug‘ullangan. Shuningdek, u mavlaviylarning taomlanishiga ham mas’ul bo‘lgan. Darveshlarning ustozlarigina ana shu ishga tayinlangan. Bir kuni o‘tin qolmagani sababli o‘choqda olov o‘chayotganini ko‘rgan Yusuf Vali hazrat Mavlono qoshiga chiqib, odob bilan taom kechga qolishi mumkinligini aytadi. O‘tin qolmaganini sezgan Mavlono unga “O‘tin qolmagan bo‘lsa, o‘choqqa oyog‘ingni tiq”, deydi. Mavlononing xoh chin, xoh hazil gapini qonundek qabul qilgan Yusuf Vali oyoqlarini o‘choqqa tiqib o‘tiradi va olov gurillab yonib, qozondagi taom vaqtida tayyor bo‘ladi. Taomni mehmonlar qoshiga olib chiqqanida Mavlono unga olov bilan o‘ynashuvchi kishi sifatida xitob qiladi:

– Ey, mening otashbozim, xush kelibsan!

Shundan keyin Yusuf Valini hamma Otashboz deb chaqiradigan bo‘lishgan ekan.

“Sening tuzingdan totgan kishining dardi arisin!”, deya Mavlononing duosi ijobat bo‘lgani uchun to bugunga qadar Otashbozning ziyoratiga kelgan sayyohlarga Otashbozning oshxonasidagi tuzdan ulashadilar.

Inja Minorali masjid

Inja, ya’ni ingichka minorali masjid o‘zining boshqa masjidlardan shunisi bilan farq qiladiki, naqshlari masjid peshtoqiga chizilmagan, oyatlar bo‘yoq bilan yozilmagan. Hammasi toshlarni yo‘nib, toshlarga shakl berib yasalgan. Bunaqa katta mehnat va nozik san’at talab qilinadigan ish boshqa masjid yoki madrasalarda uchramaydi.

Bugungi kunda inja minorali masjid amaliy san’at muzeyi sifatida faoliyat yuritadi va binoda Ko‘niyaning turli joylaridagi arxeologik qazishmalarda topilgan osori-atiqalar, buyumlar, hattotlik namunalari jamlangan.

Buyuk Qoratoy madrasasi

Bu madrasa Olovuddin Kayqubod zamonida bunyod etilgan. Hukmdor ilm-fan, ma’rifatga katta e’tibor qaratgan va “Bizni faqat ilm, ma’rifatgina qutqara oladi va g‘olib qiladi”, deb hisoblagan. U dunyoning turli o‘lkalaridan olimu ulamolarni Ko‘niyaga taklif qilgan va ularga kerakli sharoitlarni yaratib berib, yosh avlodga ilm berish to‘g‘risida qayg‘urgan.

Ana shu zamonlarda qurilgan madrasaning bir jihati e’tiborimni o‘ziga tortdi: madrasa markazidagi hovuzga o‘ziga xos suv yo‘li, sopol quvurlardan suv kelib muttasil yangilanib turgan va suv xuddi shu yo‘l bilan chiqib ham ketgan. Mudarris suvning sekingina shildirashi tolibi ilmlarga xotirjamlik bag‘ishlaydi va ular ilmlarni tezroq va yaxshiroq o‘zlashtiradi, deb hisoblagan.

Buyuk Qoratoy madrasasi bugun muzey sifatida faoliyat yuritmoqda...

Ikki quyosh uchrashgan joy

Ko‘niyada ikki zabardast inson – Mavlono Jaloliddin Rumiy va u zotga ustozlik qilgan shayx Shamsiddin Tabriziylar uchrashgan joyni haligacha tabarruk joy sifatida e’zozlashadi va bu joyda o‘ziga xos bir yodgorlik o‘rnatishgan. Bu yodgorlik ikki buyuk zotning, ikki quyoshning uchrashuvini aks etdiradi...

Ko‘niyada Quyun o‘g‘li muzeyi, Hoji Hasan masjidi kabi yana yuzlab masjid va maqbaralar, madrasalar, ulug‘larga qo‘yilgan haykallar, yodgorliklar, arxeologiya va etnografiya muzeylari majud.

 Bugungi Ko‘niya

Bugungi kunda Ko‘niya sayyohlik rivojlangan shahar. Bu yerda xalqaro aeroport va temir yo‘l vokzali bor. Aeroportning o‘zidan Mavlono muzeyigacha maxsus avtobus xizmati joriy etilgan. Sayyohlar uchun qulayliq tug‘dirish maqsadida ko‘p qavvatli zamonaviy mehmonxonalar qurilgan. Shaharda faqatgina tilla buyumlar va taqinchoqlar bilan savdo qiladigan kattakon bozor, shuningdek, kumush taqinchoqlar sotiladigan rastalar, esdalik sovg‘alari, joynamoz, tasbehlar, turli o‘lchamdagi Mavlono Rumiy haykalchalari va u zot surati aks etgan minglab buyumlar, aylanib raqs tushayotgan darvishlar aks etgan behisob ashyolar sotiladigan minglab do‘konlar, milliy taomlar tayyorlanadigan yuzlab oshxonalar barpo qilingan. Darveshlar raqs kechalari uyushtiriladigan kafe va restoranlar doimo gavjum.

Yana bir narsa e’tiborimni tortdi. Bizda hamma joyda sotiladigan parvardani Turkiya bo‘yicha faqatgina Ko‘niyada tayyorlashar ekan va “Mavlononing shirinligi” nomini olgan bu shirinlik juda qadrli hisoblanib, sayyohlarning bu yerdan parvarda olib ketishi an’anaga aylangan. Men ham Istambuldagi tanishlarimga ozgina parvarda olib borgan edim, ular parvardani ko‘rganlaridan “Ko‘niyaga boribsiz-da?” deyishdi va parvardani avval ko‘zlariga surtib, so‘ng tanovul qilishdi.

Ko‘niyada mehmonxonalar juda ko‘p. Axtarsangiz hamyoningiz ko‘taradigani topiladi. Bir kecha uchun o‘ttiz liradan yuz yigirma liragacha to‘lashingiz mumkin (1 dollar 8 lira.) Ammo 10-17 dekabr kunlari oralig‘ida boradigan bo‘lsangiz, oldindan mehmonxona band qilib qo‘yishni unutmang! Aks holda boshpanasiz qolishingiz hech gap emas. Narxlar ham bu kunlarda kamida ikki barobar ko‘tariladi. Chunki har yili shu kunlarda an’anaviy Rumiyxonlik festivali – “Shabi Arus” bo‘lib o‘tadi.

Sayyohlarni jalb etadigan narsalardan yana Ko‘niyaning go‘zal ko‘llari, g‘or va sharsharalari.

Ma’lumot uchun, Ko‘niyada 1 million 300 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Bu yeda turklar, kurdlar, arablar, o‘zbeklar, qozoqlar, ruslar, chechenlar, afrikaliklar va suriyaliklar, afg‘onlar va boshqa millat vakillari yashashadi.

Istambuldan Ko‘niyaga har kuni bir necha marta uchadigan samolyotlarning chiptasi borish-kelish uchun 100 dollar atrofida. Shuningdek, Ko‘niyaga poyezdda va avtobusda ham borish mumkin, faqat avtobus o‘n soat yurishini unutmaslik lozim.

Ko‘niyada katta avtovokzal mavjud bo‘lib, u yerdan shahar markazigacha tezyurar tramvay ham qatnaydi.

Karimberdi TO‘RAMUROD,

Ko‘niya shahridan maxsus Zarnews.uz uchun.