Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasida

Joriy yilning 25 iyunidan mamlakatimizda “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi boshlandi.

Ayni paytda ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda, joylarda o‘tkazilayotgan uchrashuvlarda mazkur qonun loyihasi yuzasidan aholi o‘z munosabatini bildirmoqda. Deputat va senatorlar, siyosatshunoslar va olimlar tomonidan keng aholi qatlami ishtirokida tadbirlar tashkil etilib, konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarishlar mohiyati tushuntirilmoqda.

Jomboy tumani hokimligida o‘tkazilgan shunday uchrashuvda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shuhrat Abduhalimov ishtirok etib, konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar, konstitutsiyaviy qonun loyihasining ishlab chiqish jarayonlari haqida ma’lumot berdi.

Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli vazifalar, xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash kabi maqsadlar mamlakatimizdagi tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy-huquqiy makonni yaratish zaruratini yuzaga keltirgani ta’kidlandi.

– Xalqimiz tomonidan berilgan takliflar, shuningdek davlatimiz rahbarining Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda “insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerak” degan tamoyil asosida berilgan takliflardan kelib chiqib “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi tayyorlandi, – dedi Sh.Abduhalimov. – Unda Konstitutsiyamizning 60 dan ortiq moddasiga 200 dan ko‘proq tuzatishlar nazarda tutilgan. Bu o‘zgartishlar “inson-jamiyat-davlat” prinsipiga asoslangan bo‘lib, milliy konstitutsiyaviy o‘zlikni aks ettiradi va amaldagi Konstitutsiyamizning barcha bo‘limlariga tub o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutadi.

Konstitutsiyaviy tuzatishlar, avvalambor, jamiyatning turli ijtimoiy qatlamlariga mansub bo‘lgan fuqarolarning shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ekologik huquqlari hamda manfaatlarini ta’minlashga, himoya qilishga qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan normalarga aylanadi.

Uchrashuvda Konstitutsiyamizning har bo‘limiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, buning zarurati va ahamiyati haqida batafsil so‘z yuritildi.

Deputat ishtirokidagi shu kabi uchrashuv Bulung‘ur tumanida ham o‘tkazildi.