"Ko‘p qavatli binoning devorlari shamolda qulab tushgani“ga vazirlik munosabat bildirdi

2020 yil 8 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida qurilayotgan ko‘p qavatli binoning devorlari shamolda qulab tushayotgani aks etgan video tarqaldi.

Qurilish vazirligi ushbu holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, ushbu holat Mirzo Ulug‘bek tumani To‘rt ariq ko‘chasi, 3 va 5-uy manzilida joylashgan, fuqaro R.Pishenkoga tegishli binoda ro‘y bergan.

“Mazkur bino turar joy chegara hududidan chiqmagan holda noturar joy toifasiga o‘tkazilgan. Hozirda “Biznes markaz” sifatida qayta ta’mirlanayotgan bo‘lgan.

Toshkent shahar qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan mazkur holat atroflicha o‘rganib chiqilgan. Ma’lum bo‘lishicha, “Biznes Markaz” binosini qayta ta’mirlash bo‘yicha loyiha hujjatlari “Arxitektura qurilish integratsiya va innovatsiya markazi” ShK tomonidan ishlab chiqilgan. Hozirgi kunda qurilish-montaj ishlari pudrat tashkiloti — “AZIMUT-MIG” MChJ tomonidan amalga oshirilmoqda. Ishchi loyihaga muvofiq, tashqi devor konstruksiyasini terish uchun loyihada temir-beton serdechnik va peremichkalar (devorni qattiq tutib turuvchi moslamalar) bilan birga gazobeton blok D 500 belgilangan.

Pudratchi tomonidan yurtimizda karantin e’lon qilingunga qadar binoning 3 qavatigacha tashqi devor ishlari yakuniga yetgan. Biroq karantin sabab 4 va undan yuqori qavatlarda tashqi devorlarni terish ishlari oxiriga yetkazilmay qolib ketgan. Ya’ni, devorlarning oxirgi qatori terilmay, temirbeton serdechnik va peremichkalar o‘rnatilmay qolgan.

Natijada, oyna va eshik proyemlari bog‘lanmagani tufayli 2020 yilning 8 may kuni kuzatilgan kuchli yomg‘ir va shamol oqibatida binoning yuqori qavatidagi tashqi devorning bir qismi ob’yekt hududiga qulab tushgan. Qo‘shni bino va inshootlarga, insonlarga zarar yetmagan. Shu zahoti ob’yektda yanada ko‘proq talafotlar kelib chiqmasligi uchun yuqori qavatdagi tashqi devorlar atayin bino ichkarisiga demontaj qilingan. Hozirgi kunda ob’yekt hududida tozalash ishlari olib borilmoqda va tashqi devorni qurish ishlari belgilangan norma va me’yorlar asosida olib borilishi qat’iy nazoratga olinishi ma’lum qilindi“ deyiladi vazirlik munosabatida.