Ko‘prikdan o‘zini daryoga tashlagan ayolning hayoti saqlab qolindi

Joriy yil 10 oktyabr kuni O‘zbekiston Milliy gvardiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan qo‘riqlash boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘riqlanayotgan Amudaryo ustidagi toifalangan “Qipchoq ponton ko‘prigi”dan noma’lum sabablarga ko‘ra, o‘zini suvga tashlagan ayol qutqarildi, deb xabar qildi Milliy gvardiya matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, 2019 yil 10 oktyabr kuni soat 11:30 lar chamasida “Cobalt” rusumli avtomashinadan noma’lum ayol ko‘prik oldida tushib qolib, o‘zini daryoga tashlagan.

Ko‘prik hududida xizmat olib borayotgan Milliy gvardiyaning qo‘riqlash xizmati xodimlari bu holatni ko‘rib, zudlik bilan cho‘kayotgan ayolni suvdan olib chiqqan.

Tez tibbiy yordam ko‘rsatish xizmati hamda tuman IIB navbatchilik qismi voqea joyiga yetib kelguniga qadar qo‘riqlash xizmati xodimlari tomonidan ayolga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.