Koreyaga ketgan 7 nafar o‘zbekistonlikda koronavirus aniqlangani sabab migrantlar uchun karantin qoidalari kuchaytirildi
2021 yilning noyabr oyidan boshlab Koreya Respublikasiga fuqarolarni vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkiliy tarzda kirib borishi qayta yo‘lga qo‘yilgan edi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ma’lum qilishicha, joriy yil 6 yanvar kuni tashkiliy tarzda 65 nafar birinchi marotaba shartnomasi bilan hamda 35 nafar qayta shartnoma bilan kelgan fuqaro vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Koreya Respublikasiga jo‘natilgan.
Fuqarolar Koreya Respublikasi tomonidan tan olingan vaksina bilan emlangani hamda ketishdan 72 soat oldin olingan PSR testi natijasiga ko‘ra Covid-19 infeksiyasi aniqlanmaganiga qaramasdan, Koreya Respublikasiga kirib borgan yurtdoshlarimizda koronavirus infeksiyasi qayd etilgan.
Xususan, 2021 yil 23-30 dekabr kunlari jo‘nab ketgan fuqarolarning 1 nafarida, 2022 yilning 6 yanvar kuni jo‘nab ketgan 98 nafar fuqaroning 6 nafarida koronavirus infeksiyasi aniqlangani sababli Koreya Respublikasi tomonidan O‘zbekiston uchun ushbu davlatga kirib boruvchi fuqarolar soni qisqarishi, hattoki vaqtinchalik to‘xtatilishi kabi cheklovlar qo‘yilishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi fuqarolarimizning Koreya Respublikasiga cheklovlarsiz kirib borishini ta’minlash maqsadida quyidagi choralarni ko‘rishga majbur bo‘lmoqda:
- Koreya Respublikasi Inson Resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan jo‘nab ketishi tasdiqlangan fuqarolar ketishdan oldin jami 3 marta PSR testidan o‘tishlari belgilandi;
- fuqaroda Koreya Respublikasiga borgach, Covid-19 infeksiyasi aniqlansa, barcha xarajatlar fuqaro tomonidan amalga oshiriladi.