Koronavirus bo‘yicha bugungi vaziyat: Rossiya COVID-2019ga qarshi besh turdagi vaksina namunasini ishlab chiqardi

Xitoy Sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi bergan ma’lumotga ko‘ra, mamlakat ichida bugungi kunga qadar 78824 nafar (25 fevral holatiga – 77658 kishi) kasalga chalinganlar qayd etilgan. SCMP (South China Moring Post) nashrining hisobotida keltirilishicha, koronavirus bilan kasallanganlar soni dunyo bo‘ylab 83272 kishini (25 fevral holatiga – 80098 kishi) tashkil etmoqda.

Jami: 2858 nafar inson halok bo‘lgan (SCMP tomonidan taqdim etilayotgan onlayn ma’lumot).

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bergan so‘nggi ma’lumotga ko‘ra, 27 fevral holatiga kasallanganlar soni 82249 kishini (24 fevral holatiga -79331 kishi) tashkil etgan (ulardan 78630 nafari Xitoyda qayd etilgan). XXR hududidan tashqarida 48 mamlakatda (24 fevral holatiga 37 mamlakatda), jami 3664 nafar (24 fevral holatiga 2918 nafar) kasallanganlar qayd etilgan, ulardan 57 kishi vafot etgan.

Rossiya Federatsiyasi COVID-2019 virusiga (koronavirus) qarshi besh turdagi vaksina namunasini ishlab chiqqanligi to‘g‘risida bosh vazir o‘rinbosari Tatyana Golikova xabar berdi.

Epidemiya Italiyada tarqalganidan so‘ng u Yevropa bo‘ylab tarqala boshladi. Shveysariya, Avstriya, Germaniya va Ispaniya davlatlaridan so‘ng 27 fevral kuni Gretsiya, Gruziya, Ruminiya, Norvegiya, Daniya va Estoniya hukumatlari dastlabki kasallanganlar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Bundan tashqari, bugun 28 fevral kuni Belarus, Nigeriya, Yangi Zelandiya va Litvada dastlabki kasallanganlar qayd etildi.