Koronavirus: Bugungacha dunyodagi vaziyat
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bergan ma’lumotlarga qaraganda, koronavirus bilan kasallanganlar soni, bugungi kunga kelib dunyo bo‘ylab 330 (23 mart holatiga – 292 mingdan oshiq) mingdan oshib ketdi.
“South China Moring Post” nashri bergan ma’lumotga ko‘ra, qayd etilgan kasallanganlar soni bo‘yicha Xitoy yetakchilik qilmoqda. U yerda 81171 (23 mart holatiga – 81093) nafar kasallangan qayd etilgan, ikkinchi o‘rinda Italiya 63927 nafar kasallangan (23 mart holatiga – 59138), uchinchi o‘rinda AQSh - 33340 nafar kasallangan (23 mart holatiga – 32057). Koronavirus oqibatida eng ko‘p vafot etganlar soni Italiyada qayd etilgan – 6077 nafar bemor (23 mart holatiga 5476 bemor), ikki o‘rinda Xitoy - 3277 nafar bemor (23 mart holatga - 3270 bemor) va uchinchi o‘rinda Ispaniya – 2182 nafar bemor (23 mart holatiga - 1756 bemor) qayd etilgan.
Koronavirus oqibatida vafot etganlar soni dunyo bo‘yicha 14510 (23 mart holatiga – 12794 nafar) nafarga yetdi (JSST bergan ma’lumot).
Rossiya Federatsiyasi senator va deputatlari shifokorlarga masofadan turib davolash va tashxis qo‘yish imkonini beruvchi telemeditsina haqidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritilishi to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqmoqda.
Buyuk Britaniya hukumati umumxalq karantin rejimini joriy etdi. Mamlakat Bosh vaziri Boris Jonson xalqqa qilgan murojaatida, yangi turdagi virus tarqalishini “keyingi o‘n yillikda mamlakat duch kelgan eng katta xavf”, deb atadi.
Xitoyda koronavirus yuqtirganlarning 90 foizdan ortig‘i butunlay sog‘ayib ketdi. Ayni vaqtda mamlakat kasalxonalarida bor yo‘g‘i 4735 nafar bemor qolmoqda. So‘nggi kecha-kunduzda Xitoy bo‘ylab jami 78 nafar yangi kasallanganlar qayd etilgan va yetti nafar bemor vafot etgan.