Koronavirus infeksiyasiga chalingan poytaxtlik 67 yoshli bemor vafot etdi
Toshkent shahri Olmazor tumanida yashovchi 67 yoshli L.M. (erkak kishi) joriy yil 26 iyundan tomog‘ida og‘riq, tana harorati ko‘tarilgan, ammo shifokorga murojaat qilmasdan uyida davolangan.
1 iyul kuni esa yo‘tali kuchayib, nafas siqishi belgilari paydo bo‘lgach, tez yordam chaqirgan va tez tibbiy yordam mashinasida Toshkent shahar 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borilgan.
Shu kuni undan “COVID-19” infeksiyasiga tahlil olinib, zudlik bilan reanimatsion muolajalar boshlangan. Bemorga o‘tkir miokard infarkti, ikki tomonlama pnevmoniya, nafas yetishmovchiligining 2-darajasi, yurak ishemik kasalligi, gipertoniya kasalligi” tashxisi qo‘yilgan. Unda koronavirus infeksiyasi ham aniqlangan.
Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli shifokorlar tomonidan doimiy nazoratga olingan.
Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan tezkor reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.