Koronavirus tufayli dunyoning qimmatlashgan shaharlari ro‘yxati ma’lum qilindi

"Yeconomist Intelligencye Unit" kompaniyasi mutaxassislari o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi natijasida qimmatlashgan shaharlar aniqlandi. Bunda Parij (Fransiya), Gonkong (Xitoy) va Syurix (Shveysariya) reytingning yuqori pog‘onasini egalladi.

Kompaniya 133 ta shaharning 2020 yil mobaynidagi narxlar dinamikasini tahlil qildi. Ma’lum bo‘lishicha, Parij, Gonkong va Syurix o‘tgan yili yetakchilar ro‘yxatida bo‘lgan Singapur va Osaka (Yaponiya) egallab turgan to‘rtinchi va beshinchi o‘rinlarga o‘tgan. Tahlilchilar bu holatni pandemiya boshlangach, chet ellik ishchilarning ketishi bilan izohlamoqda. Osakadan keyin Tel-Aviv (Isroil), Nyu-York (AQSh), Jeneva (Shveysariya), Los-Anjeles (AQSh) va Kopengagen (Daniya) o‘rin olgan.

Shu bilan birga, Bi-Bi-Si ma’lumotiga ko‘ra, eng katta qimmatlashish 2019 yilga nisbatan 27 pog‘ona ko‘tarilgan Tehron (Eron)da kuzatilgan.

Arzon shaharlar reytingiga Olmaota (Qozog‘iston), Karakas (Venesuyela), Lusaka (Zambiya), Toshkent (O‘zbekiston) va Damashq (Suriya) kiradi. Moskvaga kelsak, u ro‘yxatda 106-o‘rinni egallab turibdi. O‘tgan yilga nisbatan Shimoliy va Janubiy Amerika, Afrika va Sharqiy Yevropa shaharlarida yashash arzonlashdi.

Mutaxassislar, shuningdek, yirik shaharlarda oziq-ovqat va maishiy xizmatga bo‘lgan talabni tahlil qilib, pandemiya davrida hojatxona qog‘ozi, makaron mahsulotlari, shuningdek, alkogol, tamaki va kompyuter uskunalari narxi oshganini, aksincha, kiyim-kechak va poyabzalga bo‘lgan talab nisbatan pasaygani haqida xulosa qilishdi. Umuman olganda, dinamikada keskin oshish sezilmagan, pandemiya davrida tovarlar narxi barqaror bo‘lgan.

G.XOLDOROVA tayyorladi.