Koronavirusdan keyin yo‘tal va o‘pkada og‘riq saqlanib qolishiga mutaxassis izohi
➖ Koronavirusli pnevmoniyani yuqtirdim. O‘pkamda 30 % zararlanish bor. Xususiy klinikada davolanib, uyga chiqdim. Negadir yo‘tal qolmayapti, orqa taraf o‘pkada ham og‘riq bor. Yana davolanishim kerakmi yoki vaqt o‘tsa, bu belgilar o‘tib ketadimi?
4 mahal geparin, 2 mahal deksametazon, askorbin kislotasi, 2 mahal sefipim antibiotiklarini oldim.
Ushbu savolga AOKA zalida bo‘lib o‘tgan brifingda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva javob berdi:
➖ Siz koronavirus kasalligini o‘rtacha og‘irlikda o‘tkazgansiz. Shu bois shifoxonada davolanish tartibi belgilangan bo‘lsa, siz o‘zingiz tanlovingiz asosida xususiy klinikada davolangan bo‘lsangiz kerak.
Davolanish jarayonida olgan dori vositalaringizdan sizdagi holat sal og‘irroq kechgan va yo‘tal zo‘rayishi, orada hansirash, shu bilan birga qon quyulishi ham kuzatilgan.
Bugungi kundagi holatingiz kasallikdan qolgan qoldiq holat, ya’ni o‘pka jarohatlanishi 30 % dedingiz. Bu holat 1 hafta davolanish bilan tuzalib ketmaydi. Aslida, biror a’zo jarohatlansa, uning qayta tiklanishi uchun ko‘p muddat talab etiladi.
Shu bois bunday holatlarda organizm tiklanib olguniga qadar shifokor nazoratida reabilitatsiya muolajalarini, ya’ni tabiiy usullardan foydalangan holda organizm tiklanishiga yordam berish, fizioterapevtik muolajalar olish, kerak bo‘lsa, qo‘shimcha giyohlar, vitaminlar va mikroelementlar qabul qilish, to‘g‘ri va sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollikni sekin-asta ko‘paytirish tavsiya etiladi. Bu borada siz uchun nafas mashqlarini kuniga 5-6 martadan bajarish katta yordam beradi.