Koronavirusga chalinganlarni haqorat qilib, kamsitgan shaxs ma’muriy jarimaga tortilishiga sabab bo‘ladi
Ayrim shaxslar karantindan qaytgan yoki kasallikdan tuzalgan fuqarolarni ma’naviy qo‘llab-quvvatlash o‘rniga ularga nisbatan hurmatsizlik qilish, kamsitish, sha’ni va obro‘siga putur yetkazish yoki ularni kasallikni boshqalarga ham yuqtirishida ayblash holatlari ham uchramoqda.
Bu yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan xatodir. Bu haqda "Huquqiy axborot" kanalida ma’lum qilindi.
Konstitutsiyamizga ko‘ra, hech kim inson qadr-qimmatini kamsituvchi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas. Har bir fuqaro o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan qonun bilan himoyalangan.
Koronavirusdan tuzalgan yoki karantinda bo‘lgan shaxsni haqorat qilganlik, sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazganlik, kamsitganlik, uning shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tarqatganlik uchun 9 million so‘mgacha ma’muriy jarima belgilangan.
Agar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan so‘ng ushbu qilmish takroran sodir etilsa, aybdorga 22,3 million so‘mgacha jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari kabi jinoiy jazo qo‘llanilishi mumkin.
Bundan tashqari, fuqaroning shaxsiy hayotiga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda oshkor qilish og‘ir oqibatlarga olib kelsa, aybdor 44,6 million so‘m jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Hurmatli vatandoshlar, bugun davosi bo‘lmagan kasallikni yengib o‘tib oilasiga qaytgan shaxsning o‘rniga o‘zingizni qo‘yib ko‘ring.
Axir, bu virusdan hech kim himoyalanmagan-ku. Siz o‘sha odamning o‘rnida bo‘lsangiz va Sizni boshqalar tahqirlashsa, haqorat qilishsa yoki kamsitishsa, qanday holatga tushishingizni tasavvur qilib ko‘ring va xulosa qiling.
Aks holda, bunday ishni qilganlar qonun oldida muqarrar javobgar bo‘ladi.
Albatta, virusni yuqtirganligini bilib turib, uni boshqalarga qasddan yuqtirgan, karantin tartibini buzib, boshqalarni xavf ostiga qo‘ygan shaxslar ham qonunda belgilangan javobgarlikka tortilishi muqarrar.
Shunday ekan, fuqarolarimiz aniq holatni bilmasdan turib, boshqalarni asossiz ayblashdan o‘zlarini tiyishi lozim. Agar aniq ma’lumotlar bo‘lsa, tegishli organlarga xabar qilish vaziyatni birgalikda yengishga xizmat qiladi.
Bugungi qiyin kunlarda barcha fuqarolarimizni har qachongidan ham birdamlikda harakat qilishga, bir-birimizga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga, ayniqsa, og‘ir ahvolga tushganlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz.
Zero, mana shunday hamjihatlik bizni har qanday qiyinchilikni yengib o‘tishimizga asosiy zamin bo‘ladi.