Koronavirusga qarshi uy sharoitida davolanayotgan bemorlar antibiotik qabul qilishi mumkinmi?
Ushbu savolga vazirlik huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Sevara Ubaydulleva javob berdi:
— Bu savolga javob qat’iy: koronavirus virusini antibiotik o‘ldirmaydi. Antibiotiklar umuman viruslarga ta’sir qilmaydi.
Antibiotiklar o‘z nomi bilan – hayotga qarshi, ya’ni bakteriyalarga qarshi degan ma’noni bildiradi. Ular inson organizmida, ya’ni ichaklarda immunitet hujayralarni ishlab chiqadigan inson uchun kerakli bo‘lgan bakteriyalar tarkib mikroflora hujayralarini o‘ldiradi va disbakterioz – holatini yuzaga keltiradi. Bu esa, o‘z o‘rnida, immunitet hujayralari ishlab chiqilishini pasaytiradi va inson organizmida immun tanqislik holatini keltirib chiqaradi.
Masalaning yana bir tomoni shuki, antibiotiklar insonni ichaklarida disbakterioz holatini keltirib chiqarib, hazm jarayonini buzadi. Bu esa insonlarning kasallik bilan kurashish qobiliyatini pasaytiradi.
Yana bir xususiyati - antibiotiklarni palapartish va ko‘p turlarini qabul qilganlarda zamburug‘lar rivojlanishi ham tasdiqlangan. Zamburug‘lar esa inson uchun yana bir boshqa infeksion omil sifatida kasallikni og‘irlashtiradi va turli xil asoratlar ko‘payishiga sabab bo‘ladi.
Kasallikning birinchi kunlaridan boshlab antibiotiklardan foydalanilganda, bemorning ahvoli vaqtinchalik yaxshilangandek bo‘ladi, lekin organizmda kechayotgan jarayonni inson bilmaydi. Antibiotiklarni to‘xtatish bilan yana kasallik avj olishni boshlaydi. Tana harorati yanada ko‘tariladi, diareya paydo bo‘ladi, ko‘ngil aynishi va qayt qilish kabi belgilar kuchayadi. Bu davrda esa koronavirus organizmda tarqalishi kuchayadi va u qaysi a’zolarga o‘rnashib jarohatlashiga bog‘liq xolda kasallik alomatlari kuchayib boradi.
Antibiotiklar bir necha guruhlarga bo‘linadi va uning bakteriyalarni yengib chiqish kuchiga qarab yangi avlod va turlari ishlab chiqilgan. Masalan:
▶️ Penitsillinlar guruhi – “Penitsillin”, “Ampitsillin”, “Gentamitsin”, “Amoksatsillin”, “Amoksiklav” va hokazo;
▶️ Sulfanilamidlar guruhi – “Ko-trimoksazol+trimetoprim”, ya’ni “Bisseptol”, “Optiprim” va hokazo;
▶️ Makrolidlar guruhi – “Azitromitsin”, “Eritromitsin”, “Makropen” va hokazo;
▶️Sefalosporinlar guruhi – “Siprofloksatsin”, “Levofloksatsin”, “Seftriakson”, “Sefazolin”, “Ftorxinolon”, “Sefapirazon-sulbaktam” va hokazo;
▶️Karbopenemlar guruhi – “Meropenem” va hokazolar.
Shuni ta’kidlash lozimki, ularning turlari va guruhlari juda ko‘p, bu antibiotiklarni turi qanchalik kuchayib borsa, shunchalik organizmda katta jarohatlanishlar va izlar qoldiradi. Ularning qoldirgan izlarini qayta tiklash uchun oylar, ba’zida yillar talab etiladi.
Shu bois, antibiotiklarni faqatgina ko‘rsatmalar asosida, shifokor nazoratida qabul qilish kerak. Shuningdek, bu antibiotiklarni qabul qilish jarayonida zarurat paydo bo‘lganida, qo‘shimcha tahlillar topshirilishi talab etiladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.