Koronavirusni xuddi uyingizda “mehmon” qiladigandek, bozorga chopmang!
Turklar mehmon kelsa, "Boshimiz ustida yeringiz bor", deyishadi. Samarqandda tojik og‘aynilarimiz "Xush omaded, nuri diyda toji sar", ya’ni "Xush kelibsiz, ko‘zimizga nur, boshimizga tojsiz", deyishadi.
Xullas, kutdikmi, kutmadikmi, bizga yoqadimi, yoqmaydimi, koronavirus O‘zbekistonga keldi!
Hamma xuddi koronavirusni o‘zi, o‘z uyida mehmon qiladigandek, bozorga chopdi! Un, yog‘, shakar, makaron, hatto tuzga yopishdi odamlar!
Tavba qildim, olgan narsangizni qancha vaqt yeysiz? 14 kunmi? Keyin-chi? Yana tashqariga chiqasizmi?
Menimcha, koronavirusni yaxshi kutib olmayapmiz. Hovliqib qoldik, menimcha. Koronavirusning o‘zidan qancha zarar ko‘ramiz, hali buni Alloh biladi, ammo uning vahimasidan, vasvasadan ko‘proq zarar ko‘rishimiz mumkin.
Men boshqa narsani o‘ylab qoldim. O‘limni. Janozalarni. E’tibor berganmisiz, o‘limda, ayniqsa, janozalarda bir ibrat bor: hamma bir-biriga mehribon bo‘lib qoladi, odamlar jipslashadi. Topilmagan narsalar topilib, hal bo‘lmay yurgan muammolar hal bo‘lib ketadi. O‘lgan odamning ko‘chasi asfalt bo‘lib qoladi, hech bo‘lmasa, tosh to‘shaladi, chor-atrof tozalanadi. Eng muhimi, janoza kuni odamlar o‘zlarining O‘ZBEK ekanini eslab qoladi, erkaklar to‘n, do‘ppi kiyib, beliga belbog‘ bog‘laydi. Ayollar sandiqqa kirib ketgan lozimlarini olib kiyishadi, ustiga ham avratini to‘sadigan kiyim kiyib, boshiga ro‘mol o‘raydi. Ularni ko‘rgan erkaklar "Chetda turinglar, ayollar o‘tib ketsin!" deydi. Janoza kunigina o‘zbek qanday bo‘lishi kerak bo‘lsa, shunday bo‘lib qoladi. Tavba qildim, ko‘nglimdan g‘alati gaplar o‘tadi o‘shanday paytlari: "Har kuni janoza bo‘lib tursa yaxshi ekan..."
Xo‘sh, koronavirus keldi, endi nima qilamiz?
Menimcha, koronavirusning ham yaxshi tomonini ko‘ra bilshimiz kerak, koronavirusdan ham ibratlanishimiz kerak. Xuddi janozadagidek, jipslashishimiz, bir-birimizga mehrli, muruvvatli bo‘lishimiz kerak.
Vasvasa bilan bozorga chiqib, bozorni supurib-sidirib kelsak, qolganlar ochlikdan qirilib ketmasin yana!
Keyin bu ishimiz olib-sotarlarning ham tegirmoniga suv qo‘yishi aniq. Hali koronavirus kelmay turib, 500 so‘m turgan niqoblarni 4000-5000 so‘mdan sota boshlagan, hali kamida 10.000 so‘mga sotaman, deb bekitib qo‘ygan bu muttahamlar narx-navoni ko‘tarib yubormasligiga kim kafil?
"Narxni oshirsang, jazolayman", degani bilan hamma birdan oshirsa, kimni jazolab bo‘ladi?
Olomon yomon! Olomonni boshqarib bo‘lmaydi! Boshqa masalada nima bo‘lsa, bo‘ldi, mana shu koronavirus masalasida olomonlashmasligimiz shart!
Hamkasblarim bo‘lgan jurnalistlarga murojaat qilmoqchiman: vasvasaga tushgan, qo‘liga ilingan narsani uyiga tashiyotgan odamlarni ko‘rsangiz suratga, videotasvirga olmang! Tarqatmang! Siz o‘ylaganning teskarisi bo‘lishi, e’lon qilgan narsangiz siz kutmagan yomonlikka xizmat qilishi mumkin. "Ana, ko‘rdik, shunaqa ekan", deb qolganlar ham vahimaga tushib, sichqon dorigacha yerto‘lasiga tashib ketishi mumkin!
Hammani og‘ir-bosiqlikka chaqiraman! Shu paytgacha ishlamay turgan aqllarni ishlatishga, har qachongidan ham aqlli, vazmin bo‘lishga chaqiraman!
Mayli, ko‘pga kelgan to‘y, balki ayrimlar bu virus tufayli o‘lar, koronavirussiz ham har kuni qancha odam o‘ladi. O‘lim sodir bo‘lsa ham vahima qilmay, bosiqlik bilan, barcha ehtiyot choralarini ko‘rib, dafn qilaylik, bundan ham piar qilmaylik, o‘layotgan odam tasvirlarini tarqatib yuborib, odamlarni vahimaga solmaylik.
Xullas, piar qilish, axborot olamida liderlikka, mashhurlikka intilish, shov-shuv yasash ishlarini orqaga surib qo‘yadigan payt keldi.
Hammaga sog‘lik, salomatlik tilayman!
Alloh yuborgan bu sinovdan ham elning boshiga tushgan son-sanoqsiz sinovlardagidek, sabr-toqat bilan, munosib o‘tishingizni tilayman!
Balo daf bo‘lganda, katta to‘y va katta bayramlarda ko‘rishish barchamizga nasib bo‘lsin!
Karimberdi TO‘RAMUROD.