Korrutsiyaga qarshi “komplayens-nazorat” tizimi nima?

Bugun korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosati “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning tizimlilik tamoyiliga asoslangan holda amalga oshirilmoqda. Xususan, ushbu qonun har yili korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha aniq va samarali choralar hamda ularni amalga oshirish mexanizmlarini belgilaydigan davlat dasturlarini qabul qilishga, korrupsiya bilan kurashishning samarali choralarini belgilashga qaratilgan Prezident va Hukumat farmon va qarorlarini qabul qilishda namoyon bo‘lmoqda.

Jumladan, 2020-2021 yillarda barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi («komplayens-nazorat»)ning joriy etilishi alohida o‘rin tutadi.

Korrutsiyaga qarshi “komplayens-nazorat” tizimi deganda, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va ularning xodimlari faoliyatidagi korrupsiyaviy faoliyat sohalarini aniqlash va bartaraf etishga, ularning faoliyatini korrupsiyaga qarshi kurashishga oid xalqaro standart va tavsiyalarga, milliy qonunchilik hujjatlariga va ichki meyyorlarga muvofiqligini nazorat qilish va ta’minlashga qaratilgan universal profilaktik tizim tushuniladi.

Misol uchun, har bir tadbirning samarasi, uning to‘g‘ri tanlangan yo‘nalishlariga bog‘liq. “Komplayens-nazorat” tizimining korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatining asosiy yo‘nalishlariga manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish, sovg‘alar va ish jarayonida mehmondo‘stlik belgilari, xodimlarni tanlash, lavozimdan lavozimga o‘tkazish, moddiy rag‘batlantirish, tekshirishlarni o‘tkazish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini o‘rganish, kontragentlar va uchinchi shaxslar bilan o‘zaro munosabatlar, xayriya va homiylik faoliyati, sirli mijoz tadbiri, faoliyatni videotasvirga olish va translyasiya qilish, ichki hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi va xodimlarga maslahat berishni keltirish mumkin.

Ushbu asosiy yo‘nalishlarning barchasi xodimlar orasida hamda jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashish madaniyati darajasini oshirish maqsadida xodimlarning yuqori axloqiy me’yorlarga sodiqligini, shuningdek, o‘z faoliyatida korrupsiyaviy huquqbuzarliklarga murosasizlik va ularni sodir etishga yo‘l qo‘ymaslikni aks ettiradi.

Har bir yo‘nalishning tizimli ravishda amalga oshirilishi, xususan, manfaatlar to‘qnashuvining oldi olinishi natijasida xodimlarning yaxshi ishlab, mukofotlarga ega bo‘lishi, korrupsiyaviy xavf-hatarlarga yo‘l qo‘ymasligi, pora olmaslik va javobgarlikka tortilmasligiga omil bo‘ladi.

Korrupsiyaga qarshi ichki «komplayens-nazorat» tizimi avvalo, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar xodimlarining nafaqat korrupsiyaviy xatti-harakatlarni sodir etishining oldini olishga, faoliyatining normativ hujjatlar talablariga muvofiq bo‘lishini ta’minlashga, balki ularning manfaatlariga, turli tahdidlar va javobgarliklardan himoya qiladi.

Rafiq ShAKUROV,

Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi katta o‘qituvchisi, yuridik fanlar nomzodi.