Korrupsiya xalqning davlatga ishonchiga putur yetkazadi

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo iqtisodiyoti har yili korrupsiyadan 2,6 trillion AQSh dollari miqdorida zarar ko‘rmoqda. Korrupsiya, bu – mansab mavqeidan shaxsiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyat bo‘lib, jamiyatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir.
Yurtimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha aniq tizim yaratildi, alohida qonunlar qabul qilindi.
Korrupsiya islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov. Shu bois so‘nggi yillarda bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha qonunlar qabul qilinib, yangi tizim yaratildi. Parlament palatalarida mas’ul qo‘mitalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va agentlik tashkil qilindi. Eng muhimi, jamiyatda korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim, ochiq muhit yaratildi.
Idora va tashkilotlar rahbarlari tomonidan o‘z faoliyat yo‘nalishida sodir etilayotgan jinoyatlarni chuqur o‘rganib, ularga chek qo‘yish masalalari ham respublika darajasida, ham joyiga chiqqan holda muhokama qilinmoqda. Bu jarayonlar ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilib, sodir etilayotgan jinoyatlar, ayniqsa, korrupsiya holatlariga barham berish bo‘yicha kompleks tahliliy va amaliy ishlar tizimli ravishda olib borilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish lozim. Chunki huquqiy ong va huquqiy madaniyati yuksak bo‘lgan va huquqiy ta’lim va tarbiya jihatdan yetuk bo‘lgan insonlar salbiy illat bo‘lmish korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaydilar.
Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan ham bu borada aniq reja asosida tahliliy va amaliy ishlar tizimli ravishda olib borilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yilning 5 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga baho berilib, kelgusi vazifalarni belgilab berdi. Davlatimiz rahbari korrupsion holatlar xalqning davlatga, Konstitutsiya va qonunlarga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazib, barqaror rivojlanish va xavfsizlik uchun jiddiy tahdidga aylanishini aniq misollar bilan ko‘rsatib o‘tdi.
Ushbu yig‘ilishda prokuratura va boshqa mas’ul idoralarga korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga nisbatan javobgarlik muqarrarligini ta’minlash uchun barcha kuch va vositalarni safarbar etish yuzasidan topshiriq berildi.
Shundan kelib chiqib, Samarqand viloyatida davlat organlarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar yo‘l xaritasi ishlab chiqilib, har oy bitta tashkilotda korrupsiya va uni keltirib chiqarayotgan sabab va shart-sharoitlarni o‘rganish belgilandi. Shuningdek, viloyat prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan aniq reja asosida tahliliy va amaliy ishlar olib borilmoqda.
Joriy yilning dastlabki to‘rt oyida viloyatda 3253 ta jinoyat hisobga olingan va o‘tgan yilning mos davri bilan qiyoslanganda 146 foizga oshgan. Bu jinoyatlarning 751 tasi (23 foizi) aniqlanadigan, 1193 tasi (37 foizi) oldini olish mumkin bo‘lgan, 1309 tasi (40 foizi) axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarni tashkil etadi.
Ko‘rilgan choralar natijasida oldini olish mumkin bo‘lgan og‘ir turdagi jinoyatlar 4,9 foizga, nomusga tegish 23 foizga, bosqinchilik 100 foizga, avtomobilni olib qochish 25 foizga kamaydi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikdagi tadbirlar natijasida 90 ta jinoyatning oldi olindi. Viloyatdagi 1126 mahallaning 697 tasi “yashil”, 334 tasi “sariq”, 95 tasi “qizil” toifaga kiritilib, jinoyat sodir bo‘lgan mahallalar 429 tani tashkil qildi. Mahallalarda sodir etilgan jinoyatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14,5 foizga kamaydi. Mahalla hududida sodir etilgan jinoyatlarning oldini olishga mas’ul bo‘lgan 46 nafar ichki ishlar xodimi, 14 nafar mahalla raisi, 17 nafar hokim yordamchisi, 6 nafar yoshlar yetakchisi hamda 7 nafar xotin-qizlar faoli intizomiy javobgarlikka tortilib, 3 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Viloyat prokuraturasi uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan yilning 4 oyida 48 nafar shaxsga nisbatan 28 ta jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari yakunlanib, sudlovga yuborilgan. Tergov davomida aniqlangan, davlatga yetkazilgan 13 milliard so‘m zarar to‘liq undirilishi ta’minlangan.
144 ta korrupsiyaviy jinoyat ishlari tergov qilinib, 210 nafar shaxs javobgarlikka tortildi. Ularning 55 nafarini maktabgacha va maktab ta’limi, 27 nafarini sog‘liqni saqlash, 17 nafarini bank tizimi, 9 nafarini huquqni muhofaza qiluvchi organlar, 8 nafarini mahalliy hokimiyat organlari xodimlari tashkil etdi. Shuningdek, 23 nafar hokim yordamchisi, 5 nafar nafar advokat, 7 nafar soliq sohasi xodimi korrupsion jinoyatga qo‘l urgan.
Viloyat prokuraturasi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengash hamda viloyat hokimligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” asosida aprel oyida viloyat soliq boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlarida o‘rganish o‘tkazildi.
O‘rganish davomida 2023 – 2025 yillarda tizim xodimlari tomonidan sodir qilingan jinoyatlar tahlil qilinib, unga imkon bergan holatlar hamon bartaraf etilmagani, sohada raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirishga yanada ko‘proq etibor qaratish lozimligi ta’kidlandi. Idoradagi kadrlar bilan ishlash, nopok xodimlardan sohani doimiy tozalash, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik va guruhbozlik holatlariga chek qo‘yish bo‘yicha aniq topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
May oyida esa viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasida o‘tkazilgan o‘rganishlarda sohada ayrim bandlik xizmati turlari raqamlashtirilmaganligi va ish jarayoniga inson omilining aralashuvi kabi tizimli muammolar mavjudligi aniqlandi. Shu bois viloyatimizda faoliyat ko‘rsatuvchi davlat mehnat huquqi va mehnatni muhofaza qiluvchi 29 nafar inspektorni huquqbuzarliklarni joyida rasmiylashtirish imkoniyatini yaratuvchi qurilmalar (planshet) va dasturiy ta’minot bilan ta’minlash borasida kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga takliflar berildi. Vazirlikning amaliy qo‘llab-quvvatlashi natijasida respublikada birinchi bo‘lib viloyatimizda davlat mehnat huquqi va mehnatni muhofaza qiluvchi inspektorlar planshetlar bilan ta’minlandi.
Buning qanday afzalliklari borligi ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy.
Birinchidan, inspektorlar tomonidan o‘tkaziladigan o‘rganish va monitoring jarayonlarida aniqlangan qonunbuzilish holatlariga joyida huquqiy baho bergan holda elektron hujjatlashtirish imkoniyati yaratiladi.
Ikkinchidan, inspektorlar tomonidan o‘tkaziladigan o‘rganish va monitoring jarayonlarida ishlaydigan fuqarolar planshet orqali Yagona milliy mehnat tizimiga kiritilib, ularning rasmiy yoki norasmiy band ekanligi aniq bo‘ladi, norasmiy band ishchilarni legallashtirish choralari ko‘riladi.
Mazkur yo‘nalishni raqamlashtirish inspektorlar vaqtini tejash, qog‘ozbozliklarga chek qo‘yish va eng asosiysi, korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Viloyat prokuratura organlari korrupsion holatlarning oldini olish va bu borada aholining huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarini korxona va tashkilotlar, ta’lim muassasalari va boshqa idoralarda muntazam o‘tkazib, yurtdoshlarimizning qonun va amaldagi tartiblar bo‘yicha bilimlarini oshirishga hissa qo‘shmoqda. Korrupsiyaga oid jinoyatlarni tahlil qilgan holda jinoyatlar ko‘rsatkichi oshgan davlat organlari, tashkilotlarida kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar belgilanmoqda.
Muxtasar aytganda, korrupsiya — taraqqiyot kushandasi, xavfsizlikka tahdid tug‘diruvchi xavfli jinoyat. Bu illatga qarshi kurashish tegishli organlarninggina emas, barchaning ishi bo‘lishi zarur.
Murodqosim EShNAZAROV,
viloyat prokurori, adliya katta maslahatchisi.