Korrupsiya – taraqqiyotga tushov
Bunday jinoyatlarning xatarli tomoni shundaki, ularni qonunga rioya etishi, uni muhofaza qilishi lozim bo‘lgan shaxslar sodir etadi. Aksariyat mamlakatlarda, jumladan, O‘zbekistonda ham bunday jinoyatlar keng tarqalganki, davlat apparati xodimlarining korrupsiya domiga ilinganligi qonunchilarni poraxo‘rlik, mansab mavqeini suiiste’mol qilish, boshqa shu kabi xavfli mansabdorlik jinoyatlariga qarshi qat’iy choralar ko‘rishga majbur qilmoqda.
Korrupsiyani sub’yektlarning maqomiga ko‘ra, hokimiyat organlaridagi korrupsiya, xususiy sektordagi korrupsiya, siyosiy korrupsiya, darajasiga ko‘ra korrupsiyalar, ijtimoiy xavflilik darajasiga ko‘ra kabi bir nechta turlarga ajratish mumkin.
Korrupsiyaning siyosiy shaklida mansabdor shaxs qarindosh-urug‘chilik munosabatlari tufayli qonunga zid harakat qiladi. Uning ikkinchi shakli jinoiy faoliyat bilan bog‘liq bo‘lib, mansabdor shaxslarni sotib olishga asoslanadi, mukofot puli olish evaziga g‘ayriqonuniy xizmatlar ko‘rsatadi. Uchinchidan, taraflardan biri o‘ziga eng qulay tartib vujudga keltirish uchun jinoyatga mansabdor shaxslarning tegishli toifalarini izchillik bilan jalb etishni nazarda tutadi. Korrupsiyaning bu shakli uyushgan jinoyatchilik bilan bog‘liq bo‘lib, mansabdor shaxslarga nisbatan sotib olish, tahdid solishni anglatadi.
Faoliyati darajalariga ko‘ra, quyi va yuqori darajadagi korrupsiyalar bir-biridan farqlanadi. Quyi darajadagi korrupsiya hokimiyat va boshqaruv organlarining o‘rta hamda quyi darajalarida keng tarqalgan. Yuqori darajadagi korrupsiya hokimiyat organlarida ishlaydigan siyosatchilar, martabali amaldorlarni qamrab oladi va katta qiymatga ega bo‘lgan qarorlar qabul qilish bilan bog‘liq. Aksariyat hollarda korrupsiya bitimidan manfaatdor bo‘lgan ikkala tomon ayni bir davlat hokimiyati organida ishlaydi. Masalan, quyi turuvchi davlat organining amaldori o‘zining yuqori turuvchi boshlig‘iga korrupsion harakatlariga homiylik qilishi yoki qo‘shimcha mablag‘lar, resurslar, vakolatlar berishi uchun pora beradi.
Korrupsiya jinoyati nafaqat xufyona balki korrupsiyaga doir munosabatlarga kirishgan tomonlarning o‘zaro kelishuviga binoan sodir etiladi. Aksariyat hollarda u tegishli hokimiyat organlariga shikoyat berilishiga sabab bo‘lmaydi. Chunki g‘ayriqonuniy kelishuvdan ikkala tomon ham manfaatdor. Hatto pora so‘rash hollari ustidan ham kamdan-kam holda shikoyat qilinadi. Sababi, odamlar korrupsiyaga qarshi kurash jarayoniga ishonchsizlik bilan qaraydilar. Buning uchun milliy va xorijiy tajriba bilan bog‘liq bo‘lgan muayyan asoslar mavjud. Korrupsiya harakatlari odatda davlat faoliyatining mutaxassis bo‘lmagan kishilar tushunishi ancha qiyin bo‘lgan o‘ziga xos turlarida sodir etiladi. Korrupsiya o‘ta moslashuvchan jinoyatdir. U vaziyatga qarab o‘zgaradi va takomillashib boradi.
Jahongir MARDONOV,
huquqshunos.