Korrupsiyaga qarshi kurashda nazorat faoliyatiga doir bilimning o‘rni

Agar biz korrupsiya eng yomon illat ekanligini bilmasak, unga qarshi kurashda munosabatimiz jiddiy bo‘lmaydi. Korrupsiya nafaqat jamiyat taraqqiyotiga, balki insoniyat jamiyatining mavjud bo‘lishiga ham tahdid hisoblanadi. Buning uchun, eng avvalo, insoniyat jamiyati abadiy fakt emasligini bilish kerak, ya’ni insoniyat qachonlardir paydo bo‘lgan va demak, qachonlardir u yo‘q bo‘lib ketishi mumkinligini bilish kerak. Insoniyat jamiyati mavjud bo‘lishi uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy tartibning o‘rnatilishiga korrupsiya to‘siq bo‘lishi tabiiy hol.

Imom al-Buxoriy "Odamlarning najoti faqat bilim va undan boshqasi bo‘lmagan", – deb ta’kidlagan. Bu – jamiyat mavjud bo‘lishi uchun jamiyatni bilim boshqarishi kerak, degani. Agar jamiyatni bilim boshqarmasa, o‘z-o‘zidan jamiyatni pul boshqara boshlaydi. Bu – poraxo‘rlik va korrupsiya hukmronligi o‘rnatilgan degani. Demak, korrupsiya holatida halokatdan najot bo‘lmaydi va insoniyatning keyingi mavjud bo‘lishi gumon bo‘lib qoladi. Buni korrupsiya kasaliga chalingan odamlar anglab olishi o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan omil hisoblanadi. Chunki buni anglab olgan odam o‘sha kasallikdan davolanishni va sog‘ayib ketishni xohlaydi. Har qanday kasallikni davolashda bemorning xohishi va sog‘ayishga ishonchi muhim rol o‘ynaydi. Agar bemor sog‘ayishni xohlamasa, har qanday samarali muolaja ham natija bermaydi. 

Byurokratiya va korrupsiyaning asosiy sharoiti – qonunni buzish imkoniyatiga ega bo‘lgan mansabdor shaxsning borligi. Qonunni buzish imkoniyati borligining sababi esa nazorat tizimining zaifligida. Nazorat tizimi qonun ustuvorligi va jazoning muqarrarligini ta’minlashga qodir bo‘lishi uchun ijtimoiy nazorat, ya’ni davlat va jamiyatning sheriklikdagi nazorati bo‘lishi lozim. Bugungi kunda bizda davlat nazorati kuchli, jamiyat nazorati esa nisbatan kuchsiz. Jamiyat tomonidan nazoratni amalga oshiradigan asosiy vositalar siyosiy partiyalar, deputatlar korpusi va mahalla instituti hisoblanadi. Prezident Sh.Mirziyoyev 2017 yil 12 iyulda Oliy Majlis a’zolari bilan bo‘lgan uchrashuvdagi ma’ruzasida asosiy e’tiborni siyosiy partiyalar va deputatlar nazoratini kuchaytirish masalalariga qaratdi.

Siyosiy partiyalar va deputatlar nazorat faoliyati pastligining asosiy sabablaridan biri ularda nazorat faoliyatiga doir bilimning yetarli emasligidir. Ikkinchi muhim sabablardan biri befarqlik kayfiyatining jilovlanmaganligi va daxldorlik hisining yetarli emasligidir. Shuning uchun Prezidentimizning yuqorida qayd qilingan ma’ruzalari Parlament demokratiya maktabiga aylanishi, islohotlar tashabbuskori va ijrochisi bo‘lishi kerak, deb nomlangan. Parlament demokratiya maktabiga aylanishi uchun uning nazorati kuchli bo‘lishi kerak. Chunki demokratiya bu nafaqat hokimiyat xalq tomonidan shakllantirilishi, balki xalq tomonidan nazorat qilinishi hamdir. Parlament islohotlar tashabbuskori va ijrochisi bo‘lishi uchun, eng avvalo, unda befarqlik barham topib, daxldorlik hisi shakllangan bo‘lishi lozim. 

Bu ikkita muammoning yechimi ikkita narsaga bog‘liq. Birinchi muammo, siyosiy partiyalar va deputatlar korpusining nazorat faoliyati demokratiya talablari darajasidan orqada qolayotganligi. Ikkinchi muammo, siyosiy partiyalar va deputatlardagi befarqlik kayfiyatining kuchliligi va daxldorlik hisining zaifligidir. Davlat rahbarining befarqlikni dushmanlik bilan tenglashtirishi ushbu muammoning naqadar jiddiy ekanligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Birinchi muammoning yechimi siyosiy partiyalar va deputatlarni nazorat faoliyatiga doir bilim bilan qurollantirishga bog‘liq. Ikkinchi muammoning yechimi esa siyosiy partiyalar va deputatlarni ma’naviy yuksaltirish bilan bog‘liq. Bu ikkita yechimga erishish uchun siyosiy partiyalar va deputatlarni "Ijtimoiy nazorat" fani beradigan bilimlar bilan qurollantirish kerak. Chunki ushbu fan nafaqat nazorat faoliyatiga doir bilimni beradi, balki ma’naviyatni yuksaltirishga ham xizmat qiladi. Shuning uchun biz partiyalar va deputatlarga "Ijtimoiy nazorat" fanini o‘qitish zarur deb hisoblaymiz. 

"Ijtimoiy nazorat" fanining ahamiyati shundan iboratki, bugungi kunda ta’lim tizimida biror-bir fan nazorat faoliyatiga doir bilimni kompleks tarzda bermaydi. Aynan shuning uchun ham bugungi kunda jamiyat nazorati, jumladan, siyosiy partiyalar va deputatlar nazorati talab darajasida emas. Shuning uchun "Ijtimoiy nazorat" fanini nafaqat siyosiy partiyalar va deputatlarga, balki barchaga o‘qitish bugungi kunning eng dolzarb muammosi deb aytish mumkin. Buning uchun, eng avvalo, nazorat faoliyatiga doir bilimlarni ishlab chiqishga keng imkoniyatlar yaratish choralarini ko‘rish kerak. 

Farhod NABIYeV,
SamDU professori.