Korrupsiyaga qarshi kurashishda jurnalistlarning o‘rni bormi?

«… Tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruqxona atrofida beshta dorixona bor. Qizig‘i, mavjud qonun-qoidalarga ko‘ra, tug‘ruqxonalarda barcha tibbiy xizmatlar va dori-darmonlar bepul. Jurnalistik surishtiruvimiz esa bu dorixonalar faoliyati «gullab yashnashi»ning sababini oydinlashtirdi…». Bu gaplar ana shu seminarda mashg‘ulot tarzida o‘tkazilgan jurnalistik surishtiruvlardan biridan olindi. Xuddi shu tarzda mahalliy hokimliklar va ta’lim muassasalarida yuz berishi mumkin bo‘lgan korrupsiya holatlariga bag‘ishlab ham mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Ta’kidlanganidek, korrupsiyaga qarshi kurashishda jurnalistning o‘rni nafaqat bor, balki juda muhimdir. Bugungi kunda butun dunyoda bo‘lgan kabi mamlakatimizda ham korrupsiya va boshqa illatlarga avvalo, jamoatchilik qarshiligi hal qiluvchi kuchga aylanib bormoqda. Jamoatchilik fikri esa ommaviy axborot vositalari orqali shakllanadi.

Seminar ochiq, o‘zaro fikr almashish va muhokamalar tarzida o‘tib, har bir ishtirokchi korrupsiyaga qarshi kurashishda bajarilishi lozim deb bilgan takliflarni ilgari surdi.  Misol uchun, bir guruh jurnalistlar o‘z maqolalarida ma’lum bir muammoni yoritarkan, har doim korrupsiyaning turli ko‘rinishlariga ishora qilishini, shu orqali korrupsiyaga qarshi jamoatchilikda murosasizlik kayfiyatini uyg‘otishga harakat qilishini bildirdi. Boshqa jurnalistlar esa korrupsiya ko‘rinishlari aks etgan maqolalar ba’zan aks-sadosiz qolib ketishi muammosini birinchi navbatda hal etish lozim bo‘lgan masala deb hisoblaydi.

– Ushu seminar O‘zbekiston Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tomonidan Buyuk Britaniyaning mamlakatimizdagi elchixonasi ko‘magida o‘tkazilmoqda, - deydi shu markaz xodimi Qobil Xidirov. – Seminarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Yevropa mamlakatlari tajribasini o‘rtoqlashdik. Shu bilan birga, samarqandlik jurnalistlar bilan fikr almashib oldik.

Anvar MUSTAFOQULOV.