"Kovidsentr"dan qo‘ng‘iroq qilishdi....

Odatiy ish kunlaridan birida ish telefonim jiringlab qoldi.

 - Allo, assalomu alaykum! Bu AOKA viloyat boshqarmasimi?  

- Assalomu alaykum! Ha, shunday...

- Menga Mannon aka Ubaydullayev kerak edi (nimagadir ko‘pchilik familiyamni shunday aytadi).

- Ha, men. Eshitaman!

- "Gelion"dagi "kovidsentr"ning glavvrachi Dilshod Burxonovich bo‘laman.

- ...Tinchlikmi, aka? (Qog‘ozga o‘rab aytganda, bu gapni eshitgan zahoti ko‘pchilikning peshonasida sovuq ter o‘rmalaydi).

- Ha, tinchlik, xavotir olmang, men boshqa masalada siz bilan maslahatlashmoqchi edim?

- ... Xo‘sh?!.

- Haligi... Bizda davolanayotgan kasallar kitob-gazeta so‘rayapti. Shu masalada sizni yordam beradi, deyishdi. O‘zbekcha, ruscha, tojikcha aralash bo‘lsa ham mayli.

- Xudoga shukr-yey! Bo‘ldi, sizga birozdan keyin telefon qilaman.

Yaxshilikka ekan-ku, deb boshqarmadan, biz bilan bitta binoda joylashgan “Zarafshon”, “Samarkandskiy vestnik”, “Ovozi Samarqand” gazetalarining muxbirlaridagi har xil kitoblarni, o‘n nomga yaqin gazetalar taxlamlarini olib borib berdik.

Qanday yaxshi-a, yurtdoshlarimiz bemor holiga do‘xtirlardan kitob topib berishni so‘rashyapti.

Demak, boshqa muassasalarga ham kitob-gazetalardan yetkazib turish kerak ekan, degan xulosaga kelib, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati rahbari Eldor Muhammadiyev bilan gaplashib oldik.

... Bugun yana bir yaxshi gap eshitdim. Samarqand shahrining o‘sha “Gelion” deyiladigan joyidagi maxsus shifoxona bemorlarni qabul qilishni to‘xtatibdi. Yaqin kunlarda yopilarkan.

Mannob Ibodullayev.