Ko‘zlari rentgen odamlar
Yuliya Federovna Vorobevani mo‘’jiza odam deb atashadi. U nafaqat odamlar organizmi ichki azolarini aniq ko‘radi, balki ularni qo‘li bilan davolaydi, buning ustiga bashorat qiladi.
Hammasi 1978 yil 3 mart kunidan boshlandi. O‘sha kuni 37 yashar kranchi Donetskdagi Petrovskiy nomidagi shaxtada smenada ishga kirishdi. U kran zinalaridan ko‘tarildi, o‘rniga o‘tirib dastakni ushlaganini biladi, birdan chaqin chaqnab, dahshatli charsillagan tovushdan kabina cho‘g‘ bo‘lib ketdi. Keyinchalik aniqlanishicha, Vorobevani 380 volt kuchlanishli tok urgan ekan.
Qorayib ketgan ayol tanasini choyshabga o‘rab, o‘likxonaga olib ketishdi. Uyda dafn marosimga tayyorgarlik boshlandi. Ammo o‘lgan degan ayol uch kundan so‘ng ko‘zini ochdi. Amaliyot o‘tayotgan talaba jasadning jimjilog‘ini kesish topshirig‘ini olgandi. U barmoqchaga nashtar urgan zahoti qon oqa boshladi va “o‘lik” ingrandi. Tirilgan ayolga birinchi guruh nogironligi berishdi.
Sobiq kranchi tun bo‘yi og‘riqdan ingranib chiqar, tok o‘rgandan keyin ko‘r bo‘lib qolgandi. Biroq vaqt o‘tishi bilan asta-sekin ko‘ra boshladi. Lekin bu boshqacha edi. Yuliya odamlarni ichki a’zolarini ham aniq ko‘ra boshlaganini darrov idrok qilolmadi.
Yuliyaning qobiliyati bilan olimlar qiziqib qolishdi. Kiyev yadro tadqiqotlari institutida uni qorong‘u xonaga o‘tkazishib nomerlangan ikki mingta yacheykalardan qaysi birida inson ko‘ziga ko‘rinmaydigan lazer nuri yo‘naltirilganini aytishini so‘rashdi. Eksperiment chog‘ida Yuliya biror marta adashmadi.
Ikkinchi sinov Shveysariyada bo‘ldi. Parapsixologlarning Butunjahon kongressida sinab ko‘rilayotganlar ichida faqat Yuliya dehqon kimsada tug‘ma illat borligini aniq aytib berdi. Yuliyaning ko‘zlarini tekshirib ko‘rishdi, u mutlaqo ko‘r edi. Vrachlar hayratdan dong qotib qolishdi.
1990 yillarda xorij OAV Saranskidan rossiyalik o‘quvchi Natasha Demkina oddiy ko‘z bilan inson ichki a’zolarini rentgen yoki UZI dan ham aniq ko‘rishi haqida yozishdi. Shu-shu, Natasha Demkinadan o‘zlarini ko‘rib qo‘yishni iltimos qiluvchilar tirband bo‘lib ketishdi. U mijoz ichki a’zosi, masalan, jigar, yurak, o‘pka, buyrak ko‘rinishini tasvirlab berar, shunga qarab shifokorlar darhol ular sog‘ yoki xastaligini bilib olishardi.
2004 yilda 17 yoshga to‘lgan qizni Buyuk Britaniyaga taklif qilishdi. Uni avtomobil halokatiga uchragan reportyor Braysni Uorden huzuriga olib kirishdi. Natasha kirishi bilan Braysni qiz yaxshilab ko‘rib qo‘ysin deb o‘rnidan amallab turdi. Natasha ko‘z qorachig‘i kengayib, u bir-ikki daqiqa hushsiz holatga tushdi. So‘ngra o‘ziga kelib Braysnining beli pastida to‘rtta siniq borligini aytdi. Yana ikki joyida suyak metall qisqich bilan mahkamlab qo‘yilganini aytganda vrachlar hayron qolishdi.
Haqiqatan ham bir necha kun avval Braysni operatsiya qilinib, singan suyaklar metall qisqichlar bilan mahkamlab qo‘yilgandi. Hayratda qolgan shifokorlar bu qanaqa karomat, deya Natashani sinchiklab tekshirib ko‘rishdi va unda boshqalardan farq qiladigan birorta xislatlarni ko‘rishmadi. Ko‘zlari ham oddiy odamlarnikidek. Xo‘sh, unda Natasha odamlar ichki a’zolarini qanday qilib ko‘radi? Shifokorlar hayron bo‘lib yelka qisishadi.
T.Shomurodov tayyorladi.