Kreditlarni to‘lash muddatini o‘zaytirish tartibi ma’lum bo‘ldi
Markaziy bank koronavirus pandemiyasi oqibatida tijorat banklari tomonidan kreditlarning to‘lov muddatlarini uzaytirish tartibi to‘g‘risidagi axborot berdi.
Ma’lum qilinishicha, koronavirus pandemiyasining aholi va tadbirkorlik sub’yektlarida kreditlarni qaytarish bilan bog‘liq salbiy oqibatlarni yumshatish maqsadida ularning kredit to‘lovlari muddatlarini uzaytirish yuzasidan murojaatlarini ko‘rib chiqishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish bo‘yicha kredit tashkilotlariga ko‘rsatmalar berilgan.
Bunda kredit tashkilotlariga aholi va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan kredit to‘lovlari muddatlarini uzaytirishda faqat murojaatnomani taqdim etish bilan cheklanib, murojaatnomada:
– kredit to‘lovlarini uzaytirish yuzasidan asoslantirilgan izoh;
– karantin davri yakunlangandan so‘ng kredit tashkiloti tomonidan belgilangan muddat ichida kredit shartnomasiga kiritiladigan o‘zgartirishlarni amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq rasmiylashtirish yuzasidan qarzdorning majburiyati qayd etilishi lozim, deyiladi MB axborotida.
Shuningdek, karantin davri tugagandan so‘ng belgilangan muddat ichida qo‘shimcha hujjatlarni qonunchilikka muvofiq rasmiylashtirilmagan taqdirda kredit shartnomasiga kiritilgan o‘zgarishlar kredit tashkiloti tomonidan bekor qilinishi va dastlabki shartnoma shartlari kuchga kirishini ma’lum qilindi.