Kruiz kemasidagi hayot: Amerikalik 13 yildan beri kemani tark etmaydi
Chet davlatlardagi aksariyat odamlar nafaqaga chiqqach, keksalik gashtini surishni maksimal qulayliklar bilan tartibga solishga harakat qilishadi – ular shahar tutuni va shovqinidan uzoqroqda joylashgan qishloqlarda uy sotib oladi, farzandlari va nevaralariga yaqinroq bo‘lishga yoki u yerlarda oddiy hol sanalmish tibbiyot xodimlari va yashash uchun barcha sharoitlari mavjud bo‘lgan qariyalar uylarini izlashga harakat qilishadi.
Qanday bo‘lmasin, ko‘pchilik nafaqaxo‘rlar muqim turmush tarzini afzal ko‘rishadi.
Lekin amerikalik Morton Jablin ulardan biri emasligi aniq – u 13 yildan beri okean bo‘ylab o‘zining haqiqiy uyiga aylanishga ulgurgan kruiz kemasida sayr qiladi.
Jablin Amerikaning Bruklinida tug‘ilgan, u Ikkinchi jahon urushida qatnashgan, uylangan, ikki o‘g‘ilni tarbiyalagan, o‘zining to‘r ishlab chiqarish korxonasini qurgan va shahar chetidagi uyga egalik qilgan. Bir qarashda Jablinlar oilasida farovon hayot kechirish uchun hamma narsa yetarli, oila boshlig‘idan faqat nevaralari o‘sib ulg‘ayishidan bahramand bo‘lib, keksalik gashtini surish talab qilinardi.
Ehtimol, shunday bo‘lar edi, lekin Mortoning rafiqasi Sharlotaning o‘limi hamma narsani o‘zgartirdi. Turmush o‘rtog‘isiz uy huvillab qoldi, erkak bu yo‘qotishni yengishi kerak edi.
Er-xotin sayr kemalarida sayohat qilishni juda yaxshi ko‘rgan, shuning uchun Morton rafiqasi xotirasiga kemaga ko‘chib o‘tishga qaror qildi, u Seven Sears Navigator kemasiga ko‘chib o‘tdi va u yerda 13 yildan beri yashab kelmoqda. Bu g‘ayrioddiy harakatidan oldin, nafaqaxo‘r o‘zining ermagini amalga oshirishga qancha pul sarflash kerak bo‘lishini hisoblab chiqdi. Kemada bunday uzoq vaqt qolish uchun Morton o‘zining to‘r fabrikasini sotdi, mablag‘ni depozit hisobiga qo‘ydi, u turar joyi to‘lovini foizlardan to‘lab keladi.
Kemada Jablin o‘zini yolg‘iz his qilmaydi. 94 yoshli Morton har doim quvnoq yoshlar, tibbiyot va xizmatchi xodimlar qurshovida yashaydi. U kamdan-kam hollarda faqat o‘g‘illari bilan uchrashish uchun Mayami qirg‘og‘iga chiqadi. Uzoq vaqt davomida laynerning oshpazlari Mortonning barcha sevimli taomlarini o‘rganishgan, hatto restoranda uning alohida stoli ham bor. Shifokorlar ham bu yoshdagi odamlar uchun muhim bo‘lgani sababli Jablinga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatib turishadi.
Janob Jablin dengiz havosi, iliq iqlim va quyosh vannalari tufayli havas qilsa arzigulik sog‘lig‘i bilan ajralib turadi va shifokorlarga tez-tez murojaat qilmaydi.
Morton Seven Sears Navigator ekipaj a’zolarini o‘zining ikkinchi oilasi deb hisoblaydi, o‘z o‘rnida kema a’zolari esa Jablinni kemaning o‘ziga xos tirik tumori deb bilishadi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.