Kulgi gimnastika o‘rnini bosadi

Samimiy, dilkash xodimlardan biri o‘zining yangi latifasi bilan barchani og‘ziga qaratdi.

- Ikki ovchi o‘rmonda ov qilib, o‘qlari tugab uyga qaytayotsa, yo‘ldan sher chiqib qolibdi. Jon holatda qochib daraxtga tirmashibdilar. Birinchi ovchi hamrohiga tasalli berish uchun: “Men kitobda o‘qiganman, sher daraxtga chiqa olmaydi”, debdi. Qarashsa, arslon vajohat bilan tepaga qarab o‘rlay boshlabdi. Shunda ikkinchisi: “Ana chiqyapti-ku?!” desa, sherigi xijolat bo‘lib: “Menimcha, bu sher o‘sha kitobni o‘qimagan bo‘lsa kerak”, degan ekan...

Hozirgina suv quygandek jimjit bo‘lib turgan xona devori kulgi zarbidan titrab ketadi, go‘yo. Kimdir bor ovozda xo-xolasa, kim¬dir tovushini ichiga yutib xi-xilaydi, uchinchisi kulgidan yoshlangan ko‘zini artadi. Qovoq uyub o‘tirgan yoki xo‘mraygan odam yo‘q. Hamma baravar kuladi. Zerikish, siqilish, arzimagan narsadan asabiylashish o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. Mazza qilib kulgandan so‘ng kayfiyat ko‘tarilib, ishchanlik ortadi. Haligina sog‘lig‘idan shikoyat qilib turganlar ham kasalligini esidan chiqargandek, g‘ayrat bilan o‘rnidan turadi.

Ha, buni kulgining qudrati, deydilar. Tabassum va xanda bilan o‘z muammolaringizni sal bo‘lsa ham unutasiz. Kulgi darg‘alaridan biri Yusufjon qiziq Shakarjonov bejiz “kuling do‘stlar, umringiz uzoq bo‘ladi” demagan. Bu xususda alloma Abdurahmon Jomiy shunday deganlar:

Siqilgan kishiga kulgi baxsh etmoq,

Bir botmon qanddan ham bilgil, yaxshiroq.

Shakardan topadi maza og‘iz, til

Kulgidan topadi lazzat ruhu dil.

Kulgi, tabassum asab buzilishining oldini olibgina qolmay, ko‘plab kasalliklarni davolar ekan.

Kulgi bilan davolashning asoschisi, amerikalik jurnalist Norman Kazins o‘tgan asrning yetmishinchi yillari boshida o‘z ustida shunday tajriba o‘tkazgan. U bir necha oy faqat kulgili komediyalarni tomosha qilgan. «Kulgi seanslari natijasida suyaklarimda paydo bo‘lgan og‘ir kasallikdan qutuldim» deydi u. Kazins keyinchalik kulgi bilan davolash kafedrasini tashkil etadi. Ana shu tashabbusning samarasi o‘laroq, Amerikada 600 dan ortiq kulgi terapevti tabassum bilan davolash bo‘yicha tajriba to‘plagan. AQShlik olimlarning e’tirof etishicha, kulgi dardni yengish, terining allergik xastaliklarini davolashda eng muhim vositadir.

Kulgi tanani yayratadi, yurakni yashnatadi. Yonimizdagi kishi tabassum qilsa, tafti bizning yuragimizga ham ko‘chib kiradi. Shu tariqa yurak quvonchga to‘ladi, kayfiyat sozlanadi. Turmush tarzimizda kulgining ahamiyati shu qadar muhimki, ko‘pgina muammolarni kulgi yordamida yengib, stress oqibatida paydo bo‘ladigan kasalliklarning oldini olishimiz mumkin.

- Kulgi miyaga kuch beradi, o‘pkada havo almashinuvini yaxshilaydi, bosh miya qobig‘idagi impulslarning yurishini tezlashtiradi, bu esa yangi axborotlarni qabul qilish va o‘zlashtirishga yordam beradi, - deydi kattaqo‘rg‘onlik tajribali fizoteropevt-vrach Gulsara Bobomurodova. - Bemorga tashxis qo‘yish, kasalligini davolash asnosida kulgiterapiya imkoniyatlaridan foydalanamiz. Qo‘rqinchli fikrlarni hayoldan o‘tkazsak, dahshatga tushamiz. Kasalliklarni o‘ylayversak, bemor bo‘lib qolishimiz tayin. Har birimiz o‘zimizda hayotga nisbatan ijobiy munosabatni shakllantirishimiz kerak. Ko‘tarinki ruhda yashasak, qadamimizda uchragan mag‘lubiyatni yengish oson kechadi.

Hind olimlari kulgi bilan davolash yuzasidan izlanish olib borib, bir kecha-kunduzda 17 daqiqa kulish lozimligini tavsiya qilganlar. Mutaxassis olim Karl Rodal o‘z tajribalariga asoslanib, «10 daqiqalik kulgi 15 daqiqalik gimnastika o‘rnini bosadi», deb ta’kidlagan. Kulgi mushaklarni bo‘shashtiradi, ovqat hazm bo‘lishini yaxshilaydi, asab tizimida ijobiy kayfiyat paydo qiladi. Inson qachonki yayrab kulsa, dardlari arib, tanasidagi charchoq yoziladi, umriga umr qo‘shiladi.

Abduaziz HOShIMOV.