Kun tarixi: 14 mart - O‘zbekiston xalq shoiri Barot BOYQOBILOV tavallud topgan kun

Barot Boyqobilov 1937 yil 14 martda Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi Kenagas qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq shoiri, Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti laureati.

«Samarqand satrlari», «Visol», «Seni izlayman», «Samarqand ushshog‘i», «Afrosiyob», «Sonetlar», «Kim sokin yashaydi O‘zbekistonda» va boshqa she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan «Shukuhli karvon», «Notinch Xuroson», «Sokin Xuroson» va «Qonli Xuroson», «Hayrat ul-Abror» dostonlaridan iborat «Yangi Xamsa» va «O‘zbeknoma» she’riy romanlari bor.

2006 yilda Toshkent shahrida vafot etgan.

***

    Barot BOYQOBILOV

Urgut chinoridan mening qalamim,

Qalbimning sofligi — buloqlaridan.

Odamlarin mehri — o‘tli kalomim,

Qaddim rasoligi — alp tog‘laridan.

 

Ko‘klam xandasidan — tabassum, kulgim,

She’r bitgan qog‘ozim — saxiy dalasi.

Kimyo tuprog‘idan to‘lgan iligim,

Nafasim — shifobaxsh subhi sabosi.

 

Bedor soylarida — umrim kemasi,

Charx urgan kaptari — o‘y-orzularim.

Tilidagi g‘azal — sevgim shevasi,

Cho‘qqiga ketgan yo‘l — mening izlarim.

 

Tarjimai holim — Urgut qissasi,

She’rim — urgutliklar oltin bo‘sasi.

 

* * *

Yur, chiqaylik sayrga, do‘stim,

Sog‘inganman Siyob bo‘yini.

Tark etaylik shaharni bir zum

Ko‘rmoq uchun ko‘klam to‘yini.

 

Kapalakday aylab sayri gul,

Bog‘lar aro kezaylik xurram.

Sendan faqat iltimosim shul,

Bizdan rizo bo‘lsin bu ko‘klam.

 

Qo‘lingdagi chinni piyola,

Mayli, menga tutmasin sharob.

Yur, azizim, tezroq Siyobga,

May o‘rnida ichaylik gulob.

 

Yoshligimiz o‘tgan gul bog‘lar

Har bahorda bizni so‘roqlar.