Kundalik masalalarni hal etishda mahalla davlat organlari hamda jamoatchilik o‘rtasida “tayanch ko‘prik”ka aylanishi kerak

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Prezidenti farmoni loyihasi va dastur yuzasidan bir qator takliflarimni bildirmoqchiman.

Birinchi taklifim: Maktabgacha ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish hamda bolalarning to‘liq qamrovini ta’minlash maqsadida maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbar va pedagog kadrlarining kasbiy kompetensiyasini rivojlantirish hamda o‘quv dasturlarini takomillashtirishda xorijiy tajribalarni tatbiq qilishda resurs ta’minotiga, qadriyatlarimizga, shuningdek, Mirzo Ulug‘bek madrasasining enagalarni tayyorlash metodikasiga e’tibor qaratilsa, degan taklifim bor.

Ikkinchi taklifim: Pedagog kadrlar maqomini oshirish, ularning bilimi va malakasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish bo‘yicha to‘rtinchi maqsadga olis va chekka hududlarda joylashgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun bepul avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yishda har bir tumanda davlat-xususiy sheriklik asosida avtobuslarni lizingga berish va ular tomonidan jamoat transporti xizmati ham ko‘rsatilishi lozim. Bunday avtobuslardan o‘quvchilar maktabga borish va qaytishda bepul foydalanadi.

Uchinchi taklifim: Fiskal barqarorlikni ta’minlash va davlat majburiyatlarini samarali boshqarish bo‘yicha 46-maqsadga taklifim shuki, hududlarda yangi sanoat zonalarini tashkil etishda aholi demografiyasi, hududlarning geografik jihatlari, shuningdek, sanoat zonalari tashkil etilgan hududlardagi tadbirkorlik sub’yektlari tajriba amaliyotlarini ommalashtirish, shuningdek, yangi tashkil etiladigan sanoat zonalarida o‘zaro axborot, tovar, xomashyo almashinuvi va hamkorlik mexanizmlarini kuchaytirish maqsadga muvofiq.

To‘rtinchi taklifim: O‘zbekistonda tashqi va ichki turizmni rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratish orqali sayyohlar sonini oshirish bo‘yicha 58-maqsadga ichki turistik xizmat ko‘rsatuvchi ob’yektlarda narxni ma’lum muddat davlat tomonidan nazoratga olishni taklif etaman. Chunki bizdagi ichki turistik xizmatlarning narxi jahondagi eng qimmat turistik zonalar bilan tenglashadi. Bu esa ichki turizmning rivojlanishiga salbiy ta’sir qilmoqda.

Beshinchi taklifim: Hududlarni kompleks rivojlantirish, urbanizatsiya strategiyasini amalga oshirish, aholini arzon uy-joy bilan ta’minlash darajasini oshirish bo‘yicha 60-maqsad yuzasidan ko‘p qavatli uy qurayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning sotuv xizmati elementlarini aholi uchun qulay va soddalashtirishga erishish lozim, deb hisoblayman.

Oltinchi taklifim: Aholi farovonligini ta’minlash va hududlarda kundalik masalalarni hal etishda mahallani jamoatchilik hamda davlat organlari o‘rtasidagi “tayanch ko‘prik”ka aylantirish bo‘yicha 74-maqsad 1-bandiga qonunchiligimizda mahallaning imijini yangi bosqichga ko‘tarish, mahalladagi kengashni shakllantirishning yangi mexanizmlarini joriy etish, hududiy vakillik kengashlardagi mahalla ovozi va ishtirokini ta’minlash masalalariga e’tibor qaratilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Shahriyor Xolboyev,

Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi Samarqand hududiy filiali direktori vazifasini bajaruvchi.