Kutubxonaga taklifnoma

Adashibman, kutubxonaga taklifnoma ekan. Unda shunday so‘zlar bor edi:

“Aziz kitobsevarlar!

Kitob har qanday bilimning joni va yuragi, har qanday fanning ibtidosidir. Kitoblar aql farzandlaridir. Kitobsiz uy – jonsiz tanaday gap.

Viloyat axborot-resurs markazining kitob fondi 171 ming 283 nusxani, shundan elektron kitoblar 20 ming 266 tani tashkil etadi.

Hurmatli kitobsevar, bilimga chanqoq do‘stlar!

Sizni viloyat axborot-kutubxona markazida kutib qolamiz!”

Shuningdek, taklifnomada markazning ish vaqti, manzili, telefon raqamlari yozilgan ekan.

– Bu ham o‘quvchi yoshlar va ota-onalarning kitobga mehrini oshirish, kitobxonlikni targ‘ib etishning bir vositasi, – deb izoh berdi viloyat axborot-resurs markazi rahbari Yu.Muhammadiyev mazkur holatdan hayron bo‘lganimizni ko‘rib. – Har birimiz bayram va tantanalar, turli tadbirlarga taklifnoma olamiz. Lekin kutubxonaga taklif etilgan noma kamdan-kam uchraydi. Shu sababli bugungi tadbir chog‘ida o‘quvchilarga va boshqa ishtirokchilarga mana shunday taklifnoma tarqatishga ahd qildik. Kutganimizdek, bu ko‘pchilikka boshqacha ta’sir qildi. Ayniqsa, o‘quvchilarda axborot-resurs markazimizga qiziqish oshganini ko‘rdik.

Viloyat hokimligi, matbuot va axborot boshqarmasi, Pushkin nomli axborot-kutubxona markazi, xalq ta’limi boshqarmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan “Sog‘lom va ma’naviy yetuk avlod – yurt kelajagi!” shiori ostidagi “Bolalar kitobi” festivali va kitoblar ko‘rgazmasida maktab o‘quvchilari, o‘qituvchilar, samarqandlik yozuvchi va shoirlar qatnashdi.

Tadbirda viloyat axborot-kutubxona markazi va viloyat axborot-resurs markazidagi bolalar adabiyoti namunalari ko‘rgazmasi namoyish etildi. Yangi nashr etilgan kitoblar taqdimoti o‘tkazildi. Shuningdek, o‘quvchilar o‘rtasida “Men o‘qigan eng yaxshi kitob”, “Eng yaxshi asar qahramoni”, “Faol kitobxon” kabi mavzularda insholar tanlovi, savol-javoblar, mushoiralar uyushtirilib, faol o‘quvchilar rag‘batlantirildi.  Yosh kitobxonlar bilan taniqli shoir va yozuvchilar, ijodkorlarning uchrashuvi ham taassurotlarga boy bo‘ldi.

Festivalda viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov ishtirok etdi.

G‘.HASANOV.