Kutubxonalar qanday ishlayapti?: Tizimdagi muammolar xususida fakt, taklif va mulohazalar

Hozir kitob o‘qiyotgan odamni kamdan-kam  uchratamiz. Eng yomoni, shunga ko‘nika boshladik. Ammo kitob azaldan insonga o‘zlikni, dunyoni anglash, hayot mazmunini tushunish vositasi bo‘lib kelgan. Shuning uchun jamiyatda kitob mutolaa qiladiganlar kam bo‘lsa ham unga doim ehtiyoj bor. Ana shu ehtiyojimizni qodirishda kutubxonalarning o‘rni katta.

Jumladan, bolalarni kitob o‘qishga qiziqtirish, mutolaa madaniyatini shakllantirish va ularga kutubxona xizmatlarini ko‘rsatishda viloyat bolalar kutubxonasi jamoasi samarali mehnat qilib kelmoqda. Kutubxona viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tasarrufida bo‘lib, 16 tuman, shahardagi 1272 ta  umumiy o‘rta ta’lim maktabi kutubxonalariga uslubiy rahbarlik qiladi. Kutubxonaga a’zo bo‘lish bepul va fonddagi adabiyotlardan 10 kun muddatda foydalanish hamda belgilangan muddatda o‘qib ulgurmagan adabiyotni yana 10 kun muddatga uzaytirish mumkin ekan.

Kutubxona direktori o‘rinbosari Gulbahor Sharipovaning aytishicha, kutubxona fondida 19 ming 238 nomdagi 94 ming 835 dona qog‘ozli, 30 ming 550 ta elektron adabiyot mavjud bo‘lib, ulardan 22 mingdan ziyod kitobxon foydalanmoqda. Kutubxonada 28 nafar kutubxonachi abonementlarga xizmat ko‘rsatishdan tashqari, har oyda ikkita asar o‘qib, umumta’lim maktablarida o‘tkaziladigan targ‘ibot tadbirlarida o‘quvchilarga uning mazmuni haqida so‘zlab beradi. Bu maktab o‘quvchilari bir oyda 50 dan ortiq asarning g‘oyasi bilan tanishadi, degani. Shu bilan birga, maktablarda, sog‘lomlashtirish oromgohlarida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ko‘rik-tanlovlar tashkil etib kelinmoqda.

Kutubxonalardagi muammolar hal etilmasa, kitobxonlik rivojlanmaydi

Keyingi yillarda kitob mutolaasi muhimligi yoshlar, rahbarlar, umuman, jamoatchilik orasida buni keng targ‘ib qilish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish ko‘p ta’kidlanmoqda. Albatta, amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar natijasida sohada sezilarli yutuqlarga ham erishilyapti. Xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan bir necha yildan beri o‘tkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon” respublika ko‘rik-tanlovi yoshlar o‘rtasida kitobga bo‘lgan qiziqishni oshirdi, kitobxonlik targ‘iboti jonlandi. Ammo kitobxonlik madaniyatini shakllantirishda kutilgan natijalarga erishganimiz yo‘q. Xo‘sh, bunga sabab nima? Savolimizga viloyat bolalar kutubxonasi direktori Yusuf Muhammadiyevdan javob oldik.

- To‘g‘ri, kitobxonlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yutuqlarga erishilyapti, biroq sohada yechimini kutayotgan muammolar ham bor, - deydi Yu.Muhammadiyev. – Buni viloyat maktablaridagi kutubxonalar misolida aytib o‘taman. Birinchidan, maktablardagi kutubxonalarda badiiy adabiyotlar yetarli emas. Ikkinchidan, kutubxonalar qulay joyda qurilmagan. Ya’ni, maktablarning eng chetida, ko‘rimsiz, kishi bormas bir burchagida joylashgan. Uchinchidan, kutubxonalarda kompyuterlar yo‘q, internetga ulanmagan. Viloyatda  kutubxonalarning internetga ulanish ko‘rsatkichi 10 foizga ham yetmaydi. Shu joylarda elektron kutubxonalar sanoqli. To‘rtinchidan, joylarda kitobxonlik targ‘iboti talab darajasida tashkil etilmayapti. Beshinchidan, kutubxonalarda ishlaydigan xodimlar maoshi kam. Tizimdagi ushbu muammolarni hal qilmay turib, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish qiyin.

Prezidentimizning  2019 yil 7 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bilan umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari qoshida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha axborot-resurs markazlari tugatilib, Milliy kutubxona qoshida 186 ta tuman (shahar) da axborot-kutubxona markazlari tashkil etilgan. Ayni paytda viloyatimizda 16 ta axborot-kutubxona markazi bo‘lib, ularda 300 nafardan ziyod xodim faoliyat ko‘rsatmoqda.

- Qariyb 20 yildan buyon kutubxona sohasida faoliyat yuritaman, - deydi viloyat axborot-kutubxona markazi direktori o‘rinbosari Nargiza Saidmurodova. – Yashirib nima qildim, oldin kutubxonada kerakli kitobni topish mushkul edi. O‘sha kitobni kimdir o‘qishga olib ketgan yoki hali kutubxonaga yetib kelmagan bo‘lardi. Hozir esa axborot-texnologiyalari rivojlanib kitoblar ko‘paydi, lekin kitobxonlar kam. Bu bilan umuman kitob o‘qimayapmiz, deyishdan yiroqman. Chunki hozir ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqdan kitob o‘qishini aytadi.

Keyingi yillarda kutubxonalarda kitobxonlar uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi va har yili kitob fondlari boyitib borilmoqda. Masalan, oldin kutubxonamizda adabiyotlar faqat qog‘oz shaklida bo‘lsa, hozir elektron adabiyotlar soni ham ko‘paydi, raqamlashtirish yo‘lga qo‘yildi, tadbirlar formati, sifati va nufuzi oshdi.

Hozirgi kunda axborot-kutubxona markazimizda 41 ming 277 nomdagi 52 ming 420 nusxada kitoblar mavjud. Markazimiz 2021 yilda 718 million so‘m mablag‘ evaziga to‘liq ta’mirdan chiqarildi va zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Moddiy-texnik bazani yaxshilash uchun 2022 yilda 30 million so‘m, 2023 yilda 40 million so‘m, joriy yilda esa 54 million so‘m mablag‘ ajratildi. Natijada 2020 yilda axborot-kutubxona markazimiz 2415 nafar foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2024 yilning birinchi yarim yilligida bu ko‘rsatkich 10 ming 825 nafarga yetdi. Hozir kutubxonamiz doimiy foydalanuvchilarining 8924 nafarini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi.

Axborot-kutubxona markazlari joylashgan binolar achinarli holatda

Nargiza Saidmurodovaning ta’kidlashicha, tizimda kadrlar masalasi eng og‘riqlidir. Chunki bu sohada faoliyat yuritayotgan xodimlarning aksariyati kutubxonachi mutaxassisligi bo‘yicha o‘qimagan va viloyatda bor-yo‘g‘i 79 nafar oliy, 167 nafar o‘rta maxsus ma’lumotli va 100 nafardan ziyod texnik xodim ishlaydi. Shuningdek, axborot–kutubxona markazlari uchun ajratilgan binolar kutubxona uchun moslashmagan, fondlar kam, moddiy texnik baza yaxshi emas, elektron adabiyotlar yetishmaydi, ilmiy bazalar deyarli yo‘q.

Masalan, Narpay tumanidagi axborot-kutubxona markazi alohida bino bilan ta’minlanmagan. Vaqtincha foydalanishda bo‘lgan binoda isitish tizimi mavjud emas. Bor-yo‘g‘i ikki dona kompyuteri (ular ham ma’nan eskirgan) bor. Bulung‘ur tumani axborot-kutubxona markazi haligacha alohida bino bilan ta’minlanmagan. Vaqtincha foydalanib turilgan bino kutubxona uchun moslashmagan. Kitobxonlar uchun mo‘ljallangan o‘quv zallarida o‘rinlar soni juda kam.

Nurobod tumani axborot-kutubxona markazi bino bilan ta’minlangan. Biroq, o‘quv zali va kitob fondini saqlash uchun mo‘ljallangan xonalarda isitish tizimi yo‘q. Buxgalter, kadrlar bo‘yicha mas’ul, bibliografiya bo‘limi, AKT xodimi, butlash bo‘limlari uchun alohida xonalar ajratilmagan. Deraza romlari yog‘och-taxta materialidan tayyorlangan bo‘lib, foydalanish muddati o‘tganligi sababli yorilgan. Foydalanishda bo‘lgan stol-stullar ham eskirgan. Kutubxona balansida bugungi kunda birorta ham kompyuter jamlanmasi va printer mavjud emas. Shuningdek, AKMning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida keyingi 4 yilda byudjetdan biror marta mablag‘ ajratilmagan. Axborot-kutubxona markazi 2020 yilda 3915 nafar foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2024 yilda ularning kelib keluvchilar soni 16569 nafarga yetgan. Bu qamrov tuman aholisiga nisbatan juda kam.

Bundan tashqari, Samarqand, Qo‘shrabot, Payariq va Paxtachi tumanlarida ham shunday muammo va kamchiliklarni ko‘rish mumkin.

Yuqorida mutaxassislar fikri asosida kutubxonalardagi asosiy muammo va kamchiliklar haqida to‘xtaldik. Bu kitobxonlik madaniyati shakllanmayotganining bir jihati, xolos. Ana shulardan kelib chiqib ushbu muammolar yechimi va kitobxonlikni rivojlantirish yuzasidan ayrim takliflarimiz bor edi.

Birinchidan, kitobxonlikni yanada ommalashtirish uchun o‘tkazilayotgan tanlovlarda sovrinli o‘rinlar sonini ko‘paytirish kerak. Masalan, kattalar o‘rtasida ham “Yosh kitobxon” tanloviga o‘xshagan tanlovlar o‘tkazilsa, ota-onalar shundagina kitob o‘qib, farzandiga o‘rnak bo‘lardi yoki sovrinni olish uchun harakat qilardi.

Ikkinchidan, hozir ko‘pchilikning bo‘sh vaqti ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chgan va internetda o‘zini maqtash bilan ovora. Undan ko‘ra, ijtimoiy tarmoq faollari va blogerlarni milliy mentalitetimizga xos materiallar tayyorlashga undash, kitobxonlikni targ‘ib qilishga jalb qilish va ularni qo‘llab qo‘llab-quvvatlash kerak.

Uchinchidan, odamlar gavjum joylarda va mahallalarda ko‘chma kutubxonalar tashkil etish va kitoblarni bepul ijaraga berishni joriy etish va buning uchun imtiyozlar kerak.

To‘rtinchidan, tumanlardagi kutubxonalar, axborot-kutubxona markazlariga mahalliy hokimliklar e’tibor qaratishi, ma’rifat maskanlari hamma uchun qulay, keng va ko‘zga tashlanadigan joyda bo‘lishi ta’minlansa maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.