"Kuyov koreyalik ekan!" “Nima-a-a?!”

Wikipedia elektron nashriga ko‘ra, turli mamlakatdan bo‘lgan ayol va erkakning turmush qurishi xalqaro nikoh hisoblanadi. Ayniqsa, Osiyoning yetakchi davlatlari bo‘lgan Yaponiya, Janubiy Koreyada bunday nikohlar soni o‘tgan asrning 80-yillaridan boshlab bugungacha o‘sib kelmoqda. Misol uchun, Janubiy Koreyada yillik jami nikohlarning 13 foizi ajnabiy kelin yoki ajnabiy kuyov ishtirokida ro‘yxatdan olinmoqda. Janubiy Koreya fuqarolari orasida asli xorijlik bo‘lganlar jami aholining 2.5 foizini tashkil etadi. Ularning aksari koreys xonadoniga xorijdan kelin bo‘lib tushgan ayollardir.

Koreyaliklar tarixan jahonning "homogen" hisoblangan noyob millatlaridan biri. Ya’ni, "qoni buzilmagan" xalq. Keksa koreyslarning ayrimlari hozirgacha ham ajnabiylarni xushlamaydilar. Chunki ular “begonalar” millatga falokat olib kelishlarini ota-bobolaridan ko‘p eshitganlar. Biroq an’analar eskirmoqda, tamoyillar nuramoqda, globallashuv genga ta’sirini o‘tkazmay qolmayapti.

Statistics Korea idorasining 2016 yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, 13 va 24 yosh oralig‘idagi koreyaliklarning 77 foizi taqdirlarini xorijiy davlat fuqarolari bilan bog‘lashga tayyor. 2008 yilda bu ko‘rsatkich 66.2 foizni tashkil qilgan.

Shuning barobarida, ota-onalarning ham fikrlari o‘zgarmoqda: 50 yoshdan oshgan keksalarning 56.4 foizi xalqaro nikohni, boshqa millatdan bo‘lgan kuyov yoki kelinni qo‘llab-quvvatlashi diqqatni tortadi. 2008 yilda ularning 17.5 foizi xorijlik kelin yoki kuyovga rozilik bildirishgan.

Shu bilan birga, muammolar ham ko‘paymoqda...

O‘tgan asrning ikkinchi yarmidan boshlab Janubiy Koreya va AQSh hamkorligi rivojlanishi natijasida amerikaliklar ommaviy ravishda koreys ayollariga uylana boshladilar. Til va g‘arbona madaniyatni bilmaydigan, amerikaliklarning taomini pishira olmaydigan bu ayollarning ko‘pi tahqir va kamsitilishlarga duch kelishadi. Millat bu ijtimoiy hodisadan xavotirga tushadi, buni isnod deb qabul qiladi. Bugun bu holat Koreyaning o‘zida sodir etilmoqda: Osiyoning ayrim davlatlaridan Janubiy Koreyaga baxt izlab kelayotgan xorijlik kelinlarning ko‘pi oyoqosti qilinmoqda.

Xususan, 2012 yildan boshlab xorijlik kelinlar bilan bog‘liq qotilliklar soni muntazam ko‘payib, bugungi kunda har yili yuzdan ziyod o‘lim holatlari qayd etiladi. Buning ortida oilaviy zo‘ravonlik, jinsiy va ruhiy qiynoqlarning turgani hukumatni ham tashvishga solmoqda.

Misol uchun, bir necha yil avval o‘n to‘rtinchi qavatdan sakrab, joniga qasd qilgan xorijlik kelin fojiasi ortida jinsiy zo‘ravonlik va ruhiy qiynoq turgani ma’lum bo‘lgan.

Koreyadagi xorijlik kelinlarga "tug‘ish mashinasi" deb qarash, ularni majburan islovotxonalarda ishlatish, xizmatkor sifatida munosabatda bo‘lish holatlari aniqlangan.

Koreyaga qizlarimizni qaysi omillar tortib kelmoqda va bu yerda ularni qanday muammolar qiynamoqda? Bunday nikohlarning yaxshi va yomon tomonlari nimada?

"Romantika"

So‘rov hamda suhbatlardan ma’lum bo‘lishicha, romantik aloqalar aks etgan seriallar, hashamdor qilib tasvirlangan koreyscha hayot namoyon filmlar xorijlik qizlarni bu yurtga maftun qilib qo‘ygan ekan. 2000-yillarda namoyish qilingan “Qish sonatasi”, “Kuz ifori”, “Saroy javohiri” va boshqa dramalarni yaxshi eslaymiz.

"Hashamatli hayot"

O‘ziga to‘q koreyslar an’analarga sodiq bo‘lishadi, ular boshqa millatdan uylanishga botina olishmaydi. Xorijdan uylanayotgan koreys erkaklarining deyarli barchasi daromadiga ko‘ra o‘rtahol qatlamga mansub. Bunday erkaklar odatda bir umr kichik va noqulay, shuningdek arzon ijara uylarda turishni afzal ko‘rishadi. Boisi, Janubiy Koreyada uy-joy qilish qimmatga tushadi.

O‘zbekistonlik kelinlar bir umr ijarada yashashni tasavvur qila olmaydilar. Bu muammo ortidan ajralib ketgan oilalar ham bor.

"O‘zbekistonda to‘y qilish qiyin"

Janubiy Koreyaga turmushga chiqqan o‘zbek qizlarining ko‘pchiligi O‘zbekistonda qiz uzatish qanchalar qiyin ekani, ota-onalarini qiynamaslik uchun aynan shunday taqdirga ko‘nganliklarini aytishadi.

Hukumat qanchalar kurashmasin, xalqni to‘ydagi ortiqcha dabdababozlikdan to‘xtata olgani yo‘q. Ko‘rib turibsizki, agar to‘y xarajatalarini kamaytirmasak, qizlarimizdan ayrilib qolishda davom etamiz.

"Ota-ona orzusi"

“Ikki yoshni baxtsiz qilgan taqdir emas, ota-ona orzusidir”, degan fikrni “O‘tkan kunlar”da o‘qiganmiz. O‘zidan 28 yosh katta bo‘lgan koreyalikka turmushga chiqqan qizlardan birining aytishicha, u ota-onasining qistovi bilan to‘yga rozilik bergan. Ota-ona unga hozir yosh ekani, hozir mol-davlat to‘plab olishi, Koreyada joylashib olib, qolgan oila a’zolarini ham chaqirtirishini uqtirishadi.

Yaxshi tomonlari ham bor ...

Tanganing ikkinchi tomoniga ham diqqat qilaylik. Xalqaro nikohlarning ijobiy tomonlari ham bor. Janubiy Koreyaning yetakchi tibbiy muassasalaridan birida asli vodiylik bo‘lgan hamshira qizga duch keldim. Uning sa’y-harakati bilan o‘sha kuni ishim oson bitdi. Suhbatdan ma’lum bo‘lishicha, u koreyalik bo‘lgan kursdoshi bilan turmush qurgan ekan.

Mahalliy aholiga turmushga chiqqan o‘qimishli va tilni biladigan o‘zbek ayollarining imkon qadar o‘zbekistonliklarga yordam qo‘lini cho‘zishlari haqida bu yerda ko‘p eshitdim. Koreyslar bilan quda-andachilikni o‘zimcha yaxshilikka yo‘ydim. Har narsada bir hikmat ko‘rish – xayrli.

Islom dinida qizlarning g‘ayridinga turmushga chiqishi behudaga qoralanmaydi. Mantiqan olganda buning sabablari ko‘p. Men ko‘rgan koreyalik kuyovlardan biri o‘zbek qizi sabab Islom dinini qabul qilibdi, madaniyatimizni o‘rganib, farzandlarini ham iymonli-e’tiqodli qilib tarbiyalashga harakat qilyapti.

Xorijlikka turmushga chiqqan o‘zbek qizi haqida eshitsak, hayratlanmaydigan kunlarga ham yetib keldik. Avvallari qizini boshqa shaharga bergan ota-onaga mahalla-ko‘yning ichi achigan. Bugun esa xorijga qiz uzatib, "boyvachcha" kuyovdan qalin pulini olgan ota-onaga havasmandlar soni ham ko‘paymoqda. Ayniqsa, "kuyov koreyalik ekan!" degan xabardan ichi kuygan qo‘shnilar qancha! Ammo, bu orzu-havaslarning tovonini to‘lash aksariyat hollarda yoshgina qizlarimizning zimmasiga tushmoqda.

Maqsadimiz boshqa millatga qora chaplash emas, millatimiz ayollarining xorijda kamsitilishlari, tahqirlanishlarining oldini olish, yurtdoshlarimizni hushyorlikka chorlashdir. Niyatimiz xolis – o‘zbek qizlari qayerda va kim bilan bo‘lmasin baxtli bo‘lishsin!

Shuhrat Sattorov.

Human.uz