Kuz manzaralari: Kechagi tong bugungisiga o‘xshamaydi
Kuz tonglarini kuzatganmisiz?
Kechagi tong bugungisiga o‘xshamaydi. Go‘yo tabiat har kun uchun o‘zgacha bir tong hadya etgandek. Yoz bo‘yi bir xil tongga o‘rgangan ko‘zlar har kuni oldingisiga o‘xshamagan fusunkor tongning guvohi, ta’rifiga til ojiz bo‘lgan o‘zgacha manzara maftunkori, go‘yo million yilda bir ro‘y beradigan mo‘’jizaviy ko‘rinishga sazavor bo‘lgandek.
Azal-azaldan ufqlarning yelkadoshi bo‘lgan qoramtir tog‘lar yuziga harir mato tortilgandek, ular negadir xira tortgan, borliqda uzoq vaqtlar ko‘rinmay qolgan tumanning sharpasi bo‘lsa kerak, elas-elas ko‘zga tashlanayotgan o‘ta zaif va simobiy rangga o‘xshash noma’lum bir tusdagi havo oz vaqt o‘tib shaffof bo‘ladigan umidni uyg‘otadi ko‘ngilda.
Darhaqiqat, ufq birdan ravshanlanib, havo eski buloq suvidek tiniqlasharkan, o‘z shakliga sodiq tog‘larning tanish qiyofasi bir dam nigohda muhrlanadi, lekin ko‘k yuzida ohista sudragan gavdasini muqim tutolmagan bulutlar galasi osmonni tog‘lar ko‘tarib turibdi, degan gumonga boribmi, qirg‘oqqa talpingan qayiq misol ufqqa tomon suzganini ko‘z ilg‘aydi va beixtiyor diqqat ko‘kka tortiladi.
Charxlanaverib, eni qari cholning oriq barmog‘idek bo‘lib qolgan o‘roq misol oy hali namoyon, lekin yonidagi qahraborang bulutning avzoyidan qo‘rqib, joyida tosh bo‘lib qolganga o‘xshaydi. Yonida hali to‘liq so‘nib ulgurmagan yolg‘iz bir yulduz esa to‘dasidan ayrilib qolgan jayron bolasining iltijo bilan boqqan mitti ko‘zlarini eslatadi.
Xo‘roz qichqirig‘i. Uzoqdan kelgani aniq, lekin quloqqa sekin bo‘lsa-da, ravon chalingan bu ovoz, nainki tong sukunatining barham topishiga, ko‘kka andarmon xayollarning to‘zg‘ishiga ham sabab bo‘ladi. “Kechikdi”, o‘ylaysan, kechagi kunlarni yodga olib, “kechikdi”. Ilgari tong otguncha qichqirardi ular. Tongning kundan-kunga kechikib otayotganiga erinchoq xo‘rozning erta qichqirmagani sabab, deb o‘ylaysan. Etni biroz junjiktirgan nimjon yelning oyoq sudrashini eshitib, atrofga alanglaysan, go‘yo uni izlagan bo‘lasan. Yel barglar bo‘ylab odimlagandek, yaproqlardan tanish ovoz keladi.
Oh, rangi sarg‘aygan bir barg bandidan uzildi. Yelning vazni og‘irlik qildi unga, ko‘tarolmadi. Uzlatga yuz tutgan bargga qo‘shilib, nigohing zaminga tushadi. Eh-he, qancha barglar, bir kechada. Ular ustida ham yel vazmin qadam tashlagandek, bemador yaproqlar urushda og‘ir yarador bo‘lib, jon taslim qilayotgan askarlardek titrab-titrab qo‘yadi. Nimagadir iching achiydi, o‘ksinasan, o‘kinasan.
Yo‘q, noto‘g‘ri o‘ylarga berilding debmi, ufqda bo‘y ko‘rsatgan yorug‘lik faqat unga qaratgan nigohingni emas, xayolingni, butun borlig‘ingni chulg‘ab olgandek bo‘ladi.
Yelga ko‘nikasanmi, yel senga ko‘nikadimi – eting uvishmaydi. Aksincha, tanu joning yayragandek bo‘ladi. Kuzning namxush yellarimi yoki tongning oppoq nurlarimi, anglolmaysan, lekin yoqimli, badaningga orombaxsh bir nima singib borayotganini his etasan, baxt tuyasan.
Bu kuz tonglari hadya etadigan saodat.
Xurshid Nurullayev