Lenin ... Kattaqo‘rg‘onda yashagandi
...Madraim og‘aning o‘g‘li – Lenin murg‘akligidayoq g‘oyat zehnli edi. U olti yoshga yetar-yetmas maktabning 1-sinfiga o‘qishga kirib, 13 yoshida o‘rta maktabni tamomlagan.
Lenin Saydashevning Xorazm muallimlar tayyorlash institutiga kirib o‘qishi uchun fuqarolik yoshiga yetganligi xususidagi soxta guvohnomani "katta ish" da ishlaydigan amakisi olib bergan.
L.Saydashev oliygohni 1941 yilda tugatib, Shovot rayonidagi o‘rta maktablarda o‘qituvchi, ilmiy bo‘lim mudiri va direktorlik vazifalarida ishladi. 1944-1946 yillarda Chernigov shahridagi temiryo‘llar bilim yurtida o‘qituvchilik qildi.
– Opam Banot Saydasheva o‘sha yillari oilasi bilan Kattaqo‘rg‘onda yashardi, – degandi rahmatli Lenin aka. – 1946 yilning so‘nggi oylarida opamning taklifi bilan Kattaqo‘rg‘onga kelib qoldim. 1952 yilgacha shahardagi 2-o‘rta maktabda fizika-matematika fani o‘qituvchisi, maorif bo‘limida metodist bo‘lib ishladim. Bu orada Samarqand davlat universitetida sirtdan o‘qib, fizika-matematika fakultetini imtiyozli diplom bilan bitirdim. Shu yilning o‘zidayoq O‘zDU professori Isaak Kukles meni o‘z kafedrasiga ishga olib qoldi.
Keyinchalik L.Saydashev Toshkent politexnika va avtomobil yo‘llari institutlarida, respublika Oliy ta’lim vazirligida, Samarqand viloyat statistika boshqarmasida ishladi.
Umrining oxirigacha (1989 yil) Kattaqo‘rg‘on shahridagi 7-hunar-texnika bilim yurtida hisoblash markaziga boshchilik qilgandi.
Lenin Madraimovich o‘zining "nodir" ismi bilan faxrlanishni xayoliga ham keltirgani yo‘q edi, nazarimda.
Zukko muallim, olim Lenin Saydashevni kattaqo‘rg‘onliklar, shogirdlari hurmat bilan eslashadi.
Abduaziz HOShIMOV.