Limondan konfityur tayyorlanadi

Limon daraxti subtropik o‘simlik hisoblansa-da, bizning mamlakatimizda ham, ayniqsa respublikamizning janubiy viloyatlarida tabiiy sharoitda va boshqa joylarda issiqxonalarda yetishtiriladi. 

Limon mevasi tarkibida 8 foizga yaqin limon kislotasi, oz miqdorda qand, A, V1, V2, V15, S vitaminlari, flavonidlar, fitonsidlar, sitosterinlar, har xil mineral moddalar bor. Mevasining po‘stlog‘ida esa 0,5- 0,6 foizga yaqin efir moyi bo‘ladi.

Shu sababli ham limon xalq tabobatida me’da, jigar, o‘t yo‘li, shamollash, kasalliklarida foydalanilgan. Ayniqsa, bugungi koronavirus pandemiyasi tarqalgan kunlarda har kuni bir stakan limonli choy ichish foydali hisoblanadi.

Zamonaviy tibbiyotda ham limondan ko‘pgina kasalliklarni davolashda vitamin va ozuqaviy tolalarga boy mahsulot sifatida tavsiya etiladi. Ayniqsa, qon bosimi yuqori va qandli diabet kasalliklarida limon iste’mol qilish foydali. Hatto limonning yoqimli o‘tkir hidi va ta’mi stress holatlarida ijobiy natija berishi isbotlangan. Limonning tanaga ham foydasi katta. Masalan, limon S va R vitaminlariga boyligi uchun qon tomirlarini yot moddalardan tozalab, qonning o‘tkazuvchanligini ta’minlashga katta yordam beradi. Bu esa limonning yoshlik eliksiri ekanligidan dalolatdir.

Ana shulardan kelib chiqib Samarqand iqtisodiyot va servis instituti servis kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan talabalarni jalb qilgan holda limon mevasidan foydalanish asosida tarkibi boyitilgan, funksional maqsadlarda foydalanish mumkin bo‘lgan innovatsion mahsulotlar yaratish borasi da ilmiy-tadqiqot ishlari bajarilmoqda. Ya’ni, mazkur mevadan hech qanday chiqitsiz konfityur tayyorlash mexanizmlarini ishlab chiqdik. Mazkur konfityur limondagi mavjud elementlarning saqlanib qolishi bilan foydali bo‘ladi. 

Ro‘ziboy NORMAHMATOV,

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori, texnika fanlari doktori.