Londondagi yoshlar konferensiyasi hayotimni o‘zgartirdi
Yaqinda jahonning 60 dan ortiq mamlakatlaridan kelgan 1200 dan ziyod yoshlarni birlashtirgan London xalqaro Birlashgan Millatlar Modeli (London International Model United Nations (LIMUN) konferensiyasida ishtirok etdim.
Rosti, bunday nufuzli konferensiyada qatnashaman, deb sira o‘ylamagandim. Dastlab konferensiya haqida tasodifan eshitib qoldim va internetdan qidirib, qatnashish istagimni yozib yubordim. Menga konferensiya boshlanishidan ikki hafta oldin xat keldi, unda Afg‘oniston davlati haqida so‘zga chiqishim aytilgandi. Men Afg‘onistonning madaniyati, ta’limi, tabiati, geografik joylashuvini o‘rgandim. Konferensiya shartiga ko‘ra, kimga qaysi davlat tushgan bo‘lsa o‘sha davlat haqida to‘liq ma’lumot berishi kerak edi. Xalqaro konferensiya men uchun global voqealar haqidagi bilim va tajribalarimni kengaytirdi. Bundan tashqari, yangi do‘stlar orttirdim, turli davlatlar siyosati, o‘ziga xos g‘oyalar va madaniyatlar bilan tanishdim. Shuningdek, tarixiy va zamonaviylik uyg‘unlashgan London bo‘ylab sayohat qilish imkoniga ega bo‘ldik.
Universitetda darslarimiz to‘liq ingliz tilida xorijlik mutaxassislar tomonidan olib borilishi menga juda qo‘l keldi. Sababi, tadbir to‘liq ingliz tilida bo‘lib o‘tdi. Ushbu xalqaro yoshlar konferensiyasi Buyuk Britaniyaning LIMUN fondi xayriya tashkiloti tomonidan tashkil etildi. Xayriya tashkilotining maqsadi yoshlar o‘rtasida madaniy va ijtimoiy harakatlarda bir-biri bilan hamkorlik qilish ko‘nikmalarini shakllantirish, xalqaro munosabatlarni anglash hamda ularda yetakchilik, muzokaralar olib borish mahoratini rivojlantirish va diplomatiya sohasidagi malakalarini oshirish, shuningdek, ularni BMT faoliyati bilan yaqindan tanishtirishdan iborat.
“Diplomatiyada insonparvarlik: global boshqaruvni rivojlantirish” mavzusida tashkil etilgan konferensiyada turli davlatlardan kelgan talabalar dunyoning ayrim global muammolarini muhokama qildi va yechimlarni taklif etdi.
Xalqaro konferensiyadan ko‘tarinki ruhda qaytdim. Endi avvalgidan ham yaxshi o‘qishga, o‘z kasbimning yetuk mutaxassisi bo‘lishga ahd qildim. Universitetda tadbirkorlik va menejment yo‘nalishida o‘qiyman. Kelajakda menejmentlik sohasida bilimlarimni yanada mustahkamlash niyatida xorijiy tajribalarni o‘rganib, o‘z yurtimda yangi loyihalar ustida ishlamoqchiman. Rivojlangan davlatlardan ko‘ra, bizda loyihalar kiritish va uni rivojlantirishga imkoniyat keng. Faqat bundan foydalanish uchun bilim va tajriba kerak. O‘qituvchilarimiz bu borada bizga nazariy bilimlarimizni amaliyot bilan bog‘lagan holda qiziqarli tarzda yetkazib beryapti. Universitetda xorijiy metodlar asosida ta’lim olayotganimdan juda xursandman. Maqsadim – o‘z kasbimning yetuk mutaxassisi bo‘lib, Vatanim taraqqiyotiga hissa qo‘shish.
Faridun Rahmatillayev, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti talabasi.