Luqma: MChJ otaxonlarni choyxonada choy emas, aroq ichishga chorlayaptimi?

Yaqinda alkogol mahsulotlari do‘konida «Choyxona vodka» degan aroq, uning qutisida uch nafar otaxonning choy ichib o‘tirgan rasmini ko‘rib hayron qoldim.

Nima bu? Aroqni ishlab chiqarganlar - Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “Doz-tur” mas’uliyati cheklangan jamiyati otaxonlarni choyxonada choy emas, aroq ichishga chorlayaptimi yoki aroqni choynakda ichsa yaxshi bo‘ladi, demoqchimi?

Bizda azaldan nuroniy otaxonlar xonadonlarimiz fayzi, farishtasi, duogo‘y va maslahatgo‘yimiz sifatida ardoqlanadi. Ammo aroq ishlab chiqaruvchilarning bu yondashuvi nuroniylarimizga nisbatan haqorat, qolaversa, odob-axloq, hurmatning hech qaysi mezoniga to‘g‘ri kelmaydigan ish. Tag‘in mahsulotning «Choyxona» deb nomlanishi ham noto‘g‘ri.

Buni nazorat qiluvchi organlar mas’ullari hisobga olsa, bu holatga barham bersa, ayni muddao bo‘lardi.

Abduaziz HOShIMOV.