Lyu Bolin - ko‘rinmas odam
Xitoylik rassom va haykaltarosh Lyu Bolin o‘zini atrofdagi muhitga yashirishga ishqiboz va u bor mahoratini ishga solib, vazifasini zo‘r ishtiyoq bilan bajaradi. Lyu shogirdlari yordamida o‘zini iloji boricha fonga aralashadigan tarzda bo‘yaydi. Har bir sahna 10 soatgacha davom etadi, shundan so‘ng hatto o‘tkinchi ham uni farqlay olmaydi - fotosuratlar haqida gapirmasak ham bo‘ladi.
Lyu Markaziy tasviriy san’at akademiyasining haykaltaroshlik bo‘limini tamomlagan, ko‘plab shaxsiy va jamoaviy ko‘rgazmalar o‘tkazgan, Pekinda yashaydi va ishlaydi. Uning asarlari allaqachon dunyoda yaxshi tanilgan va tan olingan.
Lyu Bolin o‘z ishida turli janr va texnikalarni, jumladan, haykaltaroshlik, ijrochilik san’ati va fotografiyani mujassam etadi. U o‘z asarlari bilan zamonaviy hamjamiyatning muhim muammolariga, Xitoy va boshqa dunyo davlatlarining siyosiy qarama-qarshiliklariga murojaat qiladi.
Bir qarashda, Bolin faoliyati natijasi - fotosuratlar g‘ayrioddiy manzaralarni tasvirlayotgandek tuyulishi mumkin, ba’zi landshaftlar osongina taniladi, boshqalari esa yo‘q. Diqqat bilan qarasangiz, har bir fotosuratda tik turgan odamning konturini ko‘rishingiz mumkin. Bu jussani nimadir bezovta qiladi, u savollar tug‘diradi: Bu odam nima qilyapti? Uning ob’yekt bilan birlashuvi nimani anglatadi? Nima maqsadda u o‘zini bu manzaraga kiritgan?
Albatta, bu jussalar Lyu Bolinning o‘zi, u “yo‘q bo‘lib qolib”, “ko‘rinmas odam”ga aylanadi. “Shaharda yo‘qolib qolmoq” suratlar seriyasi yaratilishida 2005 yildagi voqealar turtki bo‘ldi, o‘shanda mahalliy hukumat Pekindagi “Suo Jiya Kang” xalqaro san’at lagerini vayron qilgan edi. Boshqa ko‘plab mo‘yqalamlar qatori guruh a’zosi Lyu Bolin ham o‘z ustaxonasini yo‘qotdi. U o‘nlab vatandoshlari kabi ijod uyining asossiz vayron qilinganiga norozilik bildirishni o‘zining burchi deb bildi. Xitoyda norozilikning ayrim shakllari taqiqlangan va ushbu vaziyat rassom fikrlarini ifoda etishning o‘ziga xos usullarini ishlab chiqishga undadi.
Ko‘pincha, orqa fon jamiyatning dolzarb muammolari haqida biror bir narsa aytish uchun tanlanadi.
“Tanlangan joy xoh siyosat, xoh ekologiya, madaniyat va hokazolar bo‘lsin, aniqlik bilan muayyan ishoralarga murojaat qilishi kerak... Orqa fon muhim ma’lumotlarni taqdim etadi. Mojaro mening tanam shu fonda yo‘qolganida paydo bo‘ladi - bu mening nuqtai nazarimdagi jamiyatning aksidir ", - deydi Lyu Bolin.
Bundan tashqari, Lyu o‘z asarlarida ekologiya va global issiqlik masalalarini rassom va tomoshabinga qanday ta’sir qilishini tushuntirmoqchi bo‘ladi.
“Nazarimda, zamonaviy jamiyatda inson ahamiyati doimo yo‘q bo‘lib ketayotgandek. Turmush sharoiti yaxshilanayotganiga qaramay, odamlar tez rivojlanayotgan oqimda o‘zlarini o‘zi yo‘q qilyapti. Hayratlanarli qarama-qarshilik, shunday emasmi?! Myen turli bo‘shliqlarda g‘oyib bo‘lib, odamlarga har bir odam o‘z o‘rniga ega ekanligini yetkazishni tanlayman”, ta’kidlaydi Lyu.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.