Ma’naviyat fidoyilari sulolasining yorqin vakili

Dahbediylar
Markaziy Osiyoda tasavvuf toinki sho‘ro tuzumiga qadar izchil, uzluksiz davom etgan. XX asr boshlarida yurtimizda, asosan, naqshbandiya, qisman esa qodiriya tariqati vakillari faoliyat olib borgan.
XVI asrda Samarqand yaqinidagi Dahbed qishlog‘i bu yerga Namanganning Kosonidan kelib o‘rnashgan Maxdum A’zam Kosoniy – Dahbediy sharofatidan naqshbandiyaning yirik markaziga aylangan edi.
XIX asr oxirlari – XX asr boshlarida Dahbediy pirlarning muridi bo‘lgan bir avlod sharofati bilan Urgut tariqatning yirik markazlaridan biriga aylandi.
Urgutiylar
Urgutiy pirlar orasidan shunday bir sulola yetishib chiqdiki, bu oila a’zolari tariqatni otadan o‘g‘ilga o‘tkaza borib, o‘ziga xos bir zanjir hosil qildi. Zanjirning boshida Xoja Valixon Urgutiy turgan edi. Bu zot o‘z davrida “qutb uz-zamon” deya yuksak nom bilan sharaflangan. U Mavlono Mirmuhammad Ibrohim Samarqandiyning muridi bo‘lgan. Tariqatga rahnamolik qilish Eshoni Valixondan o‘g‘li Eshoni Muhiddinxonga o‘tdi. Eshoni Muhiddinxon, ko‘p muridlari qatori, o‘g‘li Eshon Qutbiddinxonni tarbiyaladi. Eshoni Muhiddinxon bir arizasida jumladan: “Mening otam, bobom va katta bobolarim eshonlik bilan shug‘ullangan” – deb yozadi:
Urgutning Chorchinor mavzesida urgutiy pirlar tashabbusi va mablag‘iga avval cho‘bin, ya’ni sinjli, 1914 yili esa g‘ishtin madrasa ham qurildi. Hatto, 1920 yili Buxoroda bolsheviklar bosqini yuz berib, u yerdagi barcha madrasalar faloliyati to‘xtatilganidan keyin shahri sharifning ayrim nufuzli mudarrislari shu madrasaga kelib, ta’lim berishni davom ettirgan.
Eshoni Valixon va uning nevarasi Eshoni Qutbiddinxon ana shu Chorchinor mavzesiga dafn etilgan. 2019 yili taniqli shoir, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Abduvali Qutbiddin ham ulug‘ bobolari yonidan abadiy qo‘nim topdi.

Eshoni Valixon Urgutiyga tahdid
Albatta, “Eshoni Urgutiy” sifatida nom qozongan dastlabki ulug‘ zot – Eshoni Valixon Urgutiy. U 1915 yili vafot etgan. Naqshbandiya Muhammad payg‘ambar(s. a. v.)dan boshlanadigan “oltin” silsilasida 32-halqa hisoblanadi.
Eshoni Valixon xalq orasida juda katta mavqega ega edi. Bu o‘sha davrdagi hukmron siyosatga mutlaqo yoqmas edi, albatta. Xalqni o‘z g‘oyasi bilan ergashtirishi mumkin bo‘lgan obro‘y-e’tiborli har qanday shaxs avtoritar va totalitar tuzumga xush kelmaydi. Hukmron siyosat uchun faqat uning aytgani – aytgan, degani – degan bo‘lishi kerak, vassalom. Shuning uchun ham Eshoni Valixon chor hukumati maxfiylari tomonidan umr bo‘yi doimiy ravishda kuzatuvda bo‘lgan.
Tarix fanlari doktori, professor Shodmonqul Pirimqulovning yozishicha, 1914 yilning avgustidan Eshoni Valixon faoliyati bilan shaxsan Samarqand uyezdining harbiy gubernatori general-mayor Likoshinning o‘zi shug‘ullana boshlagani, jumladan, arxivlarda uning 1914 yilning 11 avgustida qo‘l ostidagilarga: “Sizning itiyoringizda bo‘lgan bo‘limdagi men boshqarayotgan Samarqand uyezdi, Urgut qishlog‘ida yashovchi Eshoni Valixon to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yuborishingizni so‘rayman”, – degan mazmundagi maktub yo‘llagani ham aytiladi.
Arxivlarda chor hukumati podpolkovnigi Sizix imzosi bilan 1914 yilning 25 avgustida Samarqand uyezdi harbiy gubernatoriga “Mutlaq maxfiy” (“Sovershenno sekretno”) tamg‘asi bilan yo‘llangan javob xati nusxasi ham saqlanadi. Unda, jumladan, shunday mazmundagi ma’lumotlarga duch kelamiz:
“Shuni bildirishni lozim topamanki, mavjud ma’lumotlarga qaraganda, Samarqand uyezdining Urgut qishlog‘ida Eshoni Valixon otli obro‘yli Eshon bor. Uning muridlari Turkiston, Buxoro va Afg‘onistonning turli joylarida yashaydi. Aytishlariga ko‘ra, Buxoroda u yuksak hurmat-ehtiromga ega va vafotidan keyin avliyolar safiga kiritiladi.
Urgut volostiga rus volost boshqaruvchisi tayinlanganidan keyin volostda bunga nisbatan kuchli norozilik yuzaga keldi. Hatto, hukumatdan yashirmagan holda mahalliy aholi o‘rtasida (“sredi tuzemsev”): “Urgutliklar hukumatga qarshi hech qanday ish qilgani yo‘q va ular orasida rus talablari bilan kelishgan holda xalqni boshqara oladigan sharafli shaxs bor”, – degan mish-mishlar tarqaldi.
Xalqning bu kayfiyatini eslatib o‘tilgan Valixon qo‘llab-quvvatlab turibdi va katta fanatizmni qo‘zg‘ash uchun u o‘zining bir necha muridiga go‘yoki muqaddas joylarni ziyorat qilish uchun safar bahonasida Afg‘onistonga borish, amalda esa u yerda o‘zining sodiq muridlaridan bir qismi bilan shaxsan ko‘chib borishi uchun sharoit hozirlashga yashirincha ko‘rsatma bergan. Bunday sodiq muridlari soni esa besh yuz kishidan oshadi”.
Keltirilgan bu ma’lumotlar chor hukumati shunday ulug‘ insonning xalq orasidagi yuksak mavqeidan qanchalar qo‘rqqanini, u zot bilan hisoblashishga majbur bo‘lganini ko‘rsatadi.
Eshoni Muhiddinxonga tahdid
Xo‘sh, sobiq sho‘ro davlatining Eshoni Valixon avlodlariga munosabati qanday bo‘ldi?
Oradan bir asr o‘tganidan keyin dadil aytish mumkinki, XX asr boshlarida yurtimizda naqshbandiyaning Muhiddinxon Eshondan obro‘yliroq va iste’dodliroq vakili bo‘lmagan. U tariqatning asriy an’analarini izchil davom ettirdi.

Biroq sho‘ro tuzumi dinsizlar davlati edi. U faqat islom dininigina emas, umuman, mahalliy xalq tiynati, ma’naviyati va madaniyatini butunlay sindirib tashlash, milliy xususiyatlaridan “qutulgan” yagona sovet xalqini shakllantirishni avval-boshdan maqsad qilgan edi. Shunday ekan, bu davlatning tasavvuf targ‘ibotchisiga nisbatan o‘ta salbiy munosabatda bo‘lishi tayin edi.
Xalqning ruhoniy yo‘lboshchilaridan, donishmand rahnamolaridan biri sifatida Eshoni Muhiddinxonning buni sezmasligi, anglamasligi mumkin emas edi. Shuning uchun u hukmron siyosat bilan murosayu madoro qilib yashash yo‘lini tanladi.
Eshoni Valixonning bu pozitsiyasi Xoja Hofiz Sheroziyning bir g‘azalidagi:
Bo do‘ston – muruvvat, bo dushmanon – madoro, –
degan misrasini esga soladi.
O‘zbekiston Kommunistik (bolsheviklar) partiyasining 1927 yil 14 iyunida bo‘lib o‘tgan VI plenumida partiya Markaziy Komitetining birinchi sekretari Akmal Ikromov “Dindorlar va maktab to‘g‘risida” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzachi o‘sha paytdagi O‘zbekiston dindorlarini uch asosiy guruhga – eshonlar, mahdud (konservativ) dindorlar va ilg‘or yoki islohotchi dindorlarga bo‘ladi. Ayrim eshonlar rasman, ko‘pchiligi esa norasmiy ravishda eshonlikdan voz kechganini aytadi. Keyin bevosita misol keltirishga o‘tadi:
“Mening qo‘limda urgutlik taniqli eshonning arizasi bor. Yer islohotlari paytida uning qariyb 120 ming muridi – izdoshi borligini aytishgan edi. U yirik eshon edi. Mana, u ariza berib, eshonlikdan voz kechganini va bundan buyon uning oldiga endi hech kim kelmasligini yozadi. Mana, u nima deb yozadi:
“1927 yilning 16 aprelidan men, tubanda imzo chekkan Urgut rayonining So‘fiyon mavzesi(kvartali)da yashovchi Muhiddinxon Valixonov, ushbu qog‘ozni tuzib, shuni ma’lum qilamanki, mening otam, bobom va katta bobolarim eshonlik bilan shug‘ullangan, shuning uchun men ham shaxsan, ota-bobolarim yo‘lini davom ettirib, merosiylik asosida eshon hisoblangan edim.
Sovet hokimiyatida eshonlik bilan shug‘ullanish va boshqalar mehnatini ekspluatatsiya qilish salbiy hodisa hisoblanadi, shuning uchun bizning zamonda yangi maktablarda o‘qish va bilim olish lozim, shuningdek, har bir kishi o‘z ishi, dehqonchilik bilan band bo‘lishi, o‘z shaxsiy mehnati mahsullari bilan tirikchilik o‘tkazishi kerak.
Shuning uchun bu yilning ramazon oyida o‘z ixtiyorim bilan birodarlarimga (izdoshlarimga) men bundan buyon daha ibodatlarini tashkil etish va o‘tkazishdan voz kechganimni, shuning uchun mening oldimga kelmasliklarini ma’lum qilib, xatlar yo‘lladim. Birodarlarim kelishmadi va men daha ibodatlarini o‘tkazmadim.
Bundan tashqari, shuni ham ma’lum qilamanki, kecha 15 aprel, juma kuni juma namozidan keyin o‘z birodarlarimni yig‘dim va hammasiga eshittirib: “Birodarlar, shuni yaxshi bilib olinglarki, men hozirdan boshlab eshonlikdan voz kechdim va voz kechaman. Men ham, o‘g‘illarim ham bundan buyon eshonlik bilan mutlaqo shug‘ullanmaymiz. Endi men o‘z bog‘im va yerimda ishlayman va o‘z mehnatim bilan yashayman.
Uchinchidan, men voz kechganimni muhr bilan keng xabardor qilishni iltimos qilaman, toki barcha hamma yerda o‘qisin va bilsinki, men eshonlikdan voz kechdim, dehqonchilik bilan shug‘ullanyapman va o‘z mehnatim bilan yashayapman, toki mening izdoshlarimdan hech kim mening oldimga kelmasin va meni “eshon” deb hisoblamasin.
Ushbuni men o‘z xohishim bilan tuzdim va imzoladim. Muhiddinxon Eshon Valixonov”.
Imzo ustidan shaxsiy muhr ham bosilgan.
Har qancha eshonlikdan voz kechgan, o‘z yerida dehqonchilik bilan kun ko‘rishga o‘tgan bo‘lishiga qaramay, Muhiddinxon Eshonga sho‘ro davlatining tahdidi to‘xtamadi.
Donishmand Shayx o‘zi va bola-chaqalariga kamroq ziyon yetishini inobatga olib, 1928 yili qo‘shni Afg‘onistonga o‘tadi. 1930 yili haj ziyorati niyati bilan Saudiya Arabistoniga jo‘naydi. Hayoti ham ana shu 1930 yili o‘sha yurtda yakun topadi. Qabri – Madinada.

Eshoni Qutbiddinxonga tahdid
Sho‘ro hukumati bu bilan xotirjam bo‘lmadi. Muhiddinxon Eshonning avlodlariga tahdid qilishni izchil davom ettirdi.
Muhiddinxon Eshonning o‘g‘illari ko‘p edi. Orasida to‘ng‘ichi – 1906 yili tavallud topgan Qutbiddin Eshonning iste’dodi, ilm-ma’rifati, obro‘y-e’tibori alohida edi. 1917 – 1930 yillarda u avval Samarqand, keyin Buxoroning mashhur madrasalarida ta’lim olgan. Urgutning Chorchinor mavzesidagi otasi qurdirgan madrasada, otasidan tashqari, Eshoni Asrorxo‘ja (Muftaqir), Abulbarokat Abdulg‘afur ibni mulla Abdullatif (Yatim), Xudoyberdi Maxsum, Asqarxon Eshonlardan dars eshitadi. 1926 – 1930 yillarda otasi bilan yozishmalar orqali tasavvufga doir masalalarda savol-javoblar olib boradi.
Ehtimol, aynan shuning uchundirki, kaltakning kattasi aynan uning boshida sindi.
Avval otasidan qolgan yer-mulkka egalik qilib, ishlaydi. 1937 yili kolxozga a’zo bo‘lib kirib, 1940 yilgacha bog‘bonlik qiladi. Ammo 1942 yilning 8 avgustida u: “Sovetlarga qarshi faoliyat yurgizyapti”, – degan tuhmat bilan 10 yillik qamoq jazosiga hukm etiladi. Qozog‘istonning Oqbo‘ta shahri qamoqxonasida, Janubiy Orenburgda, Sibir o‘rmonlarida, boshqa baxtsiz mahbuslar qatori, og‘ir mehnat qilishga majbur etiladi. Bunday mushkul sharoitda betob bo‘lib qolgani sababli shifokorlar tavsiyasi bilan qamoqdan ozod bo‘lib, Urgutga qaytadi.
Ammo bu ozodlik ham uzoqqa cho‘zilmaydi. O‘tgan asrning 50-yillari boshlarida respublikamizdagi bir qancha taniqli olim, shoir va adiblarni hibsga olish boshlanganda – 1951 yil 27 noyabrida Qutbiddin Muhiddinov ham qaytadan qamoqqa olinadi. Unga yana sovetlarga qarshi targ‘ibot olib borganlik aybi qo‘yiladi. Ertasiga, ya’ni 1951 yilning 28 noyabri kuni uyida tintuv o‘tkaziladi. Bir uycha, ikki bosh qo‘y, bir sigir, gilamlar xat qilinib, akt tuziladi va ular vaqtincha domlaning rafiqasi Malika ayada saqlab turish sharti bilan qoldiriladi. Tintuv paytida 7 dona arab yozuvidagi kitob, 15 ga yaqin arabcha maktub, 1 dona Qur’on “ahamiyati bo‘lmagani” uchun kuydirib yuborish yo‘li bilan yo‘q qilingani haqida akt tuziladi.
Xullas, Samarqand viloyati sudining 1952 yilning 17 – 19 may kunlari bo‘lib o‘tgan majlisi hukmi bilan mahbusga nisbatan O‘zSSR Jinoyat kodeksining 66-moddasi II qismi va 67-moddasiga ko‘ra 25 yilga qamoq-surgun jazosi tayinlanadi.
1953 yilning 5 martida I. V. Stalin vafot etganidan keyin 1954 yilning 26 iyulida Qutbiddin Muhiddinov SSSR Ministrlar Sovetining Raisi Georgiy Malenkov nomiga shikoyat xati yo‘llaydi.
Ammo bu shikoyat xati tezlikda ko‘rib chiqilmaydi. U O‘zbekiston SSR inqilobga qarshi jinoyat qilganlar ishini qayta ko‘rish bo‘yicha komissiyaning 1955 yil 20 apreldagi majlisidagina ko‘rib chiqilib, 25 yillik qamoq jazosi 10 yil qilib belgilanadi. Shunga qaramasdan, ko‘p o‘tmay adolat tantana qiladi – 1955 yilning oxirlarida domla qamoqdan qutulib, oilasiga qaytadi.
Tarix fanlari doktori, professor Shodmonqul Pirimqulovning “Nauka i religiya” jurnalining 1989 yilgi 11-soni 94-betidagi ma’lumotga suyanib yozishiga qaraganda: “Qutbiddin Muhiddinov Sibirda qamoq jazosi muddatini yirik rus yozuvchisi A. I. Soljenitsin bilan bir turmada o‘tagan.
Qutbiddin domlaning qamoqdan qutulganidan xabar topgan Tojikistondagi qadrdonlari uni Tojikiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot institutiga ishga taklif etishadi. U yerda bir necha yil ishlab, yurtimizdan chiqqan taniqli ziyolilar maslahati bilan domla Toshkentga qaytadi va O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot institutiga ishga qabul qilinadi. Bu borada akademik shoir G‘afur G‘ulomning katta yordami tegadi.
Ustoz 1983 yilning dekabrida avtohalokat tufayli vafot etadi.
Tojikistonda ishlab yurgan kezlari domla O‘zbekiston prokuraturasiga ishlarini qayta ko‘rib chiqib, tamomila begunoh ekanligini tasdiqlovchi qog‘oz berishlarini so‘raydi. Afsuski, bu iltimos ham qondirilmaydi. U umrining oxirigacha sudlangan sifatida yashab o‘tishga majbur bo‘ladi.
Faqat qayta qurish va oshkoralik davri sharofati bilan Qutbiddin Muhiddinov vafotidan 5 yil o‘tganidan keyin, ya’ni 1988 yil 16 dekabrida O‘zbekiston SSR Oliy sudi Prezidiumining qarori bilan Samarqand viloyati sudining 1952 yil 17 maydagi urgutlik eshonlardan Abulxayr Asrorxonov bilan Qutbiddin Muhiddinov haqidagi hukmi tamomila asossiz bo‘lgani, ular faoliyatida mutlaqo jinoyat alomatlari yo‘q ekani aniqlanib, mahbuslar butunlay oqlangani aytiladi.
Taniqli adabiyotshunos, marhum Sherali Turdiyev “Qutbiddin domla qismati (Tavalludining 100 yilligi munosabati bilan)” maqolasida olimning Samarqand va Toshkentda o‘tkazilgan tergov jarayonlarida qanchalar azob-uqubat chekkani, o‘tkazilgan savol-javoblar arxiv materiallari asosida batafsil yoritilgan. Biz ushbu maqolani yozish jarayonida ana shu muallif keltirgan hujjat va dalillarga suyandik.
Sherali Turdiyev zikr etilgan maqolasida kaminani ham Qutbiddin Muhiddinovning shogirdlari qatori sanaydi. Biz shu shogirdligimiz bilan az tahi dil faxrlanamiz. Ushbu satrlar muallifining 1996 yili chop etilgan “Naqshband va Navoiy” monografiyasi aynan shu piri komilga bag‘ishlangan va bu kitobning dastlabki sahifasiga shunday so‘zlar darj etilgan:
“Ushbu risolani bir mahallada yashab, bir dargohda mehnat qilib, dilgir suhbatlariga musharraf bo‘lganim men tanigan eng so‘nggi chinakam naqshbandiy pir – Qutbiddin eshon Muhiddin hoji o‘g‘illarining ruhi poklariga bag‘ishlayman.
M u a l l i f”.

Sharaf topgan shariflik
Mustaqillik yillarida bu ulug‘ oilaviy sulola a’zolari merosiga munosabat tubdan o‘zgardi. Tasavvuf vakillari, jumladan, urgutlik shayxlar merosini o‘rganish imkoniyati paydo bo‘ldi.
2001 yilning 9 martida Samarqand viloyati hokimining “Urgut shahridagi Chorchinor mavzesini obodonlashtirish haqida”gi qarori, 2001 yilning 14 martida esa ana shu qaror ijrosini ta’minlash bo‘yicha Urgut tumani hokimining qarori ham qabul qilindi. Urgutdagi Eshon Valixon hamda u kishining nevaralari Qutbiddin Muhiddinov dafn etilgan Chorchinor mavzesi obod qilindi.
2001 yil yozida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 10 yilligi munosabati bilan Samarqand viloyati, Urgut tumani hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Samarqand bo‘limi hamkorligida “Xoja Valixon va Qutbiddinxon eshonlarni Urgut yod etadi” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
2002 yil 14 iyunida Urgutning ana shu Chorchinor mavzesida Samarqand viloyati, Urgut tumani hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Samarqand bo‘limi, Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti hamkorligida “Xoja Valixon va Qutbiddinxon eshonlarning ilmiy merosi va ma’naviyatimizda tutgan o‘rni” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Anjumanni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, SamDU professori Botirxon Valixo‘jayev boshqardi. Samarqand viloyatining o‘sha paytdagi hokimi Sh. Mirziyoyev, Urgut tumani hokimi X. Nurullayev tabrik so‘zladi. Akademik B. Valixo‘jayev “Xojagon tariqati va Xoja Valixon Urgutiyning mavqelari”, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi kafedrasi mudiri, professor N. Komilov “Shayx Muhiddin Urgutiy maktublari haqida”, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari o‘rinbosari, filologiya fanlari nomzodi S. Olim “Men bilgan naqshbandiy”, SamDU professori Sh. Pirimqulov “Valixon Eshon va uning avlodlariga davrning munosabati” mavzusida ma’ruza qildi.
Shu tariqa Chorchinor hozir mamlakatimizning muqaddas ziyoratgohlaridan biriga aylandi.
Kitob bitgan to‘rt avlod yoxud bevosita vorisiylik
Urgutiy eshonlar sulolasida to‘rt avlod vakillari kitob bitgan. Bugungi kunda xalqimiz orasida sulolaning ketma-ket to‘rt vakili kitob yozgan boshqa bunday oila borligini bilmayman.
Muhiddinxon Eshon
Urgutiy pirlar sarhalqasi Eshoni Muhiddinxondan bizga tasavvufiy maktublar majmuasi meros bo‘lib qolgan. Bu maktublarning 35 tasi muridlari Abdulbarakot Abdulg‘afur ibn Abdullatif al-Yatim tomonidan jamlangan va unga yana 4 ta maktub ham ilova qilingan. Keyingi 4 maktubning birinchisi Shayx Muhiddinxon Urgutiy nomiga kelgan. Hajmi – katta. Qolgan 3 tasi – mazkur Shayxning karmanalik xalifasi domla Abdulkarim muftiga yuborgan xatlari.
Maktublar Abdulmo‘min degan kotib tomonidan 1930 yili ko‘chirilgan. Mazkur majmua 1920/Sh raqami ostida Aburayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazida saqlanmoqda. Maktublar xaqidagi birinchi ma’lumot sharqshunos olim A. Semyonov tuzgan “O‘zSSR FA Sharqshunoslik instituti Sharq qo‘lyozmalari to‘plami” (“Sobraniye vostochnix rukopisey IV AN UzR”) katalogida keltirilgan (II jild, 395-bet). Maktublar tojik tilida yozilgan.
Atoqli sharqshunos, ustoz Najmiddin Komilov maktublardagi asosiy g‘oyalarni quyidagicha tasnif qiladilar:
“ – O‘tkinchi dunyoga qattiq, berilib, dinu iymondan uzoqlashma;
– nafs havosiga uchib, kerilish, takabbur bo‘lish, tama’girlik – so‘fiyning dushmani;
– o‘z yaqinlariga, ahdi olamga mehribon bo‘lish;
– botinni poklab, ma’rifat bilan qalbni to‘ldirish;
– shariat talablarini bekamu ko‘st bajarish, ammo riyoga, xo‘jako‘rsin uchun ibodat qilishga berilmaslik.
Shayx Muhiddinxon Eshonning “Maktubot”i 2006 yili “Movarounnahr” nashriyotida 1 ming nusxada bosildi. Bu kitob O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Botirxon Valixo‘jayev qalamiga mansub “Xojagon silsilasining Sharq va jahon falsafasida tutgan o‘rni” sarlavhali kirish maqola bilan ochiladi. Shuningdek, tarix fanlari doktori Mahmud Hasaniy va filologiya fanlari nomzodi Muhammadjon Mahmudning “Eshoni Urgutiy haqidagi qo‘lyozma asar” maqolasi berilgan. So‘ngso‘z sifatida atoqli sharqshunos, filologiya fanlari doktori, professor Najmiddin Komilovning “Qimmatli irfoniy manbalar” sarlavhali maxsus maqolasi o‘rin olgan. Maktublarni tojik tilidan Hamzaali Sheraliyev tarjima qilgan.
Qutbiddin Muhiddinov (Qutbiy)
Bu Eshonning o‘g‘illari – Qutbiddin Muhiddinov sulolaning ikkinchi kitob bitgan vakili. U kishi Tojikistonda ishlagan kezlari XX asr boshlarigacha bo‘lgan tojik tilining ikki jildli izohli lug‘ati bo‘lmish “Farhangi zaboni tojikiy”ni tuzishda faol ishtirok etadi. Ana shu mo‘’tabar lug‘atni tayyorlash ishiga yaqindan yordam berganlar safida Qutbiddin Muhiddinovning ham muborak nomi qayd etilgan.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot institutida o‘tgan asr 60-yillarining o‘rtalarida “Tarixiy etimologik lug‘atlar” bo‘limi ochiladi. Olim shu bo‘limda umrining oxirigacha mehnat qilib, “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati” 4 jildligining yuzaga kelishida o‘zining munosib hissasini qo‘shdi. Qutbiddin Muhiddinovning ana 4 jildli lug‘atni tayyorlashdagi xizmati mana bunday qayd etilgan: “Xamsa” asarining lug‘atini tuzgan, forsiy, arabiy so‘z, ibora va baytlarning izohi va talqinini bergan, “Majolis un-nafois”, “Lison ut-tayr” asarlarining lug‘atlarini tuzishda ishtirok etgan”.
Olim 1971 yili, ya’ni 65 yoshida “Mirzo Muhammad Mahdixonning “Sangloh” lug‘ati (tadqiqot, sharh, tarjima va transkripsiya)” mavzusida filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya yoqladi.
Bu sohibi qalam “Qutbiy” taxallusi bilan o‘zbek va tojik tillarida she’rlar bitgan, ularga bastakor Ravshan Hamroqulov kuylar bastalagan. Ayrim g‘azallarida ramziy ishoralar orqali yor, ya’ni do‘stni qo‘msash ruhi seziladi. Bunda ko‘ngildan beixtiyor nevaraning qatag‘onlar dastidan tarki Vatan aylagan va umri xorijda yakun topgan bobosini qo‘msashi dardi yashiringanini ham sezish qiyin emas. Masalan, uning mana bu matla’ bilan boshlanadigan g‘azali mag‘zi-mag‘zida ham shu sog‘inch dardi aks etgan ko‘rinadi:
Dam ba dam bo yodi vaslat dil chu pechish mekunad,
Har zamon az ranҷi pechish saxt nolish mekunad.
Mazmuni: “Dam-badam vaslingning yodi yurakka o‘raladi, har zamon ana shu yurakka o‘ralish ranjidan dil qattiq nolish qiladi”.
U kishi Naqshbandiya tariqatining an’anaviy izchil tarbiya ko‘rgan so‘nggi shayxi edilar. O‘zbekiston xalq shoiri G‘afur G‘ulom o‘zini ul zotning muridi yanglig‘ tutar edi.
Muslihiddin Qutbiddinovich Muhiddinov
Urgutiy eshonlar sulolasining kitob bitgan uchinchi vakili – Muslihiddin Qutbiddinovich Muhiddinov. Bu olim faoliyati xususida maqolamizning keyingi fasllarida yana batafsilroq so‘z yuritamiz.
Urgutiy eshonlar sulolasining kitob yozgan to‘rtinchi vakilalari – Eshoni Muhiddinxonning ikki evarasi.
Badia Muslihiddinovna Muhiddinova
Eshoni Muhiddinxonning evaralari Badia Muslihiddinovna Muhiddinova ham – filologiya fanlari doktori, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida professor bo‘lib ishlaydi.
Nazmiya Muslihiddinovna Muhiddinova
Badia Muslihiddinovna Muhiddinovaning singlisi Nazmiya Muslihiddinovna Muhiddinova ham filologiya fanlari doktori, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida professor vazifasida mehnat qiladi.
Bilvosita vorisiylik
Bu katta oilada ilm bilan shug‘ullanib, kitob bitganlar faqat shulargina emas. Sulola vakillari orasida, garchi otalari kitob yozmagan bo‘lsa ham, ilm yo‘lini tanlaganlar yana bor.
Ishoqxon Nosirov
Eshoni Muhiddinxonning Nosirxon o‘g‘illaridan tug‘ilgan nevaralari – Ishoqxon Nosirov filologiya fanlari nomzodi, dotsent, navoiyshunos. 4 jildlik “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati”ni tuzishga munosib hissa qo‘shgan, ya’ni amakisi – Qutbiddin Muhiddinov bilan hamkorlikda “Majolis un-nafois” asarida uchragan so‘zlar lug‘atini tuzgan.
Abduvali Qutbiddin
Eshoni Qutbiddinxonning Abdulmo‘minxon o‘g‘illaridan tug‘ilgan nevaralari bo‘lmish Abduvali Qutbiddin (1960 ‒ 2019) – taniqli shoir, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “Do‘stlik” ordeni, Xalqaro “Oltin qalam” mukofoti sohibi edi.
U 1960 yilning 20 iyunida Qarshi shahrida tavallud topdi. Bolaligi, asosan, Urgut va Samarqand shaharlarida o‘tdi. 1977 yili Samarqand shahridagi 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabini tugatdi. 1978 ‒ 1983 yillarda hozirgi O‘zbekiston milliy universitetining Jurnalistika fakultetida ta’lim oldi.
Mehnat faoliyatini Samarqand viloyatining “Zarafshon” gazetasida muxbirlikdan boshladi. Keyin yana Toshkentga qaytib, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida muharrir, “Yozuvchi” nashriyotida bosh muharrir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Xalqaro” telekanali direktori o‘rinbosari, “Musiqa” direksiyasi direktori o‘rinbosari, “Yangi asr avlodi” nashriyot-matbaa markazi direktori o‘rinbosari hamda “Xalq so‘zi” gazetasi sharhlovchisi vazifalarida xizmat qildi.
Maktab yoshida yozib, matbuotda chop etgan she’rlari og‘izga tushgan edi.
Ijodkorlik Abduvali mansub mashhur oila uchun merosiy edi.
Abduvali Qutbiddin Xoja Valixon Urgutiy eshonning chevarasi bo‘ladi.
Abduvali barakali ijod qildi. G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida “Nayson” (1988) nomli ilk kitobi Rauf Parfi so‘zboshisi bilan bosilib chiqdi. Bu mo‘’jaz to‘plam tez orada adabiy jamoatchilik e’tirofiga sabab bo‘ldi. Shu tariqa Abduvali adabiyotga o‘z ovozi bilan kirib keldi. Shundan so‘ng shoirning ketma-ket “Baxtli yil” (1991), “Xayol kechasi” (1994), “Sen va sen uchun” (1996), “Uzoqdan olisga” (2006), “Bor” (2011), “Da’vat” (2014) kabi to‘plamlari nashr etildi. Abduvali Qutbiddin dostonnavis sifatida ham samarali ijod qildi ‒ “Ozodlik” va “Izohsiz lug‘at”ni yozdi.
Abduvali Qutbiddin o‘z she’rlari bilan zamonaviy adabiyotda tasavvuf ohanglarini qayta jonlantirgan ijodkorlardan sanaladi. Yangi timsol, talqin va ifodalar topdi.
Vafotidan keyin O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi “Ijod” jamoat fondi “So‘z chamani” turkumida Abduvali Qutbiddinning she’riy guldastasini ham chop etdi.
Shoirning umri qisqa ekan. U 2019 yilning 8 dekabrida hayotdan ko‘z yumdi.
Valixon eshon va nevaralari Qutbiddin eshonlar mangu qo‘nim topgan Chorchinor mavzesi mamlakatimizdagi muqaddas go‘shalardan biri hisoblanadi. So‘z orasida Abduvali Qutbiddin kuni kelib, omonatni topshirsa, uni ana shu ulug‘ bobolari yoniga dafn etishlarini vasiyat qilgan ekan. Shunga ko‘ra, u ham shu yerda mangu qo‘nim topdi.
Darvoqe, atoqli shoir G‘afur G‘ulom sho‘ro davrida zimdan Qutbiddin eshonni o‘ziga pir tutgan edi. U zoti sharifning Eski Jo‘vadagi Sag‘bon ko‘chasining Olcha guzarida joylashgan hovlilariga tez-tez kelib turar edi. Ba’zan shunday bo‘lar ekanki, G‘afur G‘ulom darvozalarini taqillatib ulgurmasidan pirning o‘zlari g‘oyibona his bilan peshvoz chiqib, uni shoirga ochar ekanlar. Bu karomatdan ikkalalari ham ta’sirlanib, yig‘lab yuborishar ekan. Shunday kunlarning birida G‘afur G‘ulom yaxshi niyat bilan, eskicha irimimizga ko‘ra, bobosining uylariga Samarqanddan mehmon bo‘lib kelgan, hali 6 yoshga ham to‘lmagan bolakay ‒ Abduvalining og‘ziga tupurgan ekan...
Ibrat tomoni shundaki, Muhiddinovlar oilasi bilan G‘ulomovlar oilasi o‘rtasida ana o‘sha chinorlar o‘rnatib ketgan mustahkam qadrdonlik rishtalari keyingi avlodlar tarafidan hozirgacha ham izchil davom ettirilyapti.
Abduvali Qutbiddin o‘zidan katta meros qoldirdi. Umrining oxirlarida telefon orqali so‘zlashganimizda:
‒ Aka, ana-mana demay, oltmishvoy bo‘lib qolyapmiz. Ancha yildan buyon kitobim chiqqani yo‘q. Yubiley oldi bir katta to‘plam hozirlayapman. Hatto, shu niyatda bir oylik ijodiy ta’til ham oldim, ‒ degan edi.
Uning ijodi ko‘plab dissertatsiyalar uchun tadqiqot manbasi sifatida ilmiy o‘rganildi. Mahfuza Davronovaning “Hozirgi o‘zbek she’riyatida individual uslub poetikasi (U. Azim, I. Mirzo, Faxriyor va A. Qutbiddin she’riyati misolida)” (Samarqand, 2019) mavzusidagi doktorlik (DSs), Maftuna Xolovaning “O‘zbek modern she’riyati poetikasi” (Samarqand, 2018), Gulnoza Oripovaning “Mustaqillik davri o‘zbek she’riyatining g‘oyaviy-estetik va badiiy xususiyatlari” (Farg‘ona, 2019) va Dilshod Xursanovning “Hozirgi o‘zbek she’riyatida xronotop poetikasi” (Samarqand, 2020) mavzusidagi falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalarida, jumladan, Abduvali Qutbiddin she’riyati xususiyatlari ham ilmiy tahlil etilgan.
Bugungi o‘zbek she’riyatida shoirning izdoshlari ‒ ancha. Uning o‘ziga xos, yangicha timsollarga boy, jo‘shqin hissiyotli she’rlari hamon kitobxonlar ko‘nglini zabt etishda davom etib kelayotibdi. Shunday mangulik hammaga ham nasib aylasin.
Umedullo Mahmudov
Qutbiddin Eshonning Ismoilxon o‘g‘illaridan Mohiraxon ismli qiz tug‘ilgan. Uning o‘g‘li bo‘lmish Umedullo Akmaliddin o‘g‘li Mahmudov Qutbiddin Eshonning nevarasi, Muhiddin Eshonning evarasi, Valixon Eshonning chevarasi bo‘ladi. U sharqshunos-manbashunos, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Mavzuna Muhiddinova
Muslihiddin Muhiddinovning nevarasi, Qutbiddin Eshonning evarasi, Muhiddin Eshonning chevarasi, Valixon Eshoninng pannevarasi Mavzuna Sirojiddin qizi Muhiddinova ham – olima, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori. U XVIII asr – XIX asrning birinchi yarmi Buxoro amirligi tarixi bo‘yicha mutaxassis hisoblanadi.
Kamolot maktabi
Tasavvuf – insoniy kamolot yo‘li. Bu ta’limot asr-asrlardan buyon shaxsni oliy darajada yuksaklikka yetkarishni targ‘ib etib keladi. Ammo el orasida: “Tarbiyachining o‘zi tarbiyalangan bo‘lishi kerak”, – degan bir haq aqida yuradi. Yoki: “Mullaning aytganini qil-u, qilganini qilma”, – ham deydi xalq. Bu gaplar tutgan yo‘li, aytgan so‘zi, yozgan g‘oyasiga amal qilmaganlar haqida chiqarilgan.
Urgutiy pirlar avlodi vakillari esa mamlakatimizda tasavvuf, xususan, uning eng takomillashgan tariqati bo‘lmish naqshbandiya qanday ma’naviy barkamollik maktabi bo‘lganini bizning zamonda ham amalan isbotlab kelyapti.
Ilm va arboblik
Muslihiddin Qutbiddinovich Muhiddinov 1945 yilning 5 mayi kuni, 1941 ‒ 1945 yillar urushi g‘alabasiga bor-yo‘g‘i 4 kun qolganida Samarqand viloyatining Urgut tumanida tavallud topdi.
1963 yili Toshkentda o‘rta maktabni, 1967 yili esa Qarshi davlat pedagogika institutining O‘zbek filologiyasi fakulteti kunduzgi bo‘limini imtiyozli diplom bilan tamomladi.
1967 ‒ 1968 yillari Samarqand davlat pedagogika instituti O‘zbek adabiyoti kafedrasi kabinet mudiri, katta laboranti bo‘lib ishladi. 1968 ‒ 1971 yillari Toshkent davlat universiteti O‘zbek filologiyasi fakultetining kunduzgi aspiranturasida ta’lim oldi. 1971 ‒ 1983 yillari Samarqand davlat pedagogika instituti O‘zbek adabiyoti kafedrasiga ishga qaytib, o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent, kafedra mudiri vazifasini bajaruvchi bo‘lib mehnat qildi. 1983 ‒ 1985 yillari shu Institut o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha prorektori, sirtqi va kechki bo‘lim prorektori bo‘lgan. 1985 ‒ 1992 yillari mazkur oliy ta’lim muassasasining O‘zbek adabiyoti kafedrasi dotsenti, professor vazifasini bajaruvchi lavozimlarida ishlagan. 1992 ‒ 1998 yillarda Samarqand davlat universiteti O‘zbek mumtoz adabiyoti kafedrasi professori, 1998 ‒ 2011 yillari shu Universitet ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha prorektori, rektori vazifasini bajaruvchi bo‘ldi. 2011 ‒ 2015 yillarda shu ta’lim muassasasi O‘zbek adabiyoti tarixi, 2015 ‒ 2017 yillari O‘zbek tili va adabiyoti, 2017 yildan esa Mumtoz adabiyot tarixi kafedrasi professori.
U prorektor bo‘lib ishlagan davrlarda SamDU amalda respublikamizning dolzarb ijtimoiy-siyosiy hamda ma’naviy-ma’rifiy mavzularda tez-tez Respublika ilmiy-amaliy anjumanlari o‘tkaziladigan ta’lim muassasalaridan biriga aylangan edi. Sohaning o‘sha yillari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari o‘rinbosari bo‘lib ishlagan bir mutaxassisi sifatida domlani mamlakatdagi oliy ta’lim muassasalari ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha prorektorlarining eng peshqadami, ustozi, sardori deb bilar edim.
M. Q. Muhiddinov ‒ o‘zbek adabiyoti tarixi bo‘yicha yetuk mutaxassis, Samarqand adabiyotshunoslik maktabining faol davomchilaridan biri, ilm ahli orasida katta obro‘yga ega navoiyshunos, mamlakatimizda yuz berayotgan buyuk o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlaridan ruhlanib, uning mohiyati va ahamiyatini talabalar ong-tafakkuriga teran singdirish, ta’lim va tarbiyani uyg‘un holda olib borishni bosh vazifa deb biladigan faol jamoatchi va fan fidoiysi.
“O‘zbek klassik adabiyotida “Bahrom va Dilorom” hamda “Bahrom va Gulandom” siklidagi dostonlar (“O‘zbek klassik adabiyotida “Bahrom Go‘r” syujetining evolyusiyasi”) mavzusida nomzodlik (1972 yil, ilmiy rahbar ‒ O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi G‘ulom Karimov), “Alisher Navoiy va uning salaflari ijodida inson konsepsiyasi (“Xamsa”larning birinchi dostonlari asosida)” mavzusida doktorlik (1995 yil, ilmiy maslahatchi ‒ akademik Botirxon Valixo‘jayev) dissertatsiyalarini muvaffaqyatli himoya qilgan.
Olim fan va ta’limning katta tashkilotchilaridan biri hisoblanadi. Uzoq yillar “Samarqand universiteti” gazetasiga muharrirlik qildi, SamDU qoshidagi nomzodlik dissertatsiyalari himoya etiladigan ixtisoslashgan kengashning avval ilmiy kotibi, keyinchalik raisi sifatida faoliyat ko‘rsatdi. 2017 – 2024 yillarda buyon SamDU huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash raisi sifatida ko‘plab filologiya fanlari doktori va filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajalarini olish uchun dissertatsiyalar muvaffaqiyatli himoya qilinishida bosh-qosh bo‘lib keldi.
M. Q. Muhiddinov ‒ sermahsul adabiyotshunoslarimizdan biri. 11 monografiya, 17 o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 300 dan ziyod ilmiy-nazariy maqola e’lon qilgan. U o‘z tadqiqotlarida komil inson g‘oyasining mumtoz adabiyotdagi talqinlariga katta e’tibor beradi. Chunki olijanoblik, saxovat, shijoat, yaratuvchanlik va bunyodkorlikka asoslangan komil inson g‘oyasi istiqlolga erishgan mamlakatimizning moddiy-ma’naviy taraqqiyotini belgilovchi omil sifatida o‘rganilishi dolzarb masalaga aylandi. Bu borada olimning “Talqinlarda olamcha ma’no” (1984), “Barhayot an’analar” (1987), “O‘zbek klassik adabiyotida gumanizm masalasi” (1988), “Adabiy an’ana va ijodiy o‘ziga xoslik” (1990), “Ikki olam yog‘dusi” (1991), “Alisher Navoiy va uning salaflari ijodida komil inson talqini” (1999), “Xamsa”larning birinchi dostonlarida komil inson tasviri” (2001), “G‘afur G‘ulomning poetik mahorati” (2003), “Komil inson – adabiyot ideali” (2005), “Nurli qalblar gulshani” (2007), “Navobaxsh hikmatlar” (2014), “Xalq kitoblari va mumtoz adabiyot” (2015), “Xamsa” dostonlarda komil inson tasviri” (ingliz tilida: “Perfect human concepts in the first novels of the “Hamsa”, GFR, “Lambert” nashriyoti, 2020), “Fors-tojik shoirlari ijodida komil inson talqini” (2020) kabi monografiyalari navoiyshunoslik va adabiyotshunoslik ilmi rivojiga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi. Ko‘plab ilmiy va ilmiy-ommabop nashrlarga mas’ul muharrirlik qilgan yoki taqrizchi bo‘lgan.
Bu jonkuyar olim va pedagog “O‘zbekiston ovozi” va “Golos Uzbekistana” gazetalari, “Imom al-Buxoriy saboqlari”, “Guliston” jurnallari tahrir hay’atlari, “Imom al-Buxoriy” xalqaro markazi Ilmiy kengashi, “Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligi, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish hamda ijtimoiy taraqqiyotning ilmiy asoslari va amaliy yo‘nalishlari” fani bo‘yicha malakaviy imtihon komissiyasi a’zosi, SamDU huzuridagi pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazi attestatsiya komissiyasi raisi sifatida ham samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. U mamlakatimizda nufuzli ommaviy axborot vositalari, jumladan, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “O‘zbekiston ovozi”, “Yangi O‘zbekiston”, “Jamiyat” gazetalari, “Naqshbandiya” jurnali, “ZarNEWS” ijtimoiy tarmog‘ida dolzarb ma’naviy-ma’rifiy, g‘oyaviy-mafkuraviy mavzulardagi chiqishlari bilan keng ommani mamlakatimizdagi amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning faol ishtirokchisi, til va adabiyotga e’tiborli bo‘lishga, axloq-odob me’yorlariga, sog‘lom turmush tarziga amal qilishga, turli ma’naviy-mafkuraviy tahdidlarga, bilimsizlikka qarshi kurashga da’vat etib kelyapti.
M. Q. Muhiddinov Davlat fan-texnika qo‘mitasining “Sharq mumtoz adabiyotida komil inson konsepsiyasi” (2001 ‒ 2006), “Qo‘lyozma manbalarning milliy-ma’naviy va adabiy meros targ‘ibotidagi ahamiyati” (2007 ‒ 2011), “Temuriylar davrida yaratilgan “Xamsa”larning komparativistik tadqiqi” (2017 ‒ 2020) mavzularidagi grantlar sohibi va rahbari bo‘lgan. Mazkur grantlar doirasida hozirgacha respublikamizda va xorijda 5 monografiya, 1 maqolalar to‘plami hamda 32 maqola chop etildi.
M. Q. Muhiddinov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” (2016) faxriy unvoni, “El-yurt hurmati” ordeni (2020), “O‘zbekiston mustaqilligiga 15 yil” (2006), “O‘zbekiston mustaqilligiga 20 yil” (2011), “O‘zbekiston mustaqilligiga 25 yil” (2016) esdalik nishonlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovg‘asi sifatida O‘zbekiston gerbi aks etgan oltin soat (2018 yil, 9 may), Samarqand viloyati hokimining faxriy yorlig‘i (2015), Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni (2022) bilan taqdirlangan.
Samarqanda adabiyotshunoslik maktabi
So‘nggi yuz yil mobaynida o‘zbek adabiyotshunosligi misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishdi. Poytaxt bo‘lganidan keyin, albatta, Toshkent adabiyotshunoslik maktabi – shubhasiz, bu sohada yetakchi mavqega ega. Ammo adabiyot ilmi mamlakatamizning barcha mintaqalarida izchil rivojlanib borayotibdi. Ular orasida Samarqand adabiyotshunoslik maktabi – alohida o‘rin va mavqega ega. Bunda Sadriddin Ayniy, Vohid Abdullayev, Botir Valixo‘jayev kabi akademiklarning hissasi katta bo‘lgan, albatta. Muslihiddin Muhiddinov ham – ana shu maktabning ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biri. Samarqand o‘zbek navoiyshunosligi markazlaridan biri bo‘lib qolishida, ular qatori, M. Q. Muhiddinovning ham xizmatlari ‒ beqiyos. U shu yo‘nalishda qator monografiya va ilmiy maqolalar yozish, yosh avlodga buyuk shoir va mutafakkir hayoti va ijodi bo‘yicha saboq berish bilan birga, tadqiqotchilarni ayni sohaga yo‘naltirib turibdi ham.
Ustozlik kamoli
Adabiyotshunos olimlarni turfa guruhlarga ajratish mumkin. Bir toifasida tanqidchilik, ya’ni hozirgi adabiy jarayonga faol aralashishga kuchli moyillik seziladi. Ayrimlarida publitsistlik ustuvorlik qiladi. Kimdir tahrirga o‘ch, yetuk muharrir bo‘ladi. Yana bir toifada tarjimonlik rivojlanadi. Kimlardadir juda shogirdparvar keladi. Lekin umrida bir shogird chiqarmagan professorlar ham bor.
Muslihiddin aka ‒ shogirdlari ko‘p olimlarimizdan. Yoshlarni ilmiy ishga qiziqtirish, ularga qobiliyatiga mos dolzarb mavzular tavsiya qilish, bo‘lajak tadqiqotning yo‘nalishlarini belgilab berish, ishning oxiriga yetishi bilan bog‘liq masalalar yechimiga jon kuydirib ko‘maklashish har kimning ham qo‘lidan keladgan yumush emas. Buning uchun ustozda, avvalo, niyat pok bo‘lishi, shogirdning yutug‘idan quvona olish fazilati yuksak darajada shakllanishi lozim.
Alisher Navoiy bir o‘rinda tasavvuf uchun uch narsa kerakligini aytadi. Birinchisi ‒ iste’dod. Ikkinchisi ‒ pir. Uchinchisi ‒ pir bilan murid niyatining o‘zaro uyg‘unligi. Bu talablarni dissertatsiya yozishga nisbatan ham bemalol qo‘llash mumkin. Ya’ni, avvalo, shogirdda muayyan iste’dod bo‘lishi lozim. So‘ng esa yaxshi ustoz tanlash zarur. Qolaversa, ustoz bilan shogird niyati bir nuqtada tutashishi darkor. Ustoz to o‘sha tadqiqot oxiriga yetguniga qadar shogird bilan birga iztirob chekadi. Bir ko‘ylak bo‘lsa ham, ko‘proq yirtgan tajribali mutaxassis sifatida bu yo‘lda duch kelgan har qanday muammo yechimida shogirdiga yo‘l ko‘rsatib boradi. Ochig‘ini aytganda, u bag‘rikeng bo‘lib, yosh tadqiqotchining ayrim “erka”liklarini ko‘tarishga ham majbur. Shuning uchun har kim ham mardlik qilib, bu mas’uliyatlarni yelkasiga olavermaydi.
Ustozimiz ota-bobolari qanday murid tarbiyalagan bo‘lsa, shu an’anani ilm borasida davom ettirib, ko‘plab olimlarning voyaga yetishiga munosib hissa qo‘shib kelyaptilar.

Ustoz rozi bo‘lsa, Tangri – rozi
Ustozimizning sakson yoshga to‘lgan muborak kunlarida bir narsani aytib o‘tish ortiqchalik qilmas. U kishi kaminaning “Lison ut-tayr”ning qiyosiy poetikasi: sintez, naziraviylik va tarjimaviylik” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi(2023)ga ilmiy maslahatchilik, zavjiyamizning “Alisher Navoiy hamd va na’t g‘azallarining g‘oyaviy-badiiy tahlili” mavzusidagi falsafa doktori dissertatsiyasi(2018)ga ilmiy rahbarlik qildilar. Shu kunlarda kelinimiz Dildora Olimova u kishining ilmiy rahbarliklarida yozilgan “XI-XII asrlar o‘zbek she’riyatidagi munojotnoma va me’rojnomalarning adabiy-irfoniy tahlili” mavzusidagi falsafa doktori dissertatsiyasi kafedra muhokamasiga topshirdi.
Navoiy “Mahbub ul-qulub”da:
“Shogird agar shayx ul-islom, agar qozidur, agar ustod andin rozidur – Tengri rozidur.
Bayt:
Haq yo‘lida kim senga bir harf o‘qutmish ranj ila,
Aylamak bo‘lmas ado oning haqin yuz ganj ila”, –
deb yozadi.
Yashirib nima qildim, hamma shogirdlari qatori, biz ham aziz ustozimizning roziliklaridan umidvormiz.
Zamon bilan hamnafaslik
Yana bir jihatlarini aytay. Yoshi 60 ga ham yetmagan ayrim qalamkashlar hali kompyuterda ishlashga o‘tmagan, telefonida telegramm yo‘q, SMS yozishni ham bilmaydi. Ammo Muslihiddin ustoz ‒ ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda nihoyatda faol. Nima yangilik bo‘lsa, darhol undan xabardor bo‘ladilar, muhim-muhimlarini telegramm yoki “facebook” orqali yoru do‘stlarga jo‘natib ham turadilar. Bu jihatlariga tengdoshlari tugul, u kishidan ancha yoshlar ham har qancha havas qilsa, arziydi.
Muvofiqlik
Yana bir narsani ochiq aytish – kerakki, adabiyotshunoslik sohasida mavzu bilan tadqiqotchi ruhiyati o‘zaro qovushmasa, ish ko‘ngildagidek yurishmaydi. Masalan, olim bir umr adabiyotda adolat masalasining yoritilishini tadqiq etsa-yu, hayotda o‘z faoliyati va yashash tarzini adolatsizliklar asosiga qursa, qayoqdan ham so‘z va ish birligi hosil bo‘lsin?!
Shu ma’noda Muslihiddin ustozda naqshbandiya asr-asrlar qadrlab, ulug‘lab, targ‘ibu tashviq qilib kelgan ezgu g‘oyalarga kuchli sadoqat – bor. Dunyoda yaxshi odamlar ‒ ko‘p. Ammo chinakam ko‘ngil odami bo‘lish – juda qiyin. Naqshbandiya esa ko‘ngil kishisini tarbiyalashni maqsad qiladi.
Ochig‘i, hayotimda Muslihiddin akadek inson ko‘nglining nozik-nozik tebranishlarini dil-dilidan his etadigan ziyolini juda kam ko‘rganman. Bu Vatanimizda naqshbandiya sho‘ro davrida ham o‘zining shirin ma’naviy mevalarini beraverganidan dalolat emasmi?
Ahli adab
“Adabiyot” so‘zining o‘zagida “adab” yotadi. “Adab” – aslida, “odob” so‘zining bir shakli. Ammo o‘zbek tilida ular aynan teng ma’noga ega emas. Masalan: “Bir adabingni berib qo‘yaymi?” – degan jumlani hech ham: “Bir odobingni berib qo‘yaymi?” – deb bo‘lmaydi. Chunki bu yerda “adab” xuddiki “jazo”, “ta’zir” kabi ma’noni tashigan. Yoki “ahli adab” so‘z birikmasi “adabiyot (ijod) ahli” degan ma’noni bildiradi. Uni “ahli odob” deb bo‘lmaydi.
Bu mulohazalar hech ham adabiyotning odobdan, ya’ni axloqdan xoli emasligini inkor eta olmaydi. Shunday ekan, adabiyotshunosdan ham, avvalo, odob-axloqda namuna bo‘lish talab etiladi. Demak, adabiyotshunoslik mavzularining shaxs tarbiyasiga ham bevosita, ham bilvosita aloqasi – bor. O‘z-o‘zidan ayonlashyaptiki, qaysi adabiyotshunosning aynan qaysi mavzuni tadqiq qilishi uning shaxsiyati bilan ham u yo bu darajada bog‘liq bo‘ladi, albatta. Shu ma’noda Navoiy ijodida komil inson masalasi Muslihiddin aka tadqiqotlarining asosiy yo‘nalishi hisoblanadi. Tadqiqotchining o‘zi, avvalo, ishlayotgan mavzusiga mos bo‘lishi – kerak. Adabiyotda komillik targ‘ibini o‘rgangan olimning o‘zi komil inson bo‘lishga intilib yashashi – lozim.
Bu olimning hayotini, uning so‘fiyona ko‘nglini, fe’lu atvorini yaxshi bilganlar dil-dildan uning mavzusiga sodiq shaxs ekaniga bot-bot amin bo‘ladi.
Inson ham – Alloh yaratgan jonzotlardan biri. Shuning uchun unda, avvalo, barcha hayvoniy xususiyatlar – mavjud. Lekin Yaratgan odam zotini ong va ko‘ngil bilan siyladi. Agar kishi o‘zidagi hayvoniy xususiyatlarni haddi a’losida jilovlab, uni batamom aql qo‘lida ushlab olsa, ko‘nglini barcha instinktiv mayllardan poklasa, u farishta darajasiga ko‘tarila oladi. Tasavvuf aqidasiga ko‘ra, bunday zotlar Yaratganning sevgan bandalariga – do‘stlariga aylanadi.
Hayot – o‘ta murakkab jarayon. Har bir kishi ‒ muayyan jamiyat a’zosi sifatida hayot kechirar ekan, umri mobaynida har turli insonlar bilan birga, ular bilan to‘qnash kelib yashashga majbur. Odamga juda ko‘p kishining qilig‘i, o‘zini tutishi, yurishi-turishi, fe’l-atvori yoqmasligi – mumkin. Ko‘ngilda o‘sha kishiga nisbatan antipatiya paydo bo‘ladi ham, albatta. Biroq hech kimga bu antipatiyasini o‘sha odamga darhol bildirib qo‘yish huquqi berilmagan-da. Hayvon bunday holatlarda o‘z munosabatini – reaksiyasini ochiq-oydin ro‘yobga chiqaradi. O‘sha o‘ziga yoqmagan ob’yektga tashlanadi, hujum qiladi, uni tishlaydi, tirnaydi, hatto, o‘ldiradi ham. Insonning insonligi shundaki, u har qanday holatda ham o‘zini jilovlaydi, aql bilan ish tutadi, ichki instinktiv, ya’ni hayvoniy mayllarini aql bilan butkul boshqaradi.
Afsuski, hamma ham shunday emas. Ayrim tuppa-tuzuk ziyolilar ham –borki, hatto, bir kungina ham u bilan safarda yurib bo‘lmaydi. Xuddi unga hamma huquq berib qo‘yilganidek, atrofidagi o‘ziga kutilmaganda yoqmay qolgan har qanday odamga tashlanadi, xohlagancha uni jerkiydi, unga nisbatan nafratini yashirmaydi, hatto, mayda narsalarda ham o‘zini tutib turishning uddasidan chiqolmaydi: qo‘pollik qiladi, madaniyatsizlikning oliy namunasini ko‘rsataveradi. Tasavvuf, bundaylar ko‘nglini Shayton boshqaradi, deb hisoblaydi.
Ayni mulohazalar bu yerda bemaqsad, ya’ni omadi gap uchun keltirilayotgani – yo‘q. O‘shandaylarga Muslihiddin ustoz kabi ma’naviy barkamol ziyolilarimizni namuna qilib ko‘rsatishimiz – kerak.
Bunday yuksak ma’naviyat egalari uchun, hatto, odamlar o‘rtasidagi munosabatlarda so‘zning ishtiroki ham kamroq bo‘ladi. Bunday zotlar bilan muloqotda hamma narsani o‘z nomi bilan aytib o‘tirish ham shart emas. Salom-alikning, izzat-hurmat darajasining, ko‘z va ovozda namoyon bo‘layotgan mehr-muhabbatning o‘zidan odamlar bir-birining ko‘nglini, maqsadu muddaosini tushunib ketaveradi.
Kamina Qutbiddin domla atroflarida unib-o‘sgan ustozlarimiz – G‘aybulla as-Salom, Najmiddin Komilov, Muslihiddin Muhiddinov kabi zotlar bilan shu tarzda “gaplashib” ish tutganman.
Mintaqalarimizda istiqomat qilayotgan olimlarning ayrimlari bilan suhbatlashsang, gap o‘sha mintaqadagi qaysi boyning qanday to‘y o‘tkazgani, kimning kimi qayerda ishlashi, kim kimning shogirdiga chil bergani va hokazo shunga o‘xshash, aytish mumkin bo‘lsa, “mayda maishiy” mavzular atrofida aylanib qolganiga ko‘p guvoh bo‘lamiz.
Muslihiddin Muhiddinovning jismi – Samarqandda-yu, ammo ruhi – Toshkent adabiy maktabida. U kishi qaysi olimning yaqinda qanday yaxshi kitob chiqargani, kim qaysi gazetada nima mavzuda yangi bahs ochgani, qaysi yosh tadqiqotchi mumtoz adabiyotimizning hayoti va ijodi kam o‘rganilgan qaysi qalam sohibiga qo‘l urgani, G‘afur G‘ulom, Vohid Abdullayev, G‘ulom Karimov, Botirxon Valixo‘jayev, Ozod Sharafiddinov, Abduqodir Hayitmetov, Orifjon Ikromov, G‘aybulla as-Salom, Rahmonqul Orzibekov, Najmiddin Komilov, Nuriddin Shukurov, Begali Qosimov va boshqalarning o‘z vaqtida qaysi davrada qaysi ilmiy-ijodiy g‘oyani ko‘targani va hokazo shunga o‘xshash ma’naviy-ma’rifiy mavzularda suhbat quradi. Yoki bu gurunglarda turkiy-forsiy mumtoz shoirlar ijodidagi muhim nuqtalar tahlil etiladi, qaysidir buyuk sohibi qalam merosidan bir shohbayt keltirilib, ma’no-mazmuni bugunga bog‘lab chaqib beriladi.
Bunday suhbatlarga to‘ymaydi kishi. Ko‘ngil shunday davralarni sog‘inaveradi.
Ana shu ma’naviy-ma’rifiy ruh Muslihiddin akaning oilasiga ham singigan. Zavjiyalari Sayima Abulxayrovna Asrorova bilan to‘rt o‘g‘il, ikki qiz, o‘n olti nabira, yana qancha evaralarni tarbiyalagan bu xonadondan mamlakatimiz ziyolilari qadami aslo uzilmaydi.
Serqirra faoliyat sohibi ‒ taniqli olim, fanimizning yirik tashkilotchisi, tajribali pedagog, jonkuyar ma’naviyat targ‘ibotchisi Muslihiddin ustozimizga muborak 80 yoshlari muborak bo‘lsin!
Alloh taolo umrlariga umr qo‘shsin!
Baxtimizga hamisha sog‘-omon bo‘lsinlar!
Sultonmurod OLIM,
filologiya fanlari doktori, Toshkent amaliy fanlar universiteti professori,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi