"Ma’rakada o‘tirib, turishin ko‘ring!"
– Xo‘sh, nega endi nodondan? – deb so‘radilar.
– Sababi oddiy, nodonda mavjud bo‘lgan salbiy illatlardan tiyildim!
Muborak Ramazon oyidagi bir iftorlik hamon yodimda. Diniy madrasada ta’lim olgan domla ushbu oyning savobi, amalga oshirishimiz kerak bo‘lgan yumushlar haqida ma’ruza qilayotgan edi. Og‘iz ochishga taxminan o‘n daqiqa fursat bo‘lib, taklif etilgan mehmonlar domlaning so‘zlarini e’tibor bilan tinglayotgandi. Shu payt bir otaxon: "Buncha cho‘zib yubording", degan e’tiroz bilan baland ovozda domlaning nutqini bo‘ldi.
Domla esa bir oz sukut saqladi-da, vazminlik bilan ma’ruzasini davom ettirdi.
Mahallada marhuma xotirasiga o‘tkazilayotgan ma’rakada Qur’on tilovat qilayotgan mahalla mullasiga yana o‘sha qariya noo‘rin e’tiroz bildirdi. Ushbu holat nafaqat mullaning, balki yig‘ilganlarning, ayniqsa, xonadon sohibining qattiq ranjishiga sabab bo‘ldi.
Ma’raka tugagach, o‘sha otaxon haqida surishtirdim. Mahalladoshlarining aytishicha, u saksonni qoralagan bo‘lsa-da, og‘zidan adi kirib, badi chiqadigan, dinu diyonatdan yiroq kishi ekan.
Aslida ma’raka va to‘y-hashamlarda ishtirok etishning o‘ziga yarasha odob hamda qonun-qoidalari mavjud. O‘zini hurmat qilgan har bir kishi ushbu me’yorlarga rioya etishi maqsadga muvofiq. Ya’ni, tadbirga aytilgan vaqtdan kech qolmasdan kelish, ko‘rsatilgan joyga o‘tirish, o‘zaro muloqotda ovozni baland chiqarib, o‘zgalarga halal bermaslik, g‘iybat va behuda gaplardan tiyilish, birovning nafsoniyatiga tegmaslik va hokazolar.
Payg‘ambarimiz tomonidan vorid bo‘lgan hadisi sharifda "Imkoni boricha aytilgan joydan qolmang, aytilmagan joyga zinhor bormang", deya ta’kidlanadi.
Jamoat joyida o‘zini tutish ham madaniyatlilik belgisi. Zero, o‘zini hurmat qilgan kishigina yon-atrofdagilarni ham hurmat qiladi.
Anvar FULOMOV.