Mablag‘i 200 milliard AQSh dollardan oshgan dunyodagi birinchi inson ismi ma’lum qilindi

Amazon kompaniyasi rahbari Jeff Bezos mablag‘i 200 milliard AQSh dollardan oshgan dunyodagi birinchi insonga aylandi. Bu haqda milliarderlar mablag‘ini onlayn kuzatib boruvchi Forbes Real-Time ma’lumotlariga tayanib Forbes jurnali xabar berdi.
Biroq ma’lum qilinishicha, milliarder ushbu natijani uzoq ushlab tura olmagan, 26 avgust holatiga kelib uning boyligi 199.7 milliard AQSh dollar ko‘rsatkichga yetgan. Shunga qaramasdan mazkur ko‘rsatkich Bezos uchun rekord natija hisoblanadi, uning mablag‘i iyul oyidan buyon barqaror o‘sib kelmoqda.
Ushbu holat, Amazon aksiyalari narxi oshishi sababli kuzatilmoqda. 25 avgust yakuniga ko‘ra narxlar 1.18 foizga ko‘tarildi, ya’ni bir dona aksiya uchun 3 346.49 AQSh dollar. Kompaniyaning umumiy bahosi esa 1.68 trillion dollar baholanmoqda. Forbes taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, Bezos Amazonning 11.1 foiz aksiyasiga egalik qiladi, u dunyoning eng badavlat insonlari reytingida 2017 yildan buyon yetakchilik qilib kelmoqda.