Madaniyat rivojida “Samarqand tajribasi” qanday bo‘lishi kerak?

Avval ko‘pam e’tibor qilmasdim, keyingi vaqtlarda kuzatib boryapman. To‘y bazmlari boshda milliy musiqalarimiz, zalvorli qo‘shiqlar bilan boshlanadi. Biroz «qizishib» olgandan keyin esa u qanday ko‘rinish olishi barchaga ayon.

Birgina shu misolning o‘zidan odamlarimiz tiynatida madaniyat hamon ufurib turganligini, ularda haqiqiy san’atga xayrixohlik borligini ilg‘ash mumkin. Aksincha bo‘lganida to‘y kechalarida durdona asarlar yangramagan, yig‘ilganlar uni jo‘r bo‘lib kuylamagan bo‘lardi...

Shu kunlarda xayolimni band qilgan bu o‘yga jamoatchilik orasida tarqalgan bir gap hamohang bo‘lib, qo‘limga qalam olishga undadi: madaniyat va san’at sohasini rivojlantirishda «Samarqand tajribasi» bo‘larkan...

Insoniyat tarixida har qanday millat asrlar davomida shakllangan va davr sinovlaridan o‘tgan milliy-ma’naviy qadriyatlari, madaniyati va tarixiy xotirasi bilan yashasagina mangulikka daxldor bo‘lishiga dalillar ko‘p. Xususan, yurtimiz o‘tmishi ham bunga yorqin misol bo‘ladi. Shubha yo‘qki, xalqimizning buyuk davlatchilik tarixi, urf-odat va an’analari, dunyo tamadduni rivojida munosib hissasi, jahon hamjamiyati e’tirof etadigan milliy xususiyatlari va madaniyati bor. Yangi O‘zbekiston oldida turgan vazifalar ichida bu ulug‘ maqomni yuksak pog‘onaga ko‘tarish, xalqimizning intellektual darajasini rivojlantirish alohida ahamiyatga ega.

Zotan, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2017-yil madaniyat va san’at sohasi rahbarlari bilan uchrashuvda shunday ta’kidlagan edi: «Bir haqiqatni hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz kerak: mamlakatimizda madaniyat va san’at taraqqiy etmasa, jamiyat rivojlanmaydi. Xalqimizning rivojlanish darajasi, avvalo, milliy madaniyatimizga qarab baholanadi. Shu ma’noda, madaniyat - bu xalqimiz, jamiyatimiz qiyofasidir. Biz O‘zbekistonning yangi qiyofasini yaratishga kirishgan ekanmiz, buni, avvalo, milliy madaniyatimizni rivojlantirishimizdan boshlashimiz lozim».

Anglaganingizdek, milliy madaniyatimizni rivojlantirish davlat siyostida doim kun tartibida bo‘lib kelmoqda. Endi bu borada Samarqand konsepsiyasini yaratish, uni amalga oshirish vazifasi qo‘yilmoqda. Demak, endi jamoatchilik, xususan, ziyolilar uyushib, jon koyitib, madaniyatning barcha yo‘nalishlari — moddiy va nomoddiy madaniy meros, muzeylar, teatr va kino, milliy musiqa, estrada, tasviriy va amaliy san’atlar, madaniyat va istirohat bog‘lari hamda madaniyat markazlari sohalarida o‘zgarishlar qilish, natijaga erishish kerak.

Bu borada dastlab ayrim faollarning fikrlar bilan bo‘lishsak.

- Bir paytlar musiqa bilim yurtida o‘qish jarayoni 4 yil edi, - deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Erkin Qaytarov. – Ta’lim dasturida musiqiy fanlar ustuvor edi. Shuning uchun to‘laqonli mutaxassislar yetishib chiqardi. Konservatoriyada 5 yil o‘qitilardi.

O‘sha dasturni imkon qadar qaytarish kerak. Bu eski mustabid tuzumni qaytarish degani emas. Yaxshi mutaxassis tayyorlash vaqtni talab qiladi. San’atkor tayyorlashni g‘isht teruvchi tayyorlash bilan tenglashtirish kerak emas.

Hatto institutlar musiqa fakultetlaridagi talabalarga trigonometriya, biologiya, jismoniy tarbiya, tarix, psixologiya va yana bir necha fanlar mutaxassislik fanlaridan ustun qo‘yilgan. Imtihon davrida umumta’lim fani domlalari talabalarni mutaxassislik fanlaridan bo‘ladigan imtihonlarga yubormay qo‘ygan holatlar kuzatilmoqda. O‘ylanib qolasan, o‘qishni tamomlagan yigit-qizlar bu fanlardan dars bermaydiku!

Aytmoqchi – bo‘lganim, eng avvalo, oliy o‘quv yurtlarining san’atga oid fakultetlarida mutaxassis tayyolashning bugungi ahvoli chuqur tahlil qilinib, to‘g‘ri yechim topilishi shart.

Samarqand azaldan ilm-fan bilan birga musiqa, cholg‘u va xonandalik rivojlangan ulug‘ maskan. O‘sha davrdagi holatni tiklash, musiqa va san’atni qayta targ‘ib qilib, yetuk mutaxassislar chiqishi uchun maqom instituti yoki Madaniyat institutining Samarqand filialini ochish kerak.

1923-1929-yillari faoliyat ko‘rsatgan musiqa va xoreografiya oliygohi haqidagi  hujjatlar ham viloyat arxivida saqlanib qolmagan. Shu tufayli maqom san’atining dunyo yuzini ko‘rishiga xizmat qilgan Samarqand san’ati tarixi mavhum bo‘lib qolgan. Hoji Abdulaziz Abdurasulov, buxorolik ko‘pgina yetuk xonanda va sozandalar, Doni Zokirov, Tolibjon Sodiqov, Sayfi Jalil, Nabijon Hasanov, xorazmlik ustoz san’atkorlardan ko‘pchiligi o‘sha davrda shu o‘quv dargohida ta’lim olib, keyinchalik shu dargohda ishlab, milliy san’at nufuzini ko‘tarishga hissa qo‘shishgan.

Mavjud ta’lim maskanlarida tajribali ustozlar ishtirokida mahorat darslarini ko‘paytirish ahamiyatli. Ustoz-shogird an’analarini puxtaroq o‘ylab, davom ettirish lozim.

Viloyat televideniyasida mumtoz san’atning xalqimiz orasida nufuzini oshirish uchun yetuk, ha, aynan yetuk ustozlar ishtirokida jonli ko‘rsatuvlar, muntazam dasturlar tashkil etish kerak. Bu jarayonda to‘y san’atkorlaridan voz kechish muhim va zarur. «Yaxshi aytadi, baqirib aytadi, falonchini ashulasini zo‘r aytadi», deb ularni efirga chiqarmaslik, bo‘lar-bo‘lmas san’at korchalonlaridan voz kechish kerak. Buning uchun haqiqiy bilimdon mutaxassislarga, iqtidorlarga tayanish kerak.

Umuman, shoirlar va san’atkorlar hamkorligidagi ko‘rsatuvlarni tayyorlab, efirga berish faqatgina madaniyat rivojiga xizmat qiladi. Qani endi televideniyada shoir, bastakor, xonanda va san’atkorlar ishtirokida doimiy ko‘rsatuvlar qilinsa.

Bundan tashqari, kollej va oliy o‘quv yurtlari talabalarini faqat sinfga qamab o‘tirmasdan, maktablar, oliygohlar, mahallalardagi omma orasida o‘quv konsertlarini tashkil etib, maqom, mumtoz san’atni xalq ichida keng targ‘ib qilish mumkin. O‘z navbatida amaliy konsertlar talabalarning haqiqiy mutaxassis bo‘lib yetishishlari uchun turtki bo‘lib xizmat qiladi.

- Madaniyat muassasalari har chorakda kamida ikkita mahallada hisobot berishi kerak, menimcha, - deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev. - Bunda o‘rganilgan yangi kuy, yaratilgan yangi qo‘shiq, raqs, monolog ijro etiladi. Ayrimlarini yig‘ilganlar bilan birga ijro etish kerak. Namunali oila, fidoyi odamlarga bag‘ishlovlar tashkil qilish ham mumkin.

Buni madaniyat muassasasi xodimlari mahalla beshligi bilan tashkil qilsa bo‘ladi. Uchrashuv, muloqot tarzidagi bu tadbirlar havaskorlarni ham ijroga o‘rgatadi. Bu o‘z navbatida ixcham tanlovlar, viktorina uyushtirishga ham yo‘l ochadi.

Takliflarni aytyapmizku, ammo u amalga osharmikan, degan hadik bor. Chunki ijroga qolganda odam topilmaydi. Shu bois menimcha, korxona va tashkilotlarda «Hurmat taxtasi» yoki «Bizning fidoyilar» pannosini tashkil qilish kerak. Toki, yaxshi ishlayotgan, faollik bilan mehnat qilayotganlarni nafaqat jamoa, bu yerga kelganlar ham bilsin. Bundan o‘sha xodim rag‘bat oladi. Hech bo‘lmaganda, jamoada professionallar tanlovini o‘tkazish mumkin. Chunki kasbiy madaniyat ma’ruza bilan singdirilmaydi.

Darvoqe, yirik korxona, tashkilotlarda xorijdagi kabi soha tarixi muzeylari yoki burchaklarini yaratish kerak. Yangi ishga kirgan xodim yoki sohaga qiziqqan kishi bu yerda tizim tarixi va buguni haqida aniq tasavvur va tushunchaga ega bo‘ladi.

Umuman, madaniyat rivojida «Samarqand tajribasi» haqida gap ketganda, uni teatrsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shu bois mavjud teatrlarda kamida ikkita ijodiy guruh tuzish kerak. Bunda o‘zaro sog‘lom raqobat muhiti paydo bo‘ladi.

Bugungi voqelikdan kelib chiqib, ijtimoiy tarmoqda «Bir aktyor teatri» janrini rivojlantirish kerak, deb o‘ylayman. Bu orqali aholidan, ziyolilardan taklif, buyurtma olish mexanizmini ham yaratish mumkin. Natijada jamoatchilik istaydigan sahna asarlari yaratiladi.

Musiqa maktablari bo‘yicha ham shunga o‘xshash yangilik qilish zarurati bor. Ular nega haftaning besh kunida ixtisoslashtirilgan tomoshalar uyushtirishmaydi? Masalan, dushanba maqom kechasi, seshanba raqs kechasi, chorshanba milliy qo‘shiqlar va hokazo. Bu tadbirlarga ota-onalar, mahalla faollarini taklif etish kerak. Tinglovchi o‘rganadi, yonidagilarni ham olib keladi. Bundan esa har ikki tomon ham yutadi.

Fikrimcha, madaniyat birinchi navbatda istirohat bog‘larida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shu sabab avvalo, bog‘larda o‘tirg‘ichlarni ko‘paytirish kerak. Selfilar uchun suratga tushadigan joylarni uyushtirish kerak. Chet elda shunaqa.

Istirohat bog‘lari yaqinida oshxonalar bo‘lmasligi kerak. Ayniqsa, spirtli ichimliklarni butunlay ta’qiqlash zarur. Shaxmat, shashka, tennis o‘ynaydigan, bitta asbobda musiqa chalib turadigan joylar ochish kerak.

- Odamlarning farovonligi oshib, muhtojligi kamaymoqda va mos ravishda oqibat ham susayib bormoqda, nazarimda, - deydi Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori, iqtisodiyot fanlari doktori Mamayunus Pardayev. - Shu tufayli har bir hududda madaniyat va ma’naviyat maskanlari barpo qilinishi kerak. Bunda uzluksiz ravishda tarbiyaviy ahamiyatga molik tadbirlar o‘tkazib borilishi lozim.

Vazirlar Mahkamasining farmoyishi bilan O‘zbekistonda adabiyot, madaniyat, san’at, ilm-fan sohasi yetuk namoyandalarining tavallud sanalarini keng miqyosda nishonlash belgilangan. Savol tug‘iladi, nega shu ishni Samarqandda o‘tkazish mumkin emas? Nima, ko‘hna kentimizda ko‘zga ko‘ringan ziyolilar, o‘z sohasining yetuk vakillari chiqmaganmi?

Ularning bugun oramizda bo‘lganlari bilan uchrashuvlar, tarbiyaviy ahamiyatga molik kino va teatrlarni namoyish qilish, kitobxonlikni yo‘lga qo‘yish va bitta kitobni ommaviy muhokama qilib, uning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratish tadbirlarini o‘tkazib borish kerak, deb o‘ylayman.

Bu ishni mahalliy hokimliklar, madaniyat boshqarmasi bilan mahallalarda, ta’lim maskanlari, korxona va tashkilotlarda tashkil qilsa bo‘ladi.

Ayni masala kasb madaniyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz. Bu yo‘nalishda har bir kasb sohibi birinchi o‘ringa o‘zini emas, unga ishi tushib turganlarni qo‘yishi kerak. Uning talabini qondiradigan ko‘nikmaga ega bo‘lishi lozim. Qolaversa, har bir kasb bo‘yicha madaniyat nizomi ishlab chiqilishi kerak. Unda albatta, iste’molchiga ustuvorlik berilishi shart. O‘z navbatida kasbiy madaniyatga amal qilishni nazorat qilish, muayyan vaqt oralig‘ida faol va ibratlilarni rag‘batlantirib borish ham muhim.

Ko‘p yillik tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkin: har qanday kasb egasi xiyonat va jinoyat bu dunyoda qonun oldida, u dunyoda Alloh oldida javobgarlikka sabab bo‘lishini qalban his qilishi kerak. Bunga erishish uchun korxona va tashkilotlarda muayyan vaqt oralig‘ida tarbiyaviy tadbirlarni tashkil qilish mumkin.

Darvoqe, teatr san’ati haqida gap ketganda, u endi yo‘qoladi, deyilgan gap-so‘zlar bolalab qolgandi. Lekin ko‘rdikki, tarbiyaviy ahamiyati, jamiyatga ta’siri o‘laroq u bardavom. Demak, “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” mavzusiga yaqin bo‘lgan tarbiyaviy ahamiyatga molik spektakllarni ko‘paytirish lozim. Shu yo‘nalishdagi turli ijodkorlarni birlashtirish maqsadga muvofiq.

Bu ishda albatta, madaniyat boshqarmasi mas’ullari, teatr jamoasi va boshqa tegishli tashkilotlarning faolligi talab etiladi.

Rost, madaniyat sohasi vakillari yenging shimarib ishlashlariga to‘g‘ri keladi. Misol uchun, nomoddiy madaniy meros - baxshichilik, xalq og‘zaki ijodining boshqa yo‘nalishlarini tiklash va ularni sayyohlarga namoyish qilishni yo‘lga qo‘yish kerak. Bu bir tomondan, turizm rivojiga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, ijodiy jamoalarni o‘z ustida ishlashlari, izlanishlari uchun turtki bo‘lardi.

Bolalar musiqa va san’at maktablari, kuy-qo‘shiq ijrochilari bo‘yicha o‘rin takliflar bildirildi. Bunga qo‘shimcha sifatida aytish mumkinki, nomoddiy madaniy meros bo‘yicha, shu jumladan, raqs san’ati bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash e’tibordan chetda qolayotgandek, nazarimda.

- Inson hayotining barcha sohalari – iqtisod, siyosat, qishloq xo‘jaligi, qurilish yoki ta’lim sohasi bo‘lsin, ularning barchasi milliy madaniyat komilligiga tayanadi, - deydi Samarqand davlat universiteti professori Suyun Karimov. -  Teatr san’ati esa asrlar davomida insonlarni tarbiyalovchi, ma’naviyatini shakllantiruvchi qudratli vosita hisoblanib kelgan. Shu sababli sahna san’ati mavqeini yanada oshirish, moddiy-texnik bazasini zamon talablari darajasida takomillashtirish, zamonaviy binolarni qurib foydalanishga topshirish bo‘yicha davlatimiz va hukumatimiz tomonidan juda katta ishlar amalga oshirilmoqda.

Bir qarashda sohada muammo yo‘qdek. Lekin katta teatr bo‘lgani bilan zamonga mos pesalar bormi, degan savol tug‘iladi. Samarqandning o‘zida qancha dramaturg bor? Yozuvchilar uyushmasining viloyat bo‘limi shu haqda bosh qotirishi, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda havaskorlar o‘rtasida tanlovlar tashkil qilishi kerak emasmi?

Bu ish ham bo‘ldi, deylik. Spektaklga tomoshabin kelishini kutishi shartmi? Nega mass-mediada yangi sahnalashtirilgan yoki sahnaga chiqarilayotgan asar haqida bir jumlaga guvoh bo‘lmaymiz? Axir ayni zamonda reklamasiz, targ‘ibotsiz ishlash mumkinmi?

Bugungi kunda teatr nimasi bilandir jamoatchilikni jalb qila olyaptimi? U berayotgan ma’naviy ozuqa nimalardan iborat?

Madaniyatni rivojlantirishda «Samarqand tajribasi» bo‘lishi kerak, deyapmiz. Nazarimda, bunga erishish uchun yuqoridagi savollarga javob topish kerak.

Aslini olganda, hayotda madaniyat va san’at sohasi daxldor bo‘lmagan kasb yoki mutaxassislikni topish qiyin. Quruvchi madaniyatli bo‘lsa, o‘z ishini san’atkorona bajaradi. Ustoz komillikka erishgan bo‘lsa, shogirdlarini ma’naviyatning yuksak cho‘qqilariga boshlaydi.

Shu bois har bir kasb etikasi, madaniyati bo‘yicha doimiy ish stoli ustida turadigan va cho‘ntakka solib yurish mumkin bo‘lgan hajmdagi kichik qo‘llanmalar yaratish kerak. Bu qo‘llanmalarning har bir kasb egasi qo‘liga yetib borishini va har yili nashr etilishini yo‘lga qo‘yish zarur. Xodimlarni belgilangan muddatlarda, ayniqsa, attestatsiyadan o‘tkazishda shu qo‘llanma asosida imtihon qilish ham foydadan xoli bo‘lmaydi.

Aslida bu tajriba rivojlangan xorij davlatlarida qo‘llanib kelinadi. Biz nimagadir bu ishga mayda masala sifatida qarashdan voz kecholmayapmiz.

- Bugun biz Uchinchi Renessansni oldimizga katta maqsad qilib qo‘ydik, - deydi Samarqand davlat universiteti professori Farhod Nabiyev. - Bu boradagi islohotlarda madaniyat va san’at sohasi xodimlari eng old safda bo‘lishi kerak. To‘g‘rirog‘i, birinchi galda biz, o‘zimiz bu maqsad mohiyatini chuqur anglab olishimiz kerak. Fuqarolarimizda ham jamiyat rivojida, Uyg‘onish davrida mening ham hissam bo‘lishi kerak, degan fikrni shakllantira olsak, rejalarimiz, intilishlarimiz yanada tez va yuqori samara bera boshlaydi.

Shu bois avvalo, o‘zimizga savol berishni o‘rganishimiz kerak. Biz nimani istayapmiz o‘zi? Bizga milliylik, o‘zlikni anglash kerak bo‘lmasa, nima kerak? Nima bizni asrab qoladi? Faqat moddiyat bilan ehtiyojlar qondirilmasligini, aksincha, jamiyatimiz madaniyati mening, oilamning, jamoam va mahallamning madaniyati, ma’naviyat va ma’rifatidan tashkil topganini anglayapmizmi?

Shu nuqtai nazardan madaniyatga daxl qilish o‘zimizga — yoshlarimiz kelajagiga dushmanlik ekanligini tushunib olishimiz shart. Moddiyat ortidan yugurib, ma’naviyatni, madaniyatni qurbon qilmasligimiz shart!

“Oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi. Globalizm degan narsa bor. To‘g‘ri, Yevropada ham Amerika filmlariga qarshi kurashamiz, deb kinoteatrlarda faqat o‘zining milliy kinolarini ko‘rsatadi. Bizda ham o‘zimizning zamonaviy san’atimiz kuchli rivojlanishi kerak. Kinolarimiz haqiqiy san’at asari darajasiga ko‘tarilishi kerak, shunda kurashish mumkin. Ta’qiqlash – bu kurash emas”.

Xulosa qilishga arziydigan bu intervyu taniqli ijodkor tomonidan BBC telekanaliga berilgan. Siz esa shoshilmang. Chunki shu o‘rinda yaqinda bir tanishimning kuyinib aytganlarini keltirishni lozim topdim. “Qaysi lapar yoki boshqa milliy qadriyatimizni ijtimoiy tarmoqda TOP bo‘lganini ko‘rgansiz? Ana vayn qiladiganlar xorijliklar ham ko‘rishi mumkin bo‘lgan turli san’at asarlarimizni, kerak bo‘lsa, muzeylarimiz va milliy an’analarimizdan kichik formatdagi videolar qilishsin. Qayerdagi betayin narsalarnimas, shunaqa ish qilib, ham savob, ham olqish olsin”.

Rost, eng katta muammo — milliy madaniyatimiz zamonaviy mediamakonda munosib o‘rin egallamaganida. Mutasaddilar axborot-kommunikatsiya texnologiyalari to‘liq joriy etilmagani sabab sohani xalqaro madaniy jarayonlarga integratsiya qilinmayapti, deydi. Biroq izlagan imkon topadi. Yuqorida tanishim aytgandek, qilish uchun bitta qo‘l telefoni yetarli. Bu orqali milliy ijodiy mahsulotlarni eksport qilish tizimini yaratish mumkin.

Xullas, biz bilganimizcha qog‘oz qoraladik. Xo‘sh, aytilganlardan nima xulosa qilamiz, aniqrog‘i, kim xulosa chiqaradi?

Yo.MARQAYeV.