Madaniyat vaziri jurnalistlarga ma’lumot berdi

Samarqand shahrida “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivali matbuot markazi tomonidan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri B.Sayfullayev bu yil o‘n ikkinchi marta o‘tkazilayotgan festivalning kecha o‘tkazilgan tantanali ochilish marosimi, ishtirokchilar va ularning tanlovda qatnashishi, tadbir doirasidagi madaniy dasturlar haqida ma’lumot berdi.

 – Bugungi kunda “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali dunyo miqyosidagi nufuzli san’at anjumaniga aylandi, – dedi B.Sayfullayev. – Bu yilgi festivalimizda 75 davlatdan 340 nafar vakil ishtirok etmoqda. Jumladan, kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tkazilgan festivalning tantanali ochilish marosimida musiqa va san’at ahli bilan birga ko‘plab xalqaro tashkilotlar rahbarlari, o‘ndan ortiq xorijiy davlatlar madaniyat vazirlari, shaharlar merlari, senator va deputatlar qatnashdi. Anjumanning nufuzli mehmonlari qatorida YuNESKO Bosh direktori Odri Azule xonimning marosimda qatashishi va ishtirokchilarni tabriklashi ham festivalning ahamiyati qanchalik yuksak ekanligidan dalolat beradi.

Festival tanlov dasturlarida esa 32 davlatdan musiqiy jamoa, xonanda va sozandalar qatnashadi. Ular orasida Argentina, Myanma davlatlari va Fuji orollari vakillari “Sharq taronalari”da ilk bor ishtirok etmoqda. Bugun kech soat 19.00 dan Registon maydonidagi asosiy sahnada tanlov jarayonlari boshlanadi. Jamoalarning chiqishlari Samarqand viloyati teleradiokompaniyasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatiladi. Shuningdek, Samarqand shahridagi ko‘chalarda o‘rnatilgan katta monitorlarda namoyish etiladi.

Tanlov ishtirokchilarining chiqishlari bu yil ikki yo‘nalish – professional tarzdagi xalq musiqa va qo‘shiqlari hamda an’anaviy yo‘lda ijod qilingan zamonaviy musiqa yoki qo‘shiq yo‘nalishlarida baholanadi. Ularni yetti nafar xalqaro hakamlar hay’ati baholab boradi. Hay’at tarkibida O‘zbekistondan taniqli bastakor Oydin Abdullayeva ham bor.

Bu yil festival Gran-Pri sohibiga 10 ming AQSh dollari miqdorida pul mukofoti beriladi. Ikkita birinchi o‘rin egalari 5 ming dollardan, ikkita ikkinchi o‘rinni egallaganlar 3,5 ming va uchta uchinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan ishtirokchilar 2 ming dollardan mukofotni qo‘lga kiritadi. Shuningdek, “Eng yosh ishtirokchi”, “Muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan eng yaxshi ishtirokchi”, “Eng yaxshi cholg‘u musiqasi ijrochisi” kabi nominatsiyalarda ham g‘oliblar maxsus diplom hamda 500 AQSh dollari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Festival ishtirokchilari tanlov dasturidan boshqa vaqtlarda Samarqand shahrida hamda Oqdaryo, Samarqand, Pastdarg‘om, Toyloq, Urgut va Jomboy tumanlaridagi istirohat bog‘lari, madaniyat muassasalarida ijodiy uchrashuvlar, konsertlarda qatnashadi.

30 avgust kuni kechki payt Registon maydonida festival g‘oliblarini taqdirlash marosimi va gala konsert uyushtiriladi.

Festival jarayonlarini mahalliy ommaviy axborot vositalari bilan birga 20 xorijiy davlatdan kelgan jurnalistlar ham keng yoritmoqda.

Matbuot anjumani davomida B.Sayfullayev va festivalga mas’ul boshqa shaxslar jurnalistlarning qiziqtirgan savollariga batafsil javob berdi.